8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

16:50 / 17.06.2019 69414

Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi 2,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirib yuborishda gumonlanmoqda - Bosh prokuratura

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun, 17 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev va jurnalistlar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

«2018 yilda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimida 67 nafar xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilgan, shundan 34 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va talon-toroj qilishda, 15 nafari firibgarlikda, 15 nafari poraxo‘rlikda ayblangan.

Misol sifatida Toshkent Farmatsevtika institutining sobiq rektori Ahmad Yunusxo‘jayev, prorektorlar Aliyev va Zayniddinov 2,5 milliard so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumonlanmoqda.

Yoki Milliy universitetda dekan Abdurahimov va o‘rinbosari Yusupov abituriyentni Ijtimoiy fanlar fakultetiga qo‘shimcha kvota asosida kiritib qo‘yish uchun 2000 dollar miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda», deya Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

A.N.Yunusxo‘jayev 2001 yildan 2016 yilgacha Toshkent farmatsevtika institutida rektor bo‘lib ishlagan. 2017 yildan 2018 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi bo‘lgan.

2018 yilning avgustida esa Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti xodimlari, Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Qodirjon Abdurahimov va uning muovini J. Yusupov pora olish vaqtida qo‘lga olingandi.

Tahririyat: Ushbu xabarga Toshkent farmatsevtika instituti xodimlarining tahririyatga yo‘llagan e'tirozidan kelib chiqib, ayrim tuzatishlar kiritildi.

Top