8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

17:29 / 24.06.2019 8898

«Hududiy elektr tarmoqlari»: yangi tizim elektr ta'minotida muammo qoldirmaydi

Camarqandda ayni vaqtga kelib 140 mingdan ziyod iste'molchilar elektr energiyasini hisoblashning mutlaqo yangi texnologiyasi – elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ga ulandi.

Natijada mazkur hudud iste'molchilarida ASKUE tizimini joriy etilishi bilan debitor qarzdorliklarni undirilishi, iste'molchilardan elektr energiyasi iste'moli to‘g‘risida ma'lumotlar olinishi hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari oldi olinishi masalalari sezilarli darajada yaxshilandi.

Xo‘sh, elektr energiyasini hisoblashning yangi tizimi oldingilaridan nimasi bilan farq qiladi?

Eng avvalo, mazkur tizim to‘liq yo‘lga qo‘yilgach, elektr energiyasi yetkazishda cheklov bo‘lmaydi. Chunki yangi loyiha har bir hudud uchun elektr sarfini onlayn tarzda aniq ko‘rib turish imkonini beradi. Shunga asosan kerakli miqdorda energiya yetkazib berilaveradi. Elektr ta'minotini bir maromda bajarish yo‘lga qo‘yiladi. Qaysi hududda kuchlanish yuqori, qaysi hududda yetarli emas, barchasi nazoratga olinib me'yoriy holat ushlab turiladi. Ilgari esa elektr sarfi taxminan belgilanib shuning hisobiga uzilishlar ro‘y berardi.

Yuqoridagi onlayn nazorat o‘z o‘rnida tizimda zo‘riqishlar natijasida yuzaga keladigan enegiya yo‘qotishni ham maksimal darajada pasaytiradi.

Iste'molchilar esa to‘lovni “click” orqali qo‘l telefonidan o‘tkazib qo‘yaqoladi. Ya'ni iste'molchilar bank yoki elektr ta'minoti korxonalari borib, navbatda turib to‘lov qilishlariga hojat qolmaydi. Soha xodimlari yoxud MIB nazoratchilarning tashrifi, hisoblagich ko‘rsatgichlari bilan tanishiga hojat yo‘q.

Umuman, ushbu tizimning eng katta qulayliklaridan biri – ishda inson omilining nihoyatda past ekanligida. Ikkinchidan, hisoblagich o‘rnatilgach, tizimga ulanadi, kod kiritilib, hisob raqam ochiladi. Iste'molchilarga SMS xabar orqali barcha ma'lumotlar avtomatik tarzda yetkazib turiladi. Mobil telefon raqamiga ulanishi to‘lovni uydan chiqmay “online” rejimida amalga oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, “shaxsiy kabinet” orqali har bir iste'molchi qancha elektr energiyasi sarflaganini kuzatib turish imkoniga ega bo‘ladi.

Ushbu «Aqlli» hisoblagichlarning yana bir xususiyati shundaki, ma'lumotlarni soxtalashtirishga urinish, ya'ni hisoblagichga ta'sir o‘tkazish holatlari yuzaga kelsa darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Shuningdek, energiya to‘lovi to‘lanmagan taqdirda masofadan o‘chish xususiyatiga ham ega. Ushbu hisoblagichlar elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 10 yilda bir marotaba qiyoslovdan o‘tkaziladi.

Samarqandning Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan sinov ishlarida ham ana shu xususiyatlar yana bir bor ko‘rib chiqildi. Mazkur tumanda 15 000 abonent ESKUE tizimiga ulangan bo‘lib Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi xodimlari, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati, “Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi” vakillari ishtirokida o‘tkazildi. Sinov tizimning benuqson ekanini ko‘rsatishi bilan birga yangi hisoblagich o‘rnatilgan hududda elektr energiyasi iste'moli 18 foizga kamayganini ko‘rsatdi. Iqtisod qilingan elektr energiyasi avariyalar yoki cheklash natijasida emas, balki zamonaviy texnologiyalar tufayli yuzaga keldi.

– Ilgari turli sabablar bilan kuchlanish oshib ketsa, uydagi elektr jihozlar kuyib qolardi, – deydi Samarqand shahrida yashovchi iste'molchilardan biri. – Hozir esa, ana shu ko‘ngilsizlik biror marta ro‘y bermadi. Faqat bir xil kuchlanishga ega elektr energiya bilan ta'minlanganmiz.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ vakili Ravshan Botirov quyidagicha tushuntirib berdi:

– Mazkur hisoblagichlar “aqlli” uskuna hisoblanib, kuchlanish birdan me'yoridan ortiq oshib ketsa avtomatik tarzda o‘zi o‘chib qoladi. O‘z navbatida viloyat elektr tarmoqlari korxonasida joylashgan markaziy kompyuter – serverga bu haqda “online” axborot paydo bo‘ladi. Umuman, markaziy server tizimning “yuragi” hisoblanib, nafaqat viloyat, balki alohida bir hudud, hatto har bir abonentning elektr iste'moli sarfi bo‘yicha ham to‘liq axborot yig‘ib boradi. Har qanday tushunmovchilikka shu yerdan turib javob olish mumkin. Bugungi kunda Samarqandda 750 ming nafardan ziyod iste'molchi bo‘lsa, serverning quvvati jami 1 000 000 nafar iste'molchiga mo‘ljallangan.

Alohida ta'kidlash kerakki, ushbu zamonaviy elektr hisoblagichlar iste'molchilarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablag‘lari evaziga bepul o‘rnatib berilmoqda.

Ayni vaqtda Samarqandda har kuni o‘rtacha mingta abonent ana shunday zamonaviy tizimga ulanmoqda.

Top