19:10 / 23.06.2019
7660

«Yuventus» yaqin vaqt ichida de Ligt transferini e'lon qilishi kutilmoqda

«Yuventus» «Ayaks»dan Matteys de Ligtni transfer qilish va erkin agentga aylanayotgan Adriyen Raboni o‘z safiga qo‘shib olish arafasida, deb xabar beradi Football Italia.

Turin klubi keyingi hafta mazkur ikki futbolchi jamoaning yangi a'zosiga aylanganini e'lon qilishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, «Yuve» de Ligt va Rabo bilan shartnoma imzolash bo‘yicha ishlarni jadal sur'atlarda olib borishga urinmoqda. Bozorda ushbu futbolchilar uchun raqobat darajasi bunga sababdir. Xususan, Italiya chempioni «PSJ»ning Adriyenga yaxshiroq taklif bilan chiqishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Qayd etilishicha, Rabo uning agenti sanaluvchi onasi foydasiga moliyaviy talablarini yumshatgan. Endilikda u avvalgi 10 mln yevrodan farqli o‘laroq yiliga 7 mln yevro maosh so‘ramoqda.

De Ligtning «Yuventus»dagi yillik maoshi miqdori 12 mln yevroni tashkil etishi mumkin.

Avvalroq Rabo «PSJ»da qolish haqida o‘ylayotgani, de Ligt esa «Yuventus»ga o‘tmoqchiligi  xabar qilingan edi.

Top