8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

21:50 / 20.06.2019 33699

Putin bilan bevosita muloqot: Rossiya prezidenti Zelenskiy, Tramp, sanksiyalar, Boeing halokati tergovi va qurollanish haqida

Foto: Aleksey Drujinin / RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-bor bevosita efir orqali rossiyaliklar savollariga javob berdi. Kun.uz uning ayrim savollarga javoblarini saralab oldi.

Sanksiyalar haqida

«2014 yildan buyon Rossiya 50 milliard dollar, Yevroittifoq 240 milliard dollar, AQSh 17 milliard dollar, Yaponiya 27 milliard dollar yo‘qotdi.  Bularning bari bu davlatlardagi ish o‘rinlarida aks etmoqda va Yevroittifoq Rossiya bozorini yo‘qotmoqda. 

Agarda biz butkul taslim bo‘lsak va milliy fundamental manfaatlarimizga tupuradigan bo‘lsak, tashqi signallar bo‘lsa ham hech narsa o‘zgarmaydi. Mana, Xitoyning Qrimga hech qanday aloqasi yo‘q, ammo uning mahsulotlariga nisbatan tariflar oshib bormoqda. Rossiyaga nisbatan ham shunday bo‘lmoqda va bundan buyon ham shunday davom etadi. Yaxshisi, me'yordagidek iqtisodiy sharoitlarda yashash va umume'tirof etilgan qoidalarga amal qilish kerak».

Amaldorlarning maoshlari haqida

«Tasavvur qilaylik, vazir oddiy ishchi bilan bir xil maosh oladi. Buni gapirish men uchun og‘ir. Men oddiy ishchining daromadi oshishini istayman. Agarda amaldorlarning maoshlarini keskin pasaytiradigan bo‘lsak, ular qochib ketishadi, biz malakali mutaxassislardan ayrilamiz va bu oxir-oqibat aholi turmush tarzida aks etadi. Ammo tafovut albatta, o‘ta katta bo‘lmasligi lozim».

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy haqida

«U iste'dodli inson, uning 2000-yillarda Moskvada KVNdagi chiqishlarini eslayman, hammasi juda mohirona va kulgili bo‘lgan, ammo biz hozir ko‘rgan narsa kulgili emas, bu komediya emas, fojia va agarda u davlat rahbariga aylangan bo‘lsa, muammolarni hal qilish kerak, u bunga o‘z saylov kampaniyasi asosi orqali erishdi. U Parijda ayirmachilar bilan gaplashmasligini aytdi. Jahon amaliyotida muammolar tomonlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotisiz hal bo‘lganiga misol yo‘q. Qamal to‘xtatilishi haqida gapirildi. Hech narsa qilinmayapti, qamal faqat kuchaymoqda. Oldinga qadam tashlash eng oddiy narsa. Ukraina rahbariyati tomonidan siyosiy iroda kerak».

Rossiya va Belarusning birlashishi haqida

«Yagona davlat tuzish masalasi yo‘q. Gap ittifoq davlati – yagona valuta, umumiy parlament joriy etish haqida bormoqda. Biz Aleksandr Lukashenko bilan nimalarni amalga oshirishimiz to‘g‘risida kelishib oldik. Ancha ish qilindi. Ammo yanada ko‘proq ish qilinishi kerak».

AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muloqot haqida

«Muloqot har doim yaxshi, unga doimo talab bor va agarda Amerika tomoni bunga qiziqish bildirsa, bu muloqotga hamkorlarimiz qanchalik tayyor bo‘lsa, biz ham shunchalik tayyormiz. Ammo u yerda ichki siyosatda nimalar sodir bo‘layotganini ko‘rib turibmiz va hattoki prezident muloqotni istasa-da, boshqa institutlar ham bor, buning ustiga u saylovoldi kampaniyasi talablariga ham qarashi lozim. Hamkasblarimiz tayyor bo‘lgan zahoti biz ham tayyor bo‘lamiz, xavfsizlik, qurolsizlanish sohalarida gaplashadigan gaplarimiz bor».

Boeing 777 halokati bo‘yicha tergov guruhi xulosasi haqida

«Rossiya hech qachon mas'uliyatdan qochmagan, agarda uning zimmasida bu mas'uliyat bor bo‘lsa. Biz ko‘rgan va Rossiyaning aybdorligi isboti sifatida taqdim etilgan narsa bizni qanoatlantirmaydi, biz bu yerda hech qanday isbot yo‘q deb hisoblaymiz. Bizning o‘z taxminimiz bor, uni taqdim etdik, ammo afsuski, hech kim bizni tinglashni xohlamayapti. Jangovar harakatlar borayotgan hudud ustidan parvozlar amalga oshirilishiga kim ruxsat berdi? Rossiyami? Yo‘q. Qiruvchi samolyotlar qayerda edi? Isyonchilar yoki boshqa birov urib tushirganiga isbot qani? Savollar juda ko‘p, ularga javob yo‘q, shunchaki bir martadayoq va doimiy aybdorlarni belgilab olishdi va tamom-vassalom. Bizni tergovga nisbatan bunday yondashuv qoniqtirmaydi».

Mudofaa xarajatlari haqida

«Eski matalni eslatib o‘tish ziyon qilmaydi: tinchlikni istasang — urushga tayyorlan. Birinchidan, Rossiya qurollanishga pul sarflash bo‘yicha yetakchi emas. AQSh, XXR, Saudiya Arabistoni bizdan ancha oldinda, Buyuk Britaniya, Fransiyadan keyin yettinchi o‘rinda Rossiya turadi. Biz menimcha, harbiy xarajatlarni qisqartirayotgan dunyodagi yagona yirik harbiy davlat bo‘lsak kerak. Xarajatlarimiz kamtarona bo‘lsa-da, biz orqada emasmiz, balki quvib o‘tmoqdamiz, men gipertovush raketa texnikasini nazarda tutmoqdaman».

Bergan topshiriqlari bajarilmasa o‘zini qanday tutishi haqida

«Gap sabr chegarasida emas, balki natijaga erishish kerakligida. Mening holatimda eng oddiysi – qilich yalang‘ochlash, keskin hayfsanlar va boshqalar. Albatta, chidab bo‘lmas holatlarda shunday qilish kerak, ammo kimdir biror ishni bajarmaganligida o‘zimning ham aybim bor deb hisoblayman».

Vladimir Putin bilan bevosita muloqot 4 soat 8 daqiqa davom etdi. U bu vaqt ichida 81ta savolga javob qaytardi.

Top