8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

09:30 / 18.06.2019 30842

«Bu yechim emas». Bosh prokuror o‘rinbosari o‘lim jazosi belgilash bilan korrupsiyaga qarshi kurashib bo‘lmasligi haqida gapirdi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

17 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev va jurnalistlar ishtirokida muloqot tashkil etildi. Unda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Erkin Yo‘ldoshevning alohida qayd etishicha, Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan targ‘ibotlar xalqimizning fikrida  korrupsiyaga murosasizlik kayfiyatini singdirish, bunday jinoyatlarga jazo muqarrar degan dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Katta yoki kichik lavozimdagi mansabdorlarning jinoyatlari ochiqlanayotgani, ulardan xalq xabardor qilinayotganining asosiy sababi ham shu.

«Biz, davlat idoralari, xalqimiz, shu jumladan, siz (OAV) bilan birgalikda, o‘zbek jamiyatini ichidan sog‘lomlashtira olsakkina, tashqaridan bo‘lgan xavf, ya'ni korrupsiyani jilovlash vazifasi natija beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat shu yo‘nalishdagi Dasturning o‘zi, balki O‘zbekiston Respublikasining Rivojlanish Strategiyasida ko‘zda tutilgan har bir Dastur, har bir tadbir o‘zining samarasini berayapti, ularning o‘zaro bog‘liqligi namoyon bo‘layapti», — deya ta'kidladi Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror o‘rinbosarining qayd etishicha, jinoyat qonunchiligiga korrupsion jinoyatlar uchun favqulodda jazo sifatida o‘lim jazosini belgilash bilan korrupsiya holatlariga to‘liq barham berib bo‘lmaydi.

«O‘lim jazosi yechim emas. Korrupsiya uchun o‘lim jazosi qo‘llash — Xitoyning ichki ishi. Bizda insonparvarlik tamoyili bor.

Qonunchiligimizda ilgari o‘lim jazosi qo‘llash bor edi, qonunlarni qo‘llashning uzoq yillik tajribasidan kelib chiqib, bunday qatiqqo‘lligimiz shaxsni kayta tarbiyalashda samara bermagan, ayrim holatlarda inson huquqlarini tuzatib bo‘lmaydigan darajadagi poymol etilishiga ham olib kelgani uchun bu amaliyotdan voz kechilgan, qonunchiligimiz bu yo‘ldan orqaga qaytmaydi», — dedi Yo‘ldoshev.

«Qamoqxonani mahkumlarga to‘ldirib tashlayverish bilan ish bitmaydi. Bizning vazifamiz jinoyatning sodir etib qo‘yilishi oldini olish, agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, jinoyat oqibatlarini minimallashtirib, xato qilgan shaxsni jamiyatdan butunlay uzilib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan qayta tarbiyalab, elga qo‘shishdan iborat. Toki bu shaxs xatosini tushunsin, afsus qilsin, qilgan jinoyatining oqibatini bartaraf etishda o‘zi ishtirok etib, jamiyatga yetkazgan zararini minimallashtirsin», — dedi Bosh prokuror o‘rinbosari.

Qayd etilishicha, korrupsiyaning oldini olish uchun qonunga o‘zgarishlar ham kiritilyapti. Masalan, Jinoyat kodeksining pora berganlik va pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik keskin kuchaytirilgan, mazkur jinoyatlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasidan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar toifasiga o‘tkazilgan, ularning sanksiyalarida 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanishi ko‘zda tutilgan. 

BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi fakultativ protokoliga qo‘shilish masalasi ayni paytda respublikaning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan o‘rganilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining yo‘nalishlaridan biri — xavfsizlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Top