8578.36 USD +3.62

9628.35 EUR -119.41

134.52 RUB -1.31

10742.7 GBP -141.24

21:27 / 25.06.2019 3793

«O‘zbekiston OAVni amalda haqiqiy to‘rtinchi hokimiyatga aylantirish yo‘lida». YeXHT vakiliga so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jamoasining Avstriyaga ishchi tashrifi doirasida YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda agentlik direktori Komil Allamjonov feysbukdagi sahifasi orqali ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, muloqot davomida O‘zbekistondagi islohotlar yo‘nalishi va ko‘lami, jumladan, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va so‘z erkinligini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar batafsil muhokama qilindi.

Foto: Facebook/Komil Allamjonov

“YeXHT vakiliga O‘zbekistonda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi so‘nggi jiddiy o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi. Jumladan, davlat rahbari tomonidan mamlakatimizda so‘z erkinligi va OAV rivojiga alohida e'tibor qaratilayotgani hamda O‘zbekiston OAVni amalda haqiqiy to‘rtinchi hokimiyatga aylantirish yo‘lida ekani bildirildi”, deb yozadi Allamjonov.

Allamjonovning ma'lum qilishicha, Arlem Dezir xorij axborot resurslariga kirishdagi texnik muammolar bartaraf etilganidan mamnunligini izhor qildi. U shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni va ularning natijalarini katta qiziqish bilan kuzatib borayotgani hamda bu jarayonlarni yuqori baholashini ta'kidladi. 

“U keng ko‘lamli o‘zgarishlarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi tufayli erishilgani va bu islohotlar nafaqat davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta'minlashga, balki mazkur sa'y-harakatlarning natijasi butun mintaqadagi holatga ijobiy ta'sir ko‘rsatishiga ishonch bildirdi”, deya ta'kidlaydi Komil Allamjonov.

Suhbat davomida O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorij jurnalistlarining mamlakat qonunlari hamda xalqaro etika me'yorlari, standartlariga rioya etishi masalalari ham muhokama qilindi.

Foto: Facebook/Komil Allamjonov

Ta'kidlanishicha, ijtimoiy va maishiy masalalarga qasddan siyosiy tus berish, yolg‘on yo‘li bilan va faktlarni tekshirmasdan noto‘g‘ri ma'lumotlarni uzatadigan “Ozodlik” radiosining o‘zbek xizmati xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tanqidga qarshi emasligi, biroq tanqid asosli, xolis va jurnalistik faoliyat mezonlari buzilmagan holda bo‘lishi kerakligi yana bir bor ta'kidlangan.

Avvalroq Komil Allamjonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jamoasi hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Tomas Greminger o‘rtasida uchrashuv tashkil etilgani haqida xabar qilgandi.

Top