11:30 / 20.06.2019
8401

BvaMM vazirligi ajratilgan mablag‘larning 50 foizini o‘zlashtira olmayapti – vazir

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ajratilgan mablag‘larning 50 foizga yaqinini o‘zlashtira olmayapti. Vazirlik rahbarining e'tirof etishicha, bu vazirlik va mehnat idoralari aybi bilan ro‘y bermoqda. Sherzod Qudbiyev Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda ma'lum qildi. Ta'kidlash o‘rinliki, tadbir konstruktiv, ochiq bo‘lib o‘tdi. 

«Biz ishsizlik nafaqasi tayinlashni, uni iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni ham unutgan ekanmiz. 2019 yilning o‘tgan davrida tayinlangan shu turdagi nafaqa 2018 yilga nisbatan qariyb 7 foiz oshdi. Bugungi kunga kelib 24 ming fuqaromizga ishsizlik nafaqasi olmoqda, ammo bu ham yetarli emas. 

Sizlarga bir raqamni aytmoqchiman. Biz o‘zimizga ajratilgan mablag‘larning 50 foizini o‘zlashtira olmayapmiz. Bu ham bo‘lsa, vazirlik va mehnat idoralari aybi bilan, chunki, xizmat ko‘rsatish reglamentlari, qoidalari ham izdan chiqib ketgan ekan. Shu bois, budjetdan ajratilgan katta miqdordagi mablag‘ni to‘la o‘zlashtira olmayotganimizni o‘zimizning aybimiz, deb hisoblaymiz. 

Shuning uchun bu boradagi kamchiliklar, metodikalar ustida ishlayapmiz. Ammo, qilayotgan ishlarimizdan qoniqayotganimiz yo‘q. Mehnat bozorida 1 mln 400 ming atrofida ishsiz bo‘la turib, 24 ming kishiga ishsizlik nafaqasi berayotganimiz, real holatga javob bermaydi, deb o‘ylaymiz», - dedi Sherzod Qudbiyev. 

 

Top