14:43 / 17.06.2019
14664

Farzandingiz mehringizga muhtoj bo‘lmasin: Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining 80 foizdan ortig‘ining ota-onasi bor 

Foto: Pinterest

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan "Mehribonlik uyi to‘g‘risida"gi Nizomning 2-bandiga ko‘ra, Mehribonlik uyi — yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun davlat tarbiya muassasasidir. Afsuski, hozirgi kunda Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning hammasi ham chin yetim yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar emas.

Yaqinda Oliy sud tomonidan barcha viloyatlardagi Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning ota-onalari, bobo-buvi va yaqin qarindoshlari o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borildi. Ushbu jarayonda bu maskanlarda tarbiyalanuvchilarning 80 foizidan ortig‘ining ota-onasi borligi ayon bo‘ldi.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanida joylashgan 4-sonli Mehribonlik uyidagi 108 nafar tarbiyalanuvchining faqat 15 nafarigina chin yetim ekan. Qolgan 84 nafar bolaning ota-onasi, 9 nafarining esa, bobo-buvilari ham borligi aniqlandi.

Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalar uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratib berilgan. Lekin ana shu jajji bolakaylardan har birining tiliga chiqmasa-da, dilining tubida yotgan, ko‘zlarida qalqib turgan bir o‘tli armonni ham payqamaslik mumkin emas. Ya'ni ularga hammasidan muhimi ota-ona mehridir. Ular doim ota-onasini kutib, o‘z uyida, tug‘ishganlari bag‘rida yashashni xohlaydi. 

Shu o‘rinda sud amaliyotida uchragan bir misolga to‘xtalib o‘tamiz. 

Da'vogar — Navoiy shahar xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi Vasiylik va homiylik organi voyaga yetmagan Komil Rustamovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) manfaatini ko‘zlab sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilgan. Arizada Komilning ota-onasi bo‘lmish javobgarlar — Salim Rustamov va Rohila Rustamovani ota-onalik huquqidan mahrum qilish so‘ralgan.

Aniqlanishicha, Salim va Rohila qonuniy nikohdan o‘tib turmush qurgan va qaramog‘ida besh nafar farzandi bor. Ular Vasiylik va homiylik organiga ariza bilan murojaat qilib, 2004 yil 21 iyunda tug‘ilgan farzandi Komilni Mehribonlik uyiga joylashtirishni so‘rashgan.

Navoiy shahar hokimining 2013 yil 4 iyuldagi qaroriga asosan ushbu ariza qanoatlantirilgan. Komil Navoiy shahridagi Mehribonlik uyiga joylashtirilgan.

"Mehribonlik uyi to‘g‘risida"gi Nizomning 13-bandiga ko‘ra, Mehribonlik uyiga kam ta'minlangan, ko‘p bolali oilalarning bolalari, faqat otasi yoki onasi bor bo‘lgan bolalar ushbu oilalarni bir yilgacha muddatda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik qabul qilinadi. 

Sudda ishtirok etgan er-xotin Rustamovlarga ushbu Nizom talabi tushuntirildi. Ya'ni bola faqatgina bir yil muddatga Mehribonlik uyiga joylashtirilgani, shu muddatdan so‘ng ular bolasini olib ketishi va o‘zlari tarbiyalashi lozimligi, chunki bolaga ota-onasining mehri zarurligi uqtirildi.

Shu bilan birga, er-xotin Rustamovlar agar bolani o‘z vaqtida uyga olib ketishmasa, Oila kodeksining 79-moddasi talabi bo‘yicha ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi va ulardan bolasining ta'minoti uchun aliment undirilishi haqida ham ogohlantirildi. 

Taassuflar bo‘lsinki, ular farzandi Komildan voz kechishlarini yana bir bor tasdiqlashdi. Ota-onalik huquqidan mahrum etilishga roziliklarini ma'lum qilishdi.

Sud ishni qonuniy tartibda ko‘rib chiqib, hal qiluv qarori qabul qildi. Er-xotin Rustamovlar voyaga yetmagan farzandi Komilga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilinib, ulardan bolaning foydasiga aliment undirish va alimentni voyaga yetmagan Komilning nomiga ochilgan bank hisob-varag‘ida jamlab borish belgilandi.

Ushbu sud qaroriga asosan Rustamovlarning har biridan aliment undirilishi ularga alam qilgan. Shundan so‘ng sud qaroridan norozi bo‘lgan er-xotin bola davlat qaramog‘ida bo‘lsa, biz nima sababdan aliment to‘lashimiz kerak, degan mazmunda yuqori instansiya sudiga murojaat qilishgan.

Viloyat sudi kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan sudning hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirildi. Sabab shuki, bolani moddiy tomondan ta'minlash ota-onaning majburiyatidir. Oila kodeksining 81-moddasiga muvofiq, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga nisbatan ta'minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Oradan ma'lum vaqt o‘tib, er-xotin Rustamovlarning siri oshkor bo‘ldi. 

Ya'ni sud uchun ham jumboq bo‘lib qolgan — nima sababdan ota-ona ochiqchasiga moddiy ahvolni ro‘kach qilgan holda o‘z jigarbandidan voz kechdi, degan savolga javob topildi. Ularning o‘z xatosini tushunib yetganlarini bildirib, ota-onalik huquqlarini tiklash hamda bolani qaytarib berishni so‘rab qilgan murojaati bu sir ustidagi pardani ko‘tardi.

Aniqlanishicha, er-xotin Rustamovlar Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga beriladigan imtiyozlardan foydalangan holda, Komilning maxsus harbiy maktabda o‘qishga kirishiga muvaffaq bo‘lganlar. Ayni chog‘da, harbiy maktab faoliyati bo‘yicha maxsus reportaj tayyorlash jarayonida Komil o‘zining serqirra iste'dodi bilan e'tiborga tushadi. 

Jurnalistlar shunday qobiliyatli bolani dunyoga keltirgan va tarbiyalayotgan ota-onaga minnatdorchilik bildirish maqsadida Komildan intervyu oladilar va undan ota-onasi haqida so‘raydilar. 

Shunda Komil ota-onasi hayot bo‘lsa-da, Mehribonlik uyida tarbiya olayotganini, har doim ularni kutib yashayotganini aytadi va ko‘ziga yosh oladi.

Reportaj televideniye orqali namoyish etilgach, uni er-xotin Rustamovlarning yaqin qarindoshlari va qo‘ni-qo‘shnilari ham ko‘radilar. 

Shundagina ular ota-ona mehrini sog‘inib yashayotgan Komilning taqdiridan xabar topadilar va er-xotin Rustamovlarga pand-nasihat qiladilar.

Natijada ota-ona o‘z xatosini tushunib yetadi. Suddan bolasini qaytarib olishga yordam berishni so‘raydi. 

So‘nggi pushaymon — o‘zingga dushman, deydilar. Shunday bo‘lsa ham, Rustamovlar yo‘l qo‘ygan xatosini tushunib yetgani, qalblarida ota-onalik mehri qayta uyg‘ongani kishini quvontiradi.

Ammo ularning o‘z jigarbandiga nisbatan namoyon etgan bu mehrsizligini qanday tushunish va izohlash mumkin? Bunday kaltabinlik oqibatida voyaga yetmagan bola boshidan kechirgan ma'naviy azoblar, navqiron qalbning iztiroblari uchun kim javob beradi?

Bunday ochiq va achchiq savollar ko‘p. Afsuski, bu kabi alamli misollar hali-hanuz uchrab turibdi.

Akmal MURODOV,
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy sudi sudyasi

Top