19:50 / 21.06.2019
24656

Samarqandda noqonuniy qurilishlarga ruxsat bergan hokimning sobiq o‘rinbosariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan

Foto: samarkand.iamo.de

Bugun, 21 iyun kuni Samarqandda viloyat prokuraturasi va boshqa huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan uchrashuvda noqonuniy qurilish bo‘yicha bir qator savollarga javob berildi.

Jumladan, noqonuniy qurilishlarga sharoit yaratib bergan, qurilish uchun qaror imzolagan hokim va o‘rinbosarlarga beriladigan huquqiy baho masalasiga viloyat prokurori o‘rinbosari Sirojiddin Usmonov hamda prokuraturaning boshqa xodimlari tomonidan aniqlik kiritildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum bo‘lishicha, shahar hokimining sobiq o‘rinbosari Talant Esirgapov Samarqand shahrida qurilish va yer berish masalalarini amalga oshirishda mansab soxtakorligini amalga oshirgan. Xususan, T.Esirgapov va bir qator mansabdor shaxslar ustidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi ochilgan.

«Samarqanddagi mazkur muammo bo‘yicha bir yil oldin xatlov o‘tkazilganida 159ta noqonuniy qurilish ishlari olib borilayotgani aniqlangan. Jumladan, bir qancha qarorlarga Samarqand shahar hokimining o‘sha paytdagi o‘rinbosari T.Esirgapov imzo qo‘ygan. Aniqrog‘i, 2018 yilning sentabr – dekabr oylarida Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov xorijda xizmat safarida bo‘lgan vaqtlarida T.Esirgapov 30dan ziyod qarorlarga imzo qo‘yib bergan. Bu holat viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, noqonuniy qarorlarni qabul qilgani va mansab soxtakorligiga yo‘l qo‘ygani uchun T.Esirgapov hamda Samarqand shahar hokimligining boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», — dedi prokuratura vakili.

Ma'lumot uchun, Talant Esirgapov Samarqand shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. Ayni vaqtda bu lavozimda Akram O‘rozqulovich Egamov ishlamoqda.
 

Top