14:20 / 22.06.2019
15965

Xotin-qizlar qo‘mitasi surxondaryolik ayollar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali 21 iyun kuni tarqalgan hodisa bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi quyidagilarni ma'lum qiladi:

Surxondaryo viloyati Denov tumanida istiqomat qiluvchi ayollar — Turdixon Kenjayeva hamda Maqsuda Boboyevaning og‘ir ijtimoiy ahvolda ekani haqida ma'lumotlar tarqalgan edi. Ushbu masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari Toshkent shahar “Mehr saxovat uyi” reabilitatsiya markazi muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta'minlash markazi rahbari podpolkovnik Bahodir Dushayev bilan muloqot qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, 1978 yilda Denov tumanida tug‘ilgan T. Kenjayeva og‘ir ijtimoiy muammolar girdobiga tushib qolgan. O‘zi va farzandlari bir necha bor fuqaroviy eri T.O. tomonidan ma'naviy va jismoniy zo‘ravonliklarga duch kelgan. Hozirda Toshkentdagi “Mehr saxovat uyi” reabilitatsiya markazida yashab kelmoqda.

Markazda istiqomat qilayotgan M. Boboyeva ham xuddi Kenjayeva singari oilaviy muammolar tufayli ikki yil burun ota uyidan chiqib ketgan va hanuz turli joylarda yashab kelmoqda. Denov tuman hokimi unga vaqtincha yashash uchun 2018 yilda eski maktab binosidan xona ajratib bergan, ammo joy ayolni qoniqtirmaganligi uchun rad etgan.

Qo‘mita rahbariyati ushbu masala bo‘yicha Denov tumani hokimi bilan suhbatlashdi hamda ayollarning qonuniy manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi. T. Kenjayevaga Denov tumanidagi “Namuna” MFYda 2 sotix yer maydoni ajratilib, homiylar yordamida uy-joy qurib berishga kelishildi. Shuningdek, M. Boboyevaga ham tuman hokimligi tomonidan o‘rnatilgan tartibda xonadon ajratish bo‘yicha kafolat xati taqdim etilgan.

Mazkur masalani Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘z nazoratiga oladi.

Top