21:00 / 20.06.2019
4611

Deputat: «Avvallari saylovchilar bilan yiliga 2-3 martagina uchrashilar edi»

Bugun, 20 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida OAV vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tishi belgilangandi. Unda 2019 yil 4 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 533-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yuzasidan ma'lumot berilishi rejalashtirilgandi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Joldas Abdujamilov, Klara Jumamuratova, Zulayxo Akramova, O‘tkir Bo‘tayev va Xojiakbar To‘laganov ishtirok etishi lozim edi. 

Lekin besh nafar deputatdan atigi bir nafari - Klara Jumamuratova qatnashdi. Majlisda boshqa deputatlar ishtirok etmagani masalasiga hozircha to‘liq izoh berilmadi. Shunday bo‘lsa-da, Klara Jumamuratova jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berib o‘tdi.

«Hozirda deputatlar vakolati ancha kengaydi. Deputatlik so‘rovlarimizning aksariyatiga tegishli tashkilotlar o‘z vaqtida javob yubormoqda. Bu ham ijobiy holat.

Bundan tashqari, saylovchilar bilan uchrashuvlar soni ham ancha ko‘paydi. Avvallari belgilangan reglament bo‘yicha yiliga 2-3 martagina o‘z saylov okrugimizdagi saylovchilar bilan uchrashar edik. Bir deputatda 50tagacha mahalla mavjud. Shunga ko‘ra, reglamentdagi uchrashuvlar soni juda oz edi.

Hozir esa prezidentimiz tashabbusi bilan reglamentimizga o‘zgartirish kiritildi va uchrashuvlar soni ancha ko‘paydi. Har oyning oxirgi haftasida saylovchilarimiz bilan uchrashamiz. Ularning muammolarini eshitamiz, ba'zilari o‘sha yerning o‘zida hal bo‘ladi. Ba'zilaridan ijtimoiy masalalarda takliflar ham tushadi. Deputat va saylovchilar o‘rtasida munosabat jarayoni ancha faollashdi», - dedi Qonunchilik palatasi deputati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida deputatlarni tanqid ostiga olgandi.

«Xalq vakillarining qat'iy pozitsiyasi qayerda qoldi? Misol uchun, qaysi senator yoki deputat Soliq siyosati konsepsiyasi ijrosi bilan qiziqib, Moliya vazirligi yoki Davlat soliq qo‘mitasi rahbarlariga so‘rov yubordi?

Eng asosiy kamchilik shuki, Oliy Majlis hali-hanuz haqiqiy bahs-munozaralar maydoniga aylangani yo‘q.

Shu munosabat bilan Oliy Majlis palatalarida qonunlar ijrosini ko‘rib chiqish, rahbarlar hisobotini eshitish bilan cheklanmasdan, bevosita joylardagi ahvolni tizimli ravishda o‘rganish va tegishli takliflar ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarur, deb hisoblayman», - degandi davlat rahbari.

Top