19:55 / 24.06.2019
12318

«Asr bitimi» falastin xalqiga taklif qilinayotgan pora deb ataldi  

Foto: Hamad I Mohammed / Reuters

Falastinni ozod qilish harakati (FATH) AQShning Falastinni rivojlantirish uchun 50 mlrd dollar jalb qilinishini ko‘zda tutuvchi arab-isroil mojarosini tartibga solish rejasini rad etdi. Bu haqda FATH bayonotiga iqtibos keltirgan holda Ynetnews nashri xabar berdi. 

AQSh bitimning iqtisodiy tomonini 23 iyunda ma'lum qildi. 

FATH Oq uyning “asr bitimi” deb atalayotgan ushbu rejasini “falastin xalqiga taklif qilinayotgan va arab pullariga asoslangan pora” deb atadi. Tashkilot AQShning taklifi haqiqatda mustaqil davlatni orzu qilayotgan falastinliklar umidlariga chek qo‘yadi, deb hisoblamoqda.

Reja doirasida Oq uy bevosita Falastinga 27,5 mlrd dollar sarmoya kiritishni va yana 22,8 mlrd dollar Misr, Iordaniya va Livanda yashovchi falastinliklarga sarflashni taklif qilgan. Reja mualliflarining hisob-kitobiga ko‘ra, buning natijasida Falastin yalpi ichki mahsuloti 2 marotaba oshadi, ishsizlik esa minimum darajagacha qisqaradi. 

Falastinlik siyosatchilar, jumladan Falastin prezidenti va FATH raisi Mahmud Abbos bu taklifni rad etdi.

“Siyosiy yechim bo‘lmaguncha, masalaning iqtisodiy tomonini muhokama qilmaymiz”, deb aytgan Abbos. Unga falastinlik boshqa siyosatchilar ham qo‘shilishgan. Ularning ta'kidlashicha, faklastinliklarga “AQSh pullari emas”, balki Isroil okkupatsiyasidan xalos bo‘lish talab etiladi va ko‘rinishicha, ushbu reja Isroil manfaatlari yo‘lida yaratilgan.  

Ushbu reja Vashington tomonidan Donald Tramp prezident bo‘lgandan beri tayyorlanib kelinadi, biroq Falastin AQSh Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgandan keyin 2017 yil dekabrdayoq AQShning arab-isroil mojarosini tartibga solishdagi ishtirokini rad etgan. 

Top