21:00 / 17.06.2019
9870

Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi tasdiqlandi

O‘zbekiston Prezidentining qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni bilan qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Mazkur konsepsiya qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suv va gidroinshootlardan foydalanish samaradorligini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va sotish, logistika va marketing tizimlarini rivojlantirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishda ilm-fan va amaliyot integratsiyasini jadallashtirish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Konsepsiyaga asosan, qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ajratishning shaffof va tezkor tizimini yaratgan holda yanada takomillashtirish, davlat yer kadastrini yuritishda ko‘p maqsadli yer ma'lumotlarining avtomatlashtirilgan yagona tizimi – yergeoportal.uz'ni ishga tushirish, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmini yo‘lga qo‘yish, suv iste'molchilari va suvdan foydalanuvchilar tomonidan suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi hamda urug‘shunosligi sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, investitsiyalar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida zamonaviy ulgurji-taqsimot markazlarini tashkil etish, yer va suv munosabatlari bo‘yicha tor ixtisoslikdagi mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi o‘quv yo‘nalishlari (geodeziya, kartografiya va h.k.) va fakultetlar, shu jumladan yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan qo‘shma fakultetlar ochish “aqlli va raqamli qishloq xo‘jaligi” texnologiyasini joriy etishga erishish kabilar konsepsiyada o‘z aksini topgan.

Mavzuga oid
Top