11:10 / 18.06.2019
18057

1-sinfga qabul qilish pulli bo‘ldimi? Davlat xizmatlari agentligi mutaxassisi izoh berdi

Foto: O‘zA

Ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda maktablarning 1-sinfiga qabul qilish endilikda pullik asosda amalga oshiriladi degan turli fikr va mulohazalar bildirilmoqda. YO‘Q, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-sonli qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga muvofiq 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan 81 ta umumta'lim muassasalarining 1-sinfiga qabul qilishning yangi tartibi joriy etilgan bo‘lib, bu tartibga ko‘ra asosiy kvota bo‘yicha bolalarni ta'lim muassasalariga qabul qilish mutlaqo bepul asosda amalga oshiriladi.

Endilikda, bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazi orqali hech qanday to‘siqlarsiz, inson omilining ishtirokisiz, ya'ni korrupsiya va tanish-bilishchilikdan holi tarzda, shuningdek direktor yoki boshqa mansabdor shaxslarning “kayfiyati”dan bog‘liq bo‘lmagan holda avtomatlashtirilgan tizim yordamida real vaqt rejimida hududiy tegishligiga ko‘ra ro‘yxatda qayd etilgan maktablarga yo‘llanmani (o‘sha zahotiyoq) rasmiylashtirishlari mumkin.

Ilgarigi tartib (mavjud bo‘lgan bo‘lsa) bo‘yicha ota-onalar aynan shu maktablarga bolalarini qanday joylashtirishgan? Hech kimga sir emaski, mazkur maktablarga hattoki o‘z hududida yashab turgan bolalar ham “bepul” asosda, tanish-bilishlarsiz yoki qo‘ng‘iroqlarsiz qabul qilinmagan. Boshqa hududdan keladigan murojaatchilarni qanday qabul qilinishini tushunsa ham bo‘laveradi. Shu sababli, mazkur maktablar kontingentining 90 foizi shaharning boshqa uzoq hududlaridan kelib, shu hududda yashab turib, o‘z huquqidan to‘laqonli foydalana olmagan bolalarning o‘rniga ta'lim oladigan o‘quvchilardan iborat bo‘lgan. O‘sha hududda yashab turgan bolalar esa yuqorida tanishi, direktorga “xizmat haqi” to‘lash uchun mablag‘i, yoki maktabning yetarli “quvvati” bo‘lmaganligi sababli o‘zi yashab turgan hududdan uzoqdagi maktablarga borishga majbur bo‘lgan. Lekin, negadir aynan shu maktablarda boshqa hududlardagi o‘quvchilar uchun o‘rin ham topilgan quvvat ham yetarli bo‘lgan. Xo‘sh bu adolatli tartib bo‘lganmi? 

 Mazkur ma'muriy reglamentning yana bir o‘ziga xos tomoni shundan iboratki,  29-bandda umumta'lim maktablari asosiy kvota doirasida to‘liq qamrab olingandan so‘nggina bo‘sh o‘rinlar qolsa, qo‘shimcha kvota asosida to‘ldirilishi belgilangan. Ya'ni, dastavval maktabga biriktirilgan hududning maktab yoshida bo‘lgan barcha bolalari to‘liq qamrab olingach, direktorga “xizmat haqi” to‘lamasdan, yuqoridagi tanish-bilishlarini ishga solmasdan turib ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida maktabning kuzatuv kengashi (kengash tarkibining asosiy qismi ota-onalardan iborat) tomonidan belgilangan miqdordagi bir martalik yig‘imni to‘lab, qo‘shimcha kvota asosida qabul amalga oshirilishi mumkin, ya'ni hududda shu maktabga talab yuqori bo‘lgan taqdirda, qo‘shimcha kvota asosida qabul amalga oshirilmasligi ham mumkin.

Xo‘sh, joriy etilgan tizimining yana qanday afzalliklari mavjud:

Birinchidan, Bolalarni umumta'lim muassasalarining 1-sinfiga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari fuqarolarga Davlat xizmatlari markazlari orqali eksterritoriallik tamoyili asosida yoki onlayn tartibda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali mutlaq bepul asosda ko‘rsatiladi. Ya'ni, ota-ona yoki bolaning qonuniy vakili uyidan yoki ish joyidan chiqmasdan turib onlayn tartibda elektron ariza yo‘llashi mumkin.

Ikkinchidan,  Qarorda ko‘rsatilgan umumta'lim muassasalarining kontingentiga kelsak. Mazkur maktablarga biriktirilgan hududlarda istiqomat qiluvchi bolalarning aksariyati, ya'ni 28 mingdan ortiq maktab yoshidagi bolalar ushbu maktablarga qabul qilinmagan va uzoq hududdagi maktablarga borishga majbur bo‘lgan. Ushbu maktablarda ijtimoiy tarmoqlarda manfaatlarini himoya qilish uchun bong urilayotgan oddiy xalqning bolalari tahsil olishmaydi, aksincha yoki qo‘ng‘iroqlar yoki tanish-bilishchilik evaziga qabul qilingan o‘quvchilar tahsil olishmoqda. Buning sababi, bolalarni maktabga qabul qilishda korrupsiya va tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘yilganligida. Endilikda esa, bu “obro‘li” maktablar dastavval o‘zlarining hududlaridagi barcha maktab yoshidagi bolalarni qabul qilishadi va undan keyingina ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida qo‘shimcha kvota asosida o‘quvchilarni qabul qilishlari mumkin. Yana ta'kidlash joizki, qo‘shimcha kvota bo‘lmasligi ham mumkin.

Uchinchidan, butun rivojlangan davlatlar xorijiy tajribasida biror holat (case) yuzasidan qaror qabul qilish texnologiyalari mavjud.

Bu texnologiyalardan asosiylari SWOT (har bir holatning kuchli tomonlari, kuchsiz tomonlari, imkoniyatlari va tahdidlari) tahlili yoki qiyosiy tahlil hisoblanadi. Mazkur qaror bilan endilikda maktablarga qabul qilish jarayonida keng tarqalgan korrupsiya va tanish bilishlik holatlariga chek qo‘yiladi, boshqa maktablar ham gavjumlasha boshlaydi (bu juda muhim, chunki ko‘plab maktablar o‘quvchi yo‘qligidan tashlandiq va xarob holga kelib qolmoqda edi), ro‘yxatdagi “obro‘li” maktablarda o‘z hududidagi bolalar erkin ta'lim olishi mumkin bo‘ladi, qolaversa endi sinflarda 45-50 kishi emas balki, qat'iy 35 kishi ta'lim olishi mumkin. Aslida bu maktablarni kim “mavqeyi”ni ko‘tarib, ularga joylashtirish uchun “xizmat haqi”ni buncha yuqorilab ketishiga sabab bo‘lgan. Aynan shu mablag‘lar direktorlarning va boshqa shaxslarning noqonuniy boyishi uchun emas, balki ta'lim sifatining rivojlanishi, maktablar va kutubxonalar qurilishi uchun, tanish-bilishlar o‘zlarining aloqalarini o‘zlari yashab turgan hududdagi maktablarni rivojlantirish uchun safarbar etsalar bu ta'lim tizimini isloh qilishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Endi yuqoridagilarga ko‘ra real nuqtai nazardan qaraylik va bir savol bilan murojaat qilaylik. Ilgarilari (mazkur qaror chiqqunga qadar) mazkur maktablarning 1-sinfiga qabul qilish “PULLIK” yoki “HAQ EVAZIGA” bo‘lmaganmi, maktablarning o‘ziga biriktirilgan hududlardagi bolalar hech qanday “to‘lov”, tanish-bilishchilik va qo‘ng‘iroqlarsiz qabul qilinganmi? Albatta YO‘Q. Bu hammaga ma'lum bo‘lgan holat.

Shunday ekan, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda oddiy xalqning manfaatini himoya qilish bayrog‘i ostida bong urayotgan deputatlarimiz, huquq faollari yoki blogerlar o‘zlari bilgan yoki bilmagan holda, korrupsiya va tanish-bilishlikka asoslangan qabul tizimini, shuningdek qabul qilishning shaffof tartibi bo‘lmaganligi sababli katta-katta boylik orttirayotgan mansabdor shaxslarning “huquq”larini himoya qilmoqdalarmi - degan yana bir tabiiy savol tug‘iladi.  

Oybek XASANOV
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi Bosh maslahatchisi

Top