08:26 / 23.06.2019
48377

Marsda hayot mavjudligi alomatlari aniqlandi

Foto: NASA, via Agence France-Presse - Getty Images

NASA kosmik agentligi mutaxassislari Curiosity marsoxodidan olingan ma'lumotlarni o‘rganib, Qizil sayyora atmosferasida katta hajmda metan gazi borligini aniqlashdi. Bu esa uzoq sayyorada tirik jonzotlar bo‘lishi mumkinligidan darak beradi, deb xabar berdi The New York Times nashri.

Olimlar marsoxoddan qo‘shimcha ma'lumot olish uchun so‘roq yuborishgan. Ular o‘z kuzatuvlarini isbotlash uchun yangi tajribalar o‘tkazishmoqchi. 

Olimlarning ta'kidlashicha, aniqlangan metan yaqindagina hosil bo‘lgan, chunki Quyosh nuri va kimyoviy reaksiyalar uni parchalaydi. Tadqiqotchilar gaz sayyora ichida millionlab yillar saqlangani va endi yoriqlar orqali chiqayotgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilishmagan.

2013 yilda ham marsoxod Marsda metan aniqlagan. Ushbu haftada olingan kuzatuvlar esa aniqlangan metan hajmi 6 yil oldin qayd qilingan metannikidan 3 marta ko‘pligini ko‘rsatgan.

Sayyoramizda metanni asosan tirik organizmlar hosil qiladi.

Mart oxirida Curiosity Marsdagi Geyl krateri ichida tirik organizmlar yashashi uchun zarur bo‘lgan azot birikmalarini topgan. Ularning paydo bo‘lishiga asteroidlar tushishi va Qizil sayyora atmosferasida gazsimon vodorod borligi olib kelgan bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top