19:40 / 12.06.2019
65128

Dunyoning eng xavfsiz va eng xavfli davlatlari ma'lum qilindi. O‘zbekiston 102-o‘rinda 

Foto: AP Photo / Rahmat Gul

Tinchliksevar davlatlar reytingiga (Global Peace Index) ko‘ra, Islandiya dunyoning eng xavfsiz davlati bo‘lib qolmoqda, Afg‘oniston esa 2018 yilda dunyoning eng xavfli davlati bo‘ldi. Afg‘oniston bu borada avvalgi reytingda eng xavfli davlat deb topilgan Suriya o‘rnini egalladi. Suriya esa bir o‘ringa ko‘tarilib, oxirgidan bitta oldingi 162-o‘rinni egallagan.    

“Suriya, Afg‘oniston va Markaziy Afrika Respublikasida 2018 yilda zo‘ravonlik katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keldi: mos ravishda YaIMning 67, 47 va 42 foizi”, deb aytilgan dokladda. 

Eng xavfsiz davlatlar yuqori o‘ntaligiga Islandiyadan tashqari, Yangi Zelandiya, Portugaliya, Avstriya, Daniya, Kanada, Singapur, Sloveniya, Yaponiya va Chexiya kirgan.

Reytingning eng quyi o‘rinlarini Rossiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Liviya, Markaziy Afrika Respublikasi, Somali, Iroq, Yaman, Janubiy Sudan, Suriya va Afg‘oniston egallagan.

O‘zbekiston reytingning 102-o‘rnidan joy olib, avvalgi reytingga nisbatan 2 o‘rin yuqorilagan. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston 64-o‘rin, Qirg‘iziston 95-o‘rin, Tojikiston 105-o‘rin, Turkmaniston 115-o‘rin egallagan.  

Rossiya va Yevrosiyo mintaqasi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada tinchliksevarlik darajasi eng yuqorilagani qayd qilingan.

“Bu mintaqalarda Ukraina va Suriyadagi zo‘ravonlikning pasayishi hisobiga ixtiloflar oqibatida o‘limlar soni kamaygan”, deb aytilgan dokladda.

Global Peace Index Iqtisodiyot va tinchlik instituti (IEP) xalqaro ekspertlar guruhi sotsiologlari va iqtisodchilari tomonidan ishlab chiqilgan indeks bo‘lib, reyting 2007 yildan beri tuzib kelinadi.

Top