19:22 / 24.06.2019
5382

Transport vaziri o‘rinbosari: «Chekka hudud aholisi ham eng yaqin avtostansiyaga uzog‘i bilan bir soatda yetib olishi kerak»

Bugun, 24 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida transport vazirligi tomonidan o‘tkazilgan press-brifingda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar muhokama etildi.         

Tadbirda qatnashgan transport vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamov avtomobil transporti yo‘nalishi bo‘yicha tuman bekatlari va avtostansiya, avtovokzallar barpo qilish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Eng chekka hudud aholisiga ham sifatli transport xizmati ko‘rsatilishi lozim. Ular uzog‘i bilan bir soatda avtostansiya va avtovokzalga yetib borishi kerak va bu bo‘yicha maxsus konsepsiya ishlab chiqdik. Buning uchun nimalar qilinishi zarur? Har bir tumanda kamida bittadan avtostansiya, barcha viloyat markazlarida esa avtovokzallar barpo qilinishi bo‘yicha ishlar qilinyapti. 25ta avtovokzal qurilishi va rekonstruksiyasi belgilangan. Tumanlarda 19tasi yangidan barpo qilinyapti», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, oraliq bekatlarni qurish borasida ham salmoqli natijaga erishilgani aytildi. Tuman markazlaridan chekka hududlarga 107ta yangi yo‘nalish ochildi. 320ta tuman bekatlari qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning joylashuvi hokimiyat tomonidan belgilanadi. Xususiy sektor tashabbusi bilan ham shu kabi 240ta loyiha tasdiqlandi.  

Top