8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

08:50 / 12.06.2019 23856

Farzandingizni litseydan maktabga qaytarishingiz kerakmi? Sarguzashtlarga tayyor turing

Hozirgi kunda ota-onalar uchun bir muncha dolzarblik kasb etgan jarayon haqida yozmoqchiman. Boshdan o‘tkazgan tabib deyishadi. Shu yozilganlar sabab jarayon haqida rasmiy ma'lumotlar paydo bo‘lsa, boshqa ota-onalarga oson bo‘lar deb o‘yladim. Gap o‘qishni akademik litsey yoki kasb-hunar kollejidan o‘rta umumta'lim maktabiga ko‘chirish jarayoni haqida.

Ma'lum sabablarga ko‘ra, men ham o‘g‘limni akademik litseydan o‘zi o‘qigan maktabga qaytarmoqchi bo‘ldim. O‘quv yili tugashini kutdim. O‘g‘lim barcha imtihonlarni topshirib bo‘lgach harakatni boshladim. Avvalo, o‘zi o‘qigan maktabi sobiq o‘quvchisini qabul qila oladimi-yo‘qmi, shunga qiziqdim. Xudoga shukr, maktabda bunday imkoniyat bor ekan. Direktor bilan ko‘chirishning rasmiy jarayoni haqida suhbatlashdim. Shu paytgacha qaytgan o‘quvchilar tuman voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha maxsus komissiyasi qarorlari bilan kelganliklarini bildirgan direktor, boshqacha jarayon haqida aniq instruksiyalar yo‘qligini aytdi. Men akademik litseyga borib aniqlashtirmoqchi bo‘ldim. Direktor bu jarayon Vazirlar Mahkamasining 212-sonli qarori asosida amalga oshirilishini aytib, kadrlar inspektoriga ariza yozib, qabul qiluvchi maktabdan maxsus talon olib kelishim kifoyaligi, maktab voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi maxsus komissiyaga axborot jo‘natishini bildirdi. Xursand bo‘lgancha arizani qoldirib maktabga uchradik. Maktab direktori tuman XTBsidan maxsus ma'lumotnomasiz o‘sha zormanda talonni berolmasligini aytib, TXTBga uchrashimiz kerakligini uqtirdi. Vaqt topib TXTBga ham bordik. Bu masala bo‘yicha TXTB mudir o‘rinbosari shug‘ullanar ekan. U kishi menga ota-onaning pasport nusxalari, o‘quvchining pasport nusxasi yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, akademik litseyning «zachyotka»sidan nusxani olib kelib ariza qoldirishni so‘radi. Bu hujjatlar nima uchun, TXTBning bu jarayonga aralashishiga qanday asos bor, maktabning o‘zi bunday masalani nega hal qila olmaydi degan qator savollarimga mantiqli javob ololmadim. Mudir o‘rinbosarining «o‘quvchi kollej yoki litseyda o‘qimay yurgan bo‘lsa-chi?» degan gumonlariga yuqorida aytilgan hujjat nusxalari da'vo bo‘ladi shekilli, deb o‘ylab qoldim. To‘g‘rida, farzandi kollejda yoki akademik litseyda yolchitib o‘qimagan ota-ona voyaga yetmaganlar bo‘yicha maxsus komissiyaga borib ancha gap eshitguncha nusxalarni «o‘xshatib» qo‘yishga botinolmaydi. Aslini so‘rashmasa nima qilibdi? Agar shunday aldash mumkin bo‘lsa, amaldorning so‘ragan hujjatlarida ma'no qolmaydi-da.

«Sizlar haliyam eskicha ishlashdan voz kechmayapsizlar, mana shunday ish uslubi tufayli tepada (vazirlikda) qandayin jon kuydirishmasin ish oldinga yurmaydi», degan achchiqnamo gaplarni gapirganimni ham aytib o‘tishim kerak. Shu o‘rinda XTB, TXTBlarning ta'lim tizimidagi o‘rni haqida yana bir o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu tashkilotlar ta'limni markazlashtirgan holda boshqarish funksiyasini bajaradi. Bu degani ilg‘or o‘qitish uslublari bilan ta'minlash, maktablarning moddiy ta'minotlarini bir tekis moliyalashtirish vazifalari ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishini anglatadi. Hozir esa maktablarning har qanday hujjat ishini zarurat bo‘lsa, bo‘lmasa o‘zi orqali o‘tkazib, shu yo‘l bilan direktorlarni «bog‘lab» olmayotganmikan? Hozir nisbatan kamaygan, lekin uchrab turadigan turli majburlovlar mana shunday «bog‘liqlik» natijasida yuz bermayaptimikan?

Men vaqtida vazirlikka «nega haliyam viloyat, tumanlardagi eskicha ishlayotgan kadrlarni yangilashni boshlamadinglar? Yangicha yuritayotgan siyosatlaringni sekinlatayotgan aynan shu kadrlar-ku» degan ma'noda murojaat qilgandim. Vazirlikdan bu ishlar rejali asosda ketayotgani haqida javob kelgandi. Menimcha, bu jarayon hali uzoqqa cho‘ziladiganga o‘xshaydi.

Maqola yozilishiga sabab bo‘lgan muammoni hal qilishning yo‘li oson. Vazirlik yuqorida aytilgan jarayon uchun aniq instruksiyani OAV orqali ochiqlashi kerak. Qisqa, lo‘nda bunday ma'lumot minglab ota-onalarning yumushini yengillatardi. Ta'lim tizimidagi amaldorlar rasmiy hujjatga o‘rganishgan, shuning uchun OAVda quruq chiqish yaramaydi, tegishli buyruq chiqarib qo‘yilmasa bu chiqish befoyda bo‘lish ehtimoliyam bor.

Ungacha ota-onalarga quyidagi ishlarni amalga oshirishni tavsiya qilib turamiz:

1) Farzandingizni qaytarmoqchi bo‘lgan maktabga borib, o‘quvchini qabul qilish imkoniyatlari haqida surishtiring, agar bunday imkoniyat bo‘lsa, ikkinchi qadamni tashlang.

2) Farzandingiz o‘qiydigan akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji rahbariyatiga uchrashing. Agar farzandingiz o‘quv yilini muvaffaqiyatli tugatgan bo‘lsa, rahbar nomiga farzandingizni boshqa ta'lim muassasasiga ko‘chirish sabablarini ochiqlab ariza yozasiz. Farzandingiz mazkur o‘quv yilini muvaffaqiyatli tugatgani haqidagi ma'lumotnomani olasiz. Bu ma'lumotnoma «zachyotka»ning nusxasi bo‘ladi.

3) Maktab qarashli bo‘lgan tuman xalq ta'lim boshqarmasiga o‘quvchi ota-onasining, o‘quvchining pasport nusxalari va haligi «zachyotka» nusxasini olib borasiz va tegishli ariza yozib qoldirasiz. Keyin TXTB tegishli maktab uchun qandaydir ma'lumotnoma beradi.

4) TXTBdan olgan ma'lumotnomani olib maktabga borasiz, maktab sizga hujjatlarning originalini olish uchun maxsus talon beradi. Bu talonni olib endi farzandingiz o‘qigan litsey yoki kollejga qaytasiz. U yerdan talonni berib original hujjatlarni olishdan oldin sizdan farzandingiz to‘ldirgan «obxodnoy list»ni so‘rashadi. Bu uning sinf rahbarida bo‘lishi kerak, shuni kadrlar bo‘limiga olib borib berasiz.

5) Hujjatlarni olgach maktabga qaytib borib topshirasiz. Direktor kerakli buyruqni chiqarib ko‘chishga rasmiy nuqta qo‘yadi.

Mabodo, siz farzandingiz emas, nabirangiz uchun yugurayotgan bo‘lsangiz, TXTBdan ota-onaning o‘zi kelsin degan talabni qo‘yishlariyam mumkin.

Bu jarayon ikkala ta'lim muassasasi bir shaharda joylashgan bo‘lsaku, hartugul eplasangiz bo‘ladi, lekin turli shaharlarda, tumanlarda, viloyatlarda joylashgan bo‘lsa sizga sabr-toqat tilaymiz.

Erkinjon Karimov

Top