21:30 / 18.06.2019
8091

O‘zbekiston 182 mamlakat ishtirokidagi xalqaro konvensiyaga qo‘shilmoqda

Bugun, 18 iyun kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan “Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolm shahrida qabul qilingan va 2004 yildan kuchga kirgan.

Hozirgi kunda 182 ta mamlakat konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi. Yetakchi davlatlardan AQSh, Italiya va Isroil konvensiyani imzolagan bo‘lsa-da, ratifikatsiya qilmagan. MDH davlatlaridan faqat O‘zbekiston va Turkmaniston ushbu konvensiyaga qo‘shilmagan.

Konvensiya majburiy xarakterga ega bo‘lib, aholi salomatligi va atrof-muhitni turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofaza qilish maqsadida ularni keskin qisqartirishga, tashlanmalarini to‘xtatishga hamda insoniyat organizmida va ekotizimlarda qayta tiklab bo‘lmas o‘zgarishlarga olib keluvchi 12 ta xavfli birikma (keyingi to‘ldirishlar hisobga olgan holda 26 ta modda) ishlab chiqarilishini, ishlatilishini chegaralash yoki taqiqlashga yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasida qonun kuchga kirgandan keyin ikki yil mobaynida turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalarni taqiqlash, cheklash, shuningdek ekologik xavfsiz usulda yo‘q qilish majburiyatlarini bajarishni talab etuvchi Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.

O‘zbekistonning Stokgolm konvensiyasiga qo‘shilishi kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi, negaki, uning ta'sir darajasi O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanmaydigan moddalarga nisbatan tatbiq etiladi.

Top