8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

18:19 / 12.06.2019 1854

Ikki yuz nafarga yaqin ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibotchilarga guvohnomalar topshirildi

Kecha, 11 iyun kuni Toshkentdagi «Yoshlar ijod saroyi»da «Ma'rifat» targ‘ibotchilar jamiyatining respublika targ‘ibotchi a'zolariga ko‘krak nishoni va a'zolik guvohnomasini topshirish marosimi hamda qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumini imzolash tadbiri o‘tkazildi.

Unda jumladan, vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlari, shuningdek, boshqa sohalarda mehnat qilayotgan jami 197 nafar kishiga jamiyatning a'zolik guvohnomasi va ko‘krak nishonlari topshirildi.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, a'zolik guvohnomalari qabul qilib olgan turli tashkilot vakillari endilikda, respublikaning turli nuqtalarida tashkil qilinadigan ma'naviy-ma'rifiy va targ‘ibot tadbirlarida targ‘ibotchi sifatida ishtirok etadi.

- «Mazkur targ‘ibot guruhi a'zolarining bosh vazifasi O‘zbekistonda turli sohalarda ro‘y berayotgan jarayon, islohotlarni keng omma vakillari, xususan, yoshlar qatlamiga yetkazish, fuqarolarda daxldorlik hissini tarbiyalashdan iborat.
Targ‘ibot guruhi a'zolari safiga a'zo qilib olingan kishilarning barchasi ana shu islohotlarni chuqur his qilgan, jamiyat orasida obro‘ va hurmatga ega, kuchli bilim va salohiyat egasi bo‘lgan xodimlar hisoblanadi», deydi «Ma'rifat» targ‘ibotchilar jamiyati rahbari  Baxtiyor Husanov.

Ma'lumot uchun, «Ma'rifat» targ‘ibotchilar jamiyati O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi qoshida tashkil etilgan.

Jamiyatning vazifasi respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy islohotlar, shuningdek, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlari mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamiga yetkazish hisoblanadi.

Top