8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

11:27 / 16.06.2019 56877

Kitobda paydo bo‘lgan «suv ombori» taqdiri nima bo‘ldi?

Foto: KUN.UZ

Tabiiy ofat – ko‘chki, sel, toshqin, zilzila – bu ofatlarning nomining o‘ziyoq kishi qalbini qo‘rquvga soladi. Ular ortidan keladigan talofatlar odamlarga ham moddiy, ham ma'naviy xavf soladi.

Joriy yilning seryog‘in kunlarida O‘zbekistonning ayrim hududlarida, jumladan, Qashqadaryoning ayrim tumanlarida ana shunday tabiiy ofatlar kuzatildi. Ayniqsa viloyatning Kitob tumanida joylashgan qator tog‘oldi qishloqlariga jiddiy zarar yetdi. Aspiduxtor, Devonbola, Jovuz, Matmon va Shut qishloqlari aholisi ko‘chki oqibatida jiddiy xavotirga tushishdi.

2019 yilning 28 aprel kuni Kitob tumanidagi yuqorida nomlari keltirilgan qishloqlarni shahar bilan bog‘laydigan hududda ko‘chki sodir bo‘ladi. Oqibatda hududdan oqib o‘tuvchi Jinnidaryo yo‘li bekilib, atrofga suv toshadi. Suv ko‘tarilib, beshta qishloqni shahar bilan bog‘lovchi yo‘l suv bilan qoplanadi. Bu ham kamdek, yo‘l yoqasida o‘rnatilgan elektr simyog‘ochlari suvga g‘arq bo‘ladi. Qishloq aholisi chiroqsiz qoladi.

«O‘sha kuni va undan ikki-uch kunlar oldin (mazkur hududda kuchli yog‘ingarchiliklar 24 apreldan boshlangan) juda kuchli yomg‘ir yog‘di. Odamlar xavotirga tushib qoldi. Chunki biz tomonlarda kuchli shamol va jala tez-tez kuzatilsa-da, bu galgisi boshqacha, haqiqatda, kuchli edi.

O‘ylaganimizcha ham bor ekan. Ko‘chki bo‘ldi. Buni o‘zimizda «tog‘ ko‘pchidi» deydi. Bu hodisa kamdan-kam kuzatiladi, ammo bu qadar katta darajada emasdi. Shundan so‘ng, yo‘limiz yopilib qoldi, elektr tamoman o‘chdi», - deydi fuqarolardan biri Ostonov Shermardon.

Vaziyat haqiqatan ham o‘ta favqulodda holatga kelib qolgan edi.

Rasmiy ma'lumotlarda shunday deyiladi: «Olib borilgan kuzatuvlar natijasiga ko‘ra, Kitob tumani, «Ko‘xsor» MFYga qarashli Denovbola qishlog‘ining shahar markazi bilan bog‘lovchi yagona «Palandara – Jovuz – Devonbola» avtomobil yo‘lining 39-kilometrida Devonbola yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning chap tomonida Jinnidaryo o‘zanidan toshib chiqadi. Daryo o‘zani bo‘ylab ko‘chki massasi 4-6 metr qalinlikda 100 metr masofagacha oqib keladi.

Hozirda ko‘chki ta'sirida Devonbola qishlog‘ini shahar markazi bilan bog‘lovchi yagona avtomobil yo‘lining 50 metr qismini ko‘chki massasi batamom qoplab olgan va 200 metrdan ko‘p bo‘lgan qismi suv ostida qolgan. Bundan tashqari, Denovbola qishlog‘ini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi katta kuchlanishga ega bo‘lgan 7 dona tayanch stolbasi yaroqsiz holga kelib, elektr simlari ko‘chki massasi ostida qolgan».

Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida Kitob tumani hokimligi tomonidan 1 dona buldozer, 1 dona cho‘michli ekskavator, 1 dona bolg‘ali ekskavator muhandislik texnikalarini jalb etgan holda yo‘lning 200 metr qismidagi ko‘chki massasini olib tashlash, ta'mirlash hamda transport vositalari qatnovini yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shimcha aylanma yo‘l tashkil etish maqsadida zarur ishlar boshlab yuborilgan.

Kitob tumani hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi Fayzulla Sultonov bizga bu borada quyidagi ma'lumotlarni taqdim etdi: «Yuz bergan ko‘chkini bartaraf etish uchun shtab tashkil qilindi. Aholining elektr ta'minotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 23ta simyog‘och o‘rnatildi va 400 metr sim tortildi.

Odamlarga 88 xalta un, 1 tonna o‘simlik yog‘i, 2 tonna «solyarka», 100ta gaz ballon olib borib tarqatdik. Tuman tibbiyot birlashmasidan zarur mutaxassislar mazkur hududlarga yo‘naltirildi va ular aholiga xizmat ko‘rsatishdi. Ko‘chma dorixonalar tashkil etildi. Yo‘l yopilib qolgani bois, qishloqlardagi pensionerlarning mablag‘lari masalasi  kabi tashkiliy ishlar reja qilinib, o‘z vaqtida yetkazildi. Mazkur ko‘chki juda katta massa bilan mazkur hududga «oqib keldi». Tog‘lar suvga to‘yindi, buloqlar o‘z suvini qo‘yib yubordi. Ayni damda ko‘chkini olganimiz bilan, u yo‘lni yana yopadi. Chunki ko‘chkining tagi loyqa, uni daryo yuvyapti. Bu ko‘chkining ma'lum miqdorda massasini kamaytirib kelaveradi. Bu jarayon oylar davomida bo‘ladi. Daryo ko‘chkidagi massani tushirib olishi kerak».

«Biz buni kutmagandik. Gapni ko‘pirtirmayapman, ammo yo‘lni ochib berishadi deb sira o‘ylamagandik. Qishloqlarimizning asosiy daromadi kartoshka yetishtirish. Ayrimlar chorva bilan ham shug‘ullanadi. Ko‘chki xayriyatki, yerlarimizga emas, faqat yo‘limizga keldi», deydi fuqarolardan biri Hasan Hamidov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iyun va iyul oylarida hashar qilinadi. Faqat Jinnidaryo kelgan ko‘chkini yuvib ketishi kerak.

Ishlar olib borilayotgan bir vaqtda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev hududga tashrif buyurdi va sayyor qabul o‘tkazdi. Unda viloyat va tuman sektorlari, boshqarma va tashkilotlar, murojaatchi fuqarolar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirlar davomida aholi murojaatiga asosan arzonlashtirilgan narxdagi oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. Kam ta'minlangan oilalarga bepul un, yog‘ va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, ularning farzandlariga kiyim-kechak tarqatildi. O‘rganishlar doirasida bepul tibbiy ko‘rik ham tashkil etilib, Denovbola va Jovuz qishloqlari aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ayni kunlarda mazkur ishlarni yanada samarali tashkil etish, qishloqlarni shahar bilan bog‘lovchi yo‘lni qaytadan ochish uchun zarur ishlar qilinmoqda.

Bu ishlarni bajarilishi, hukumat va hokimiyatni o‘z aholisi, xalq manfaatini ko‘zlab chora-tadbirlar rejalashtirishi tabiiy. Muddao mana shunday ishlar davomiy bo‘lsin. Chunki bundan barchamiz yutamiz – xalq ham, hukumat ham.

Sarvar Anvar o‘g‘li

Top