21:40 / 24.06.2019
17760

Ingushetiya rahbari iste'fo berdi. U respublikani 11 yildan buyon boshqarayotgandi

Ingushetiya rahbari Yunus-Bek Yevkurov iste'foga chiqdi. U Ingushetiya milliy televideniyesida shu haqda e'lon qilgan.

«Men RF prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga muddatidan avval respublika rahbarligidan ozod etish iltimosi bilan murojaat qilmoqchiman», — degan Yevkurov.

Yevkurov Ingushetiyani 2008 yildan buyon boshqarib kelayotgandi. 2009 yilda u suiqasd oqibatida og‘ir jarohat olgan va bir oydan ortiqroq vaqtni shifoxonada o‘tkazgandi.

U yaqinda lavozimga qaytadan tayinlangandi - uning muddati 2023 yilgacha edi. 

2018 yilning 26 sentyabrida Ingushetiya va Checheniston rahbarlari Yunus-Bek Yevkurov va Ramzan Qodirov 1991 yilda Chechen-Ingushetiya ASSR tugatilgach aniq rasmiy chegarasi bo‘lmagan bu hududlar o‘rtasida ma'muriy chegaralarni belgilash to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagandi. Shundan keyin ikki hafta davomida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi (bu kelishuvga ko‘ra qo‘shni respublika qo‘shimcha hududlarga ega chiqqandi).

RF Konstitutsion sudi bu kelishuvda qoidabuzarlik holati topmagan.

2019 yil bahorida Ingushetiya hukumati referendum haqidagi qonunga o‘zgartirish kiritishga qaror qildi, undan respublika chegarasini o‘zgartirish haqidagi savol olib tashlandi. Buning natijasida 26-27 mart kunlari navbatdagi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyish vaqtida aholi va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqdi.

Aksiyadan keyin ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarish va politsiyaga hujum bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi va bu ish doirasida 27 kishi qo‘lga olindi. Ular orasida ingush muxolifati yetakchilari ham bor edi.

Top