20:08 / 17.06.2019
5385

Farg‘ona IIBda xodimlar uchun maxsus o‘quv-amaliy kurslari tashkil etildi

Farg‘ona viloyati ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi xodimlarini o‘qitish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv-amaliy kurslari tashkil etildi.

Mazkur o‘quv kurslarining dastlabki bosqichida viloyat ichki ishlar organlarining 80 nafar xodimi tahsil oldi. Ularga ma'naviy-ma'rifiy, maxsus-taktik, saf, o‘q otish tayyorgarligi, ommaviy qirg‘in qurollardan himoyalanish, harbiy topografiya, razvedka ishi, muhandislik, harbiy tibbiy tayyorgarlik, huquqiy madaniyat, muloqot psixologiyasi hamda zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanish fanlarini o‘z ichiga olgan jami 94 soatlik o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi.

Dars mashg‘ulotlarini harbiy sohaning malakali mutaxassislari, salohiyatli pedagog va huquqshunoslar o‘tkazishdi. Mashg‘ulotga jalb qilingan xodimlar esa ikki hafta davomida o‘zlarining ma'naviy-ma'rifiy, huquqiy va harbiy savodxonligini oshirib, jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajalarini yuksaltirdilar.

Shuningdek, o‘quv kurslari tinglovchilari olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llab, mudofaa vazirligi va milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishga ham salmoqli hissa qo‘shdilar.

O‘quv kursining dastlabki 80 nafar tinglovchilariga sertifikatlar topshirish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Rustam  Xatamov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Lutfullo Buzrukov, Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmatjon Mamatov, shuningdek, Farg‘ona viloyat hokimligi, viloyatdagi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Sertifikatlar topshirish jarayonida o‘quv mashg‘ulotlarida namunali ishtirok etgan hodimlarga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa nodir kitoblar tuhfa qilindi.

Top