8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

18:30 / 21.06.2019 12651

O‘zbekistonliklar har oyda vatanga 500 million dollarga yaqin mablag‘ jo‘natishmoqda

Markaziy bank tashqi sektor statistikasini yaxshilash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini taqdim etdi.

To‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya (tashqi sektor) hisobini yaxshilash doirasida 2019 yilning 31 mayidan 13 iyuniga qadar aholi orasida anonim tarzda so‘rovnoma o‘tkazildi.

So‘rovnomani to‘ldirishda qulaylik yaratish hamda keng auditoriyani qamrab olish maqsadida, so‘rovnoma internet tarmog‘ida ijtimoiy tarmoqlar platformalari orqali tarqatildi. 

So‘rovnoma  uch qismga bo‘lingan bo‘lib, quyidagi mazmundagi savollarni o‘z ichiga olgan:
- chet el valutasidagi jamg‘armalar to‘g‘risida;
- tijorat maqsadida O‘zbekistonga olib kirilgan va O‘zbekistondan olib chiqilgan tovarlar to‘g‘risida (mokkilik savdosi);
- chet eldan olinayotgan va/yoki ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam to‘g‘risida. 

So‘rovnomada jami 2165 nafar respondent ishtirok etdi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 1048 nafar respondent (48,4 foiz) chet elda bo‘lganini, ulardan 107 nafari (10,2 foiz) esa tijorat maqsadida O‘zbekistondan tovar olib chiqqanini bildirgan. 

Umuman olganda, bir nafar respondent tomonidan xorijga tijorat maqsadida olib chiqilgan tovarlarning o‘rtacha qiymati 732 dollar miqdorida hisoblandi. 2019 yilning I choragi davomida O‘zbekistondan chet elga chiqqan rezidentlar soni 2,5 mln. kishiga tengligi hisobga olinsa, joriy yilning yanvar-mart oylarida tijorat maqsadida xorijga olib chiqilgan tovarlarning jami qiymati 187 mln. dollar miqdorida baholandi.

Chet elda bo‘lib qaytgan respondentlarning 235 nafari (22,4 foiz) O‘zbekistonga tijorat maqsadida tovarlar olib kirganini ma'lum qilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir nafar respondent tomonidan o‘rtacha 873 dollar qiymatidagi mahsulotlar O‘zbekistonga tijorat maqsadida olib kirilganini hamda 2019 yilning I choragi davomida O‘zbekistonga kirib kelgan rezidentlar soni 1,6 mln. kishiga tengligi inobatga olinsa, joriy yilning yanvar-mart oylarida tijorat maqsadida olib kirilgan mahsulotlarning jami qiymati 320 mln. dollar miqdorida hisoblandi.

Respondentlarning 50 foizi chet elda qarindoshi mavjudligini ko‘rsatib o‘tgan bo‘lsa, shulardan 59 foizi chet eldan moliyaviy yordam olishini, 16 foizi esa chet elda yashovchi qarindoshiga moliyaviy yordam ko‘rsatishini bildirdi.

Bir respondent tomonidan chet eldan olinayotgan moliyaviy yordamning o‘rtacha oylik miqdori 354 dollar, chet elga yuborilayotgan yordamning miqdori esa 262 dollar ekani ma'lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra 2019 yilning 1 aprel holatiga 2,4 mln. fuqaro chet elda ishlamoqda. Shu munosabat bilan, xorijdan kelib tushadigan va xorijdagi rezidentlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy yordamning o‘rtacha oylik summasi mos ravishda 496 mln. va 98 mln. dollar miqdorida baholandi.

«Xulosa qilib aytganda, so‘rovnomaning chet el valutasidagi jamg‘armalar, shuningdek, chet eldan olinadigan moliyaviy yordamning (joriy transfertlar) miqdori bo‘yicha natijalari, Xalqaro valuta jamg‘armasi tavsiyalari asosida Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan ekspert baholashlariga yaqin kelmoqda.

Biroq, mokkilik savdosi bo‘yicha so‘rovnoma natijalari asosida hisoblangan ko‘rsatkichlar ekspert baholashlari asosida hisoblanadigan ko‘rsatkichlardan o‘sish tomonga farq qildi.

To‘lov balansi hamda xalqaro investitsion pozitsiya ma'lumotlarini yaxshilash maqsadida, so‘rovnoma natijalari Xalqaro valuta jamg‘armasining tashqi sektor statistikasi bo‘yicha navbatdagi missiyasi davomida muhokama qilinadi.

Markaziy bank so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi va fuqarolarning keyingi so‘rovlarda faol ishtirok etishlarini kutib qoladi», deyiladi Markaziy bank matbuot xizmati xabarida.

Top