10:20 / 24.06.2019
30622
Birgalikda uy sotib olgan fuqarolar propiska masalasida sudda yutib chiqdi

Joriy yilning aprel oyida Kun.uz nashrida «Propiskani og‘zaki buyruq bilan rad qilishsa, qanday yo‘l tutmoq kerak?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Maqolada birgalikda umumiy mulk huquqi asosida sotib olingan uy-joy egalarini doimiy propiskaga qo‘yish og‘zaki taqiq bilan yopib qo‘yilgani, ushbu vaziyatda qanday qilib sud orqali o‘z huquqlarini tiklash mumkinligi haqida ma'lumot berilgandi.

Kun.uz nashri olgan ma'lumotlarga ko‘ra, xuddi shu vaziyatda propiskaga kira olmayotgan bir guruh fuqarolar sudda g‘alaba qozongan. Bu haqdagi Yashnobod tuman ma'muriy sudining hal qiluv qarori tahririyatda mavjud.

Unga ko‘ra, joriy yilning mart oyida uch nafar fuqaro Toshkent shahri Yashnobod tumanida bunyod etilgan yangi kvartiralardan birini birgalikda xarid qilishadi. Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan mazkur 3 nafar fuqaroga sotib olingan kvartira uchun mulkka egalik huquqi beriladi.

Shundan so‘ng fuqarolar Ro‘yxatning 1-bandiga muvofiq propiska qilishni so‘rab, Yashnobod tuman IIB FMB M va FRBga (xalq tilida «pasport stol») murojaat qilishadi. Biroq, bo‘lim tomonidan fuqarolarga ular  taqdim etgan hujjatlar tekshirilayotgani, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berilishi to‘g‘risida mavhum javob xati beriladi-yu, propiskaga qo‘yish masalasi hal etilmaydi.

Mazkur idoraning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan fuqarolar Yashnobod tuman ma'muriy sudiga shikoyat arizasi kiritadi.

Ariza Yashnobod tuman ma'muriy sudi sudyasi Z.X.Irsaliyev raisligida ko‘rib chiqilib, joriy yilning 16 may kunidagi hal qiluv qarori bilan to‘liq qanoatlantirildi.

Sud qaroriga muvofiq, Yashnobod tuman IIB FMB M va FRB mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topilib, uning zimmasiga shikoyat yo‘llagan fuqarolarni (3 nafar) tegishli manzil bo‘yicha Ro‘yxatning 1-bandiga muvofiq doimiy propiska qilish majburiyati yuklandi.

Bundan tashqari, Yashnobod tuman IIB FMB M va FRBdan fuqarolar foydasiga 202 730 so‘m (davlat boji uchun to‘langan to‘lov) undirilishi belgilandi.

Sudning ta'kidlashicha, «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan ro‘yxatning 1-bandiga ko‘ra, qonun hujjatlariga muvofiq olingan uy-joyga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari – xususiy mulk qilib olingan uy-joyiga doimiy propiska qilinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 16.02.2012 yildagi 41-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 9-2-bandiga ko‘ra ko‘chmas mol-mulkni oldi-sotdi bitimlarini notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslar tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni hisob-kitobni bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirgan holda sotib olganda ham amalga oshiriladi.

Bundan kelib chiqib, birgalikda umumiy mulk huquqi asosida yangi qurilgan uy-joy sotib olgan fuqarolarning barchasi o‘sha sotib olingan uyga doimiy propiska qilinishi lozim.

Tahririyat: Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan, «pasport stol» apellyatsiya bilan murojaat qilmagan.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, mazkur masalada ichki ishlar organlarining xatti-harakatlari qonunchilikka zid bo‘lmoqda va bu sudlar tomonidan rasman tasdiqlandi. Bizni faqat birgina savol o‘ylantiradi: ichki ishlar organlari bundan keyin ham birgalikda uy sotib olgan boshqa fuqarolarga asossiz rad javobi berishda davom etarmikin yoki o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib, qonunlarga amal qilishni boshlarmikin? Fuqarolar nahotki qonunlarda belgilangan huquqlarini yuzaga chiqarish uchun albatta sudlarga murojaat qilishi shart bo‘lsa?

Umid qilamizki, Ichki ishlar vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga oladi va quyi bo‘g‘inlardagi qonunsizlikni bartaraf etish, fuqarolarni asossiz sarson va sargardon qilmaslik bo‘yicha jiddiy topshiriq beradi.

Top