8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

22:56 / 21.06.2019 8693

Utilizatsion yig‘imlar nima va ularni kimlar to‘lashi kerak?

Dunyoning ko‘plab davlatlarida transport vositalarini utilizatsiya qilish tizimi mavjud. Buni yo‘lga qo‘yishdan bir qancha maqsadlar ko‘zlanadi: 1. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi; 2. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlash; 3. Transportlar qoldiqlarini qayta ishlashga topshirish ortidan ikkilamchi xomashyo hajmini oshirish; 4. Utilizatsiya tizimini ishga tushirish orqali qo‘shimcha korxonalar, ish o‘rinlarini yaratish kabilar shular jumlasidandir.

Ayni shunday qonun loyihasi O‘zbekistonda ham muhokama qilinmoqda. Xo‘sh, bu jarayon bizda ham yo‘lga qo‘yilsa, nimalar yuz beradi?

Mavzuga oydinlik kiritish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Umidjon Abdujalilov bilan suhbatlashdik.

– Umidjon aka, suhbatimizni hammani qiziqtirgan savol bilan boshlasak. Bu loyihaning qonun tusiga kirishi avtomobillar narxi oshib ketishiga olib kelmaydimi?

– Bu savolga aniq javobni avtosanoat mutaxassislari javob berganlari ma'qul. Men faqat bu qonunning ekologiyamiz uchun ahamiyatli jihatlarini ochib beraman. Avvalo utilizatsiya va qayta ishlash nima uchun kerakligini tushunib olsak. Utilizatsiya bo‘yicha qarorlar bizda oldin ham bo‘lgan. Yodingizda bo‘lsa, bir vaqtlar makulatura topshirish, metallolom yig‘ish kabi tadbirlar o‘tkazilardi. Ana shu tadbirlar natijasida ko‘chalarimizda qog‘oz qoldiqlari kamaydi, bekor yotgan temir bo‘laklari esa hatto butunlay yo‘qolib ketdi. Chunki ularni olib borib topshirish punktlari paydo bo‘ldi. Keyinchalik ko‘chalarda biz baklajka deb atovchi yelim idishlar to‘lib ketdi. Ularni qabul qiluvchi tizimlar yo‘lga qo‘yilib, pul to‘lana boshlagach, ommaviy tarzda to‘plana boshladi va kam ta'minlangan insonlar bundan daromad ko‘rishni o‘rgandilar.

Xuddi shunday — avtomobillar ham ertami-kechmi eskiradi, foydalanilmay qoladi. Hozir ham chet hududlarda zanglab yotgan mashinalar talaygina. Dunyoning rivojlangan va hatto rivojlanayotgan davlatlarida avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi ishga tushirilgan va bizda ham buni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi.

– Demoqchisizki, bizda ham o‘sha xorijda ko‘rganimiz kabi ko‘plab eski avtomobillar jamlanadigan va qayta ishlanadigan korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, ya'ni bekor yotgan avtomobilni olib ketish, qismlarga ajratish, xomashyo ishlab chiqarishga asoslangan tizim ishga tushadi.

– Albatta, maqsad ham shu. Chunki avtomobil ancha murakkab mahsulot. Ko‘pchilik uning eskisini oddiy temir sifatida ko‘radi. Lekin uning shinasi alohida, motori, oynasi kabi bo‘laklari alohida qayta ishlashga muhtoj. Shuning uchun bu jarayonga oddiy qog‘oz yoki yelim idish yig‘ish kabi qaramay, ancha jiddiy yondashilmoqda.

– Bunday qayta ishlash korxonalarini yo‘lga qo‘yish ancha katta mablag‘ talab qiladi. Moliyaviy manbalar masalasi qanday yechiladi?

– Bu bo‘yicha bir qancha takliflar berilgan. Xorij tajribasini o‘rgansak, ko‘p hollarda avtomobil davlat hududiga olib kirilganda bojlar bilan birga utilizatsiya yig‘imi ham undiriladi. Mahalliy avtomobillar bo‘yicha esa avtomobil narxiga utilizatsiya summasi qo‘shiladi yoki alohida to‘lov olinadi. Ba'zan aynan utilizatsiya paytida ma'lum summa to‘lanish amaliyoti ham qo‘llaniladi. Yuqorida aytganimday, bu masalada avtosanoat bo‘yicha ekspertlar o‘z xulosalarini beradilar.

Har qanday holatda ham ertami-kechmi chiqitga chiquvchi mahsulot, ya'ni bu o‘rinda avtomobil bor ekan, uni talablarga ko‘ra utilizatsiya qilish va ikkilamchi xomashyoni qayta ishlash tizimi yaratilishi zarur. Chunki bunday tizimning bo‘lmasligi ekologiyaga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Top