8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

21:23 / 15.06.2019 17570

Ikkinchi jahon urushi davrida bir-biridan ayrilgan amerikalik va fransiyalik sevishganlar 75 yildan so‘ng uchrashishdi

K.T.Robbins 1944 yilda Fransiyaning Bri shahrida 17 yoshli Jannin Pirson ismli qizni ilk bor ko‘rganida AQSh armiyasining 24 yoshli askari edi.

Robbins kiyimlarini yuvish uchun kir yuvuvchi qidirib yurganida qizning onasi uning kiyimlarini yuvib berishini aytadi.

Yigit va qiz bir-birlarini bir ko‘rishdayoq sevib qolishadi, ammo ikki oydan so‘ng Robbins Sharqiy frontdagi janglarda qatnashish uchun qishloqni tark etishiga to‘g‘ri keladi.

Urush tugaganidan so‘ng Jannin Robbins qaytib kelishiga umid qilib ingliz tilini o‘rgana boshlaydi.

Robbins esa urushdan so‘ng armiyada xizmat qilishni davom ettiradi va AQShga qaytadi.

U o‘sha yerda Lilian ismli qiz bilan turmush quradi. Ular 50 yil davomida Missisipidagi maishiy texnika magazinida ishlashadi. Ayol 2015 yilda 92 yoshida vafot etadi.

Jannin esa 1949 yilda turmushga chiqadi va besh farzandning onasiga aylanadi.

Robbins birinchi muhabbati haqida aslo unutmaydi va qizning hamda uning qishlog‘ining oq-qora suratini o‘nlab yillar davomida yonida saqlab keladi.

Fransiyalik jurnalistlar AQShdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari haqida reportaj tayyorlashgan vaqtda ham bu surat uning yonida edi.

Robbins jurnalistlarga qizning suratini ko‘rsatadi va o‘sha qishloqqa borish, qizning oilasini topish niyatida ekanligini aytadi.

U sevgilisi allaqachon bu dunyodan ko‘z yumgan bo‘lsa kerak deb taxmin qiladi va «Uni boshqa hech qachon ko‘rmayman», deydi.

Ammo jurnalistlar Janinni izlab topishga muvaffaq bo‘lishdi. U tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘idan 27 mil masofada joylashgan Montini-le-Metsdagi qariyalar uyida yashar ekan.  

Jurnalistlar Robbins va Pirson uchun qariyalar uyida uchrashuv uyushtirishdi.  

«Seni har doim sevganman. Sen hamisha qalbimda bo‘lgansan», - dedi Robbins Pirsonga ular uchrashishganida.

So‘ngra Robbins o‘nlab yillardan buyon yonida saqlab kelgan fotosuratni chiqardi va «Bu sensan» dedi.

Ayol uning bu muhabbatidan hayratini yashirolmadi.

Ular bir necha soat suhbatlashishdi va Robbins Normandiyadagi g‘alabaning 75 yillik tantanalarida qatnashish uchun jo‘nab ketdi.

Ular tez-tez uchrashib turishga kelishib olishdi.

Top