23:08 / 14.06.2019
9401

Hindiston Pompeo tashrifi arafasida AQSh mahsulotlariga boj to‘lovlari kiritmoqchi

Hindiston hukumati AQShdan import qilinuvchi ba'zi tovarlarga import bojlari kiritadi. Ushbu qaror 16 iyunda, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning Nyu-Dehliga tashrifiga sanoqli kunlar qolganda kuchga kiradi. Ushbu chora AQSh prezidenti Donald Trampning Hindistonni savdo imtiyozlaridan mahrum etish qaroriga javob bo‘lishi mumkin, deb yozgan Wall Street Journal nashri. Biroq hind amaldorlari buni rad etmoqdalar. “Bu javob chora emas. Biz bir yil kutdik va shunchaki buni hozir qilishga qaror qildik”, deb aytgan shunday amaldorlardan biri.

AQSh va Hindiston o‘rtasidagi savdo aloqalari bir yil avval, Tramp ma'muriyati 2018 yil iyunda hind po‘lati va alyuminiysiga import bojlari kiritgandan keyin yomonlashgan. Bunga javoban Hindiston AQShning bir qator tovarlariga, jumladan grek yong‘og‘i, olma, bodom va dukkakli o‘simliklariga 120 foizgacha boj kiritilishini e'lon qilgan, biroq AQSh o‘z fikridan qaytishi umidida ushbu boj to‘lovlarini kiritishni keyinga qoldirgan.

Biroq Vashington iyunda o‘z savdo imtiyozlari dasturidan Hindistonning chiqishini e'lon qildi. Ushbu dastur ba'zi rivojlangan davlatlarga muayyan tovarlarni bojsiz sotish hisobiga yordam bergan.  Bu dastur ostiga AQShga eksport qilinuvchi hind tovarlarining 11 foizi tushgan, bu esa 6,3 mlrd dollarga teng. Endilikda hind tovarlari, jumladan ximikatlar, avtomobil butlovchi qismlari va idish-tovoqqa 7 foizgacha boj solinadi. Shu tariqa Tramp ma'muriyati Hindistonni o‘z bozorini AQSh kompaniyalari uchun ochiqroq qilishga majburlamoqchi.

Top