8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

08:30 / 19.06.2019 4588

Kaliforniya tarixidagi eng vayronkor yong‘in uchun javobgar kompaniya 1 mlrd dollar jarima to‘laydi 

Foto: AP /Rich Pedroncelli

Kaliforniya shtatining zamonaviy tarixidagi eng vayronkor yong‘inning yuzaga kelishiga javobgar Pacific Gas and Electric (PG&E) energetik kompaniyasi 1 mlrd dollar miqdorida jarima to‘laydi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya tomonidan jarima qiymati bo‘yicha kelishuv 14 ta mahalliy aholi punkti rahbariyati vakillari bilan erishilgan. Ma'lum qilinishicha, mablag‘lar “soliq to‘lovchilarning moliyaviy yo‘qotishlarini qoplash”ga yo‘naltiriladi. 

Ko‘rsatilgan qiymatning bir qismi shtatda 2015 va 2017 yilda yuz bergan mayda yong‘inlar tomonidan yetkazilgan ziyonni qoplaydi, biroq katta qismi 80 dan ko‘proq odamning hayotiga zomin bo‘lgan 2018 yildagi yong‘indan keyingi tiklash ishlariga yo‘naltiriladi. O‘tgan yil yong‘indan eng ko‘p jabr ko‘rgan Paradays shahri g‘aznasiga 270 mln dollar tushadi.

“Bu mablag‘lar mahalliy hokimiyat va soliq to‘lovchilarga bir necha yillik vayronkor o‘rmon yong‘inlaridan keyin o‘z hamjamiyatini barpo etishga yordam beradi”, deb aytilgan xabarda. 

AP Photo/Noah Berger

2018 yil 8 noyabrda Kaliforniya shimolida boshlangan yong‘in oqibatida 85 kishi halok bo‘lgan. Yong‘in 14 mingdan ko‘proq uy, 520 dan ko‘proq bino va 4 mingdan ko‘proq boshqa inshootning kulini ko‘kka sovurgan. 25 noyabrda yong‘in to‘liq bartaraf etilgani ma'lum qilingan. Ta'kidlanishicha, yong‘in qamrab olgan hudud 620 kv. kmni tashkil qilgan.

Top