16:15 / 25.06.2019
7041

Aksionerlik jamiyati tuzish tartibi soddalashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligida birja kotirovkalari ro‘yxatiga kiritilgan emitentlar bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 20 martdagi 531-sonli qonuniga asosan qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan paydo bo‘lgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan javob berildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

Qonunga kiritilgan asosiy o‘zgartirishlar nimadan iborat va tadbirkorlarga qanday imtiyozlar taqdim etadi?

1996 yil 26 aprelda qabul qilingan «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning ayrim moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, aksionerlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilishga doir bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan. 

Masalan, aksionerlik jamiyati tuzilayotgan vaqtda ustav fondi 400 ming dollarni tashkil qilishi (bank va sug‘urta kompaniyalari bundan mustasno) va Ustav fondining miqdori shu miqdordan kamayib ketgan taqdirda AJning yopilishi haqidagi tartib bekor qilindi.

20 martdagi o‘zgartirishga ko‘ra, aksionerlik jamiyatlari nazorat kengashida kamida bir nafar «mustaqil a'zo» bo‘lishi shart. Xo‘sh, mustaqil a'zo kim va nimaga kerak?

«Bu barcha aksionerlik jamiyatlariga tegishli emas. Faqatgina, Respublika fond birjasi kotirovkasiga kirgan aksionerlik jamiyatlarining nazorat kengashida kamida bir nafar mustaqil a'zo bo‘lishi kerak. Bu o‘sha jamiyatning shaffofligini ta'minlaydi. 

Chunki, qonunga ko‘ra, «mustaqil a'zo»ning aksionerlik jamiyatiga aloqasi bo‘lmasligi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Rivojlangan davlatlarda AJ nazorat kengashini 80 foizdan 100 foizigacha mustaqil a'zolar tashkil qiladi. Yevropa, Rossiya va hozirgi kunda Qozog‘istonda ham mustaqil a'zolar instituti tashkil qilingan. Bizda bu jarayon muhokama bosqichida» , —  deydi Emitentlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Qurbonov.

Birja kotirovkasi nima? U aksionerlik kompaniyalariga nima beradi?

Birja kotirovkasi — birjalar orqali sotiladigan mahsulotlar bahosi. Har bir birja ularni ma'lum tizimga soladi va chop etadi. Odatda, kotirovkalar ertalabki va kechki savdo (birja sessiyasi) boshlanishiga va tugashiga mo‘ljallab chop etiladi. 

«Buning afzalliklari ko‘p. Masalan, aksiyaning bozor qiymatini belgilaydi, oldi-sotdi jarayoni birja orqali amalga oshiriladi. Ikkinchidan, birja bu — bozor. Siz bozorga mahsulotingizni qo‘yasiz, xaridor sizni qidirib topadi. Bu jarayon davomiy bo‘lganligi sababli tovarga bo‘lgan taklif ham ortib boradi», —  deya izoh beradi Qurbonov.

Top