8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

18:00 / 19.06.2019 16383

Sherzod Shermatov: «Bolani telefondagi iltimos bilan maktabga qabul qilish – korrupsiya degani emas»

Foto: Kun.uz

Toshkentdagi talab eng yuqori bo‘lgan 81ta maktab ro‘yxati tuzilib, ularga o‘quvchilar qabuli bo‘yicha yangi tartib o‘rnatilgani bu maktablarning rahbarlari poraxo‘r ekanini anglatmaydi, deya bayonot berdi O‘zbekiston Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov.

«Korrupsiyaning oldini olish uchun deyilyapti. Bu bilan o‘sha maktab direktorlari poraxo‘r yoki o‘sha maktablarda korrupsiya avj olgan, aynan o‘sha maktablar rahbariyati o‘z lavozimiga nomunosib, degan fikr kelib chiqmaydimi? Yoki o‘sha korrupsiya orqali keladigan pulni legallashtirmayapmizmi?» degan savolga Shermatov quyidagicha javob berdi.

«Birinchidan, aybsizlik prezumpsiyasi bor. Darrov hammani aybdor qilish kerakmas. Hozir qidirsangiz, budjet tashkilotida ishlayotgan hamma odamdan xato topsa bo‘ladi, hamma odamni olib borib qamab qo‘ysa bo‘ladi. Istalgan maktab direktori deysizmi yoki istalgan bir budjet tashkiloti... Shuning uchun uni qidirib, kavlashning keragi yo‘q.

Bu ro‘yxat qanaqa tuzilgan? Bu ro‘yxat qaysi maktablarga kim ko‘p qo‘ng‘iroq qiladi, shu tomondan kelib chiqib tuzilgan. Hech kim borib uni ushlamagan, boshqa qilmagan... Mendan tortib, maktab direktorigacha istalgan darajadagi rahbarni olaylik. Qaysilariga ko‘p qo‘ng‘iroq bo‘ladi? Qo‘ng‘iroq orqali joylashtirishning statistikasini taxminan ko‘rsatdim, to‘g‘rimi? Ayrim maktablarda endi o‘qishga kirgan o‘quvchilarning 50-70 foizi qo‘ng‘iroq-iltimos orqasidan kirgan. Bu qo‘ng‘iroq degani hammasi korrupsiya degani emas. Qo‘ng‘iroq degani, qaysidir bitta boshqa organ bor, tekshiruvchi bor, boshqa bor va hokazo. Iltimos qiladigan oddiy organ bor. Shular orqali kirgan. Endi u degani hammasi korrupsioner degani emas. Aybsizlik prezumpsiyasi bor. Hamma odamni korrupsionerga chiqarmanglar. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, pul haqida. Qarorda 6ta maqsad qo‘ygandik. Mayli, 5tasiga erishaylik. Oltinchisini hozir muhokama qilmay turaylik. Sizlar faqat shu narsa haqida gapirib, asosiy narsa chetda qolib ketyapti. Men sizlarga aytayotganim, bu narsada juda ko‘p noqonuniy aralashuvlar bor. Juda ko‘p odamlarning manfaatlari qolib ketayotgan joylari bo‘lishi mumkin. Shu tomonlariga biz bu qaror bilan barham beryapmiz», – degan Shermatovning so‘zlarini keltirdi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi matbuot anjumanida qatnashgan Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, hukumatning tegishli qarori asosida 2019/2020 yilgi o‘quv yilida Toshkentdagi 81ta maktabga qabul Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Top