8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

22:03 / 25.06.2019 5529

«Dom»lardagi liftlar muammosi qachon tugaydi?

Foto: UNIAN

«12 qavatli uyda yashaymiz. 2019 yilning yanvar oyidan buyon bizni lift muammosi qiynab kelmoqda. Shu kungacha bormagan joyimiz, murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi. Hamma joyda bir gap: sabr qilinglar, sizlarning muammongiz o‘rganilmoqda. Bu yil lift o‘rnatib beriladi! Va'dalardan charchadik, yuqori qavatda yashovchi qo‘shnilar, ayniqsa, nogiron, keksa otaxon va onaxonlar lift ishlamayotganidan ancha aziyat chekmoqda. Axir ular yosh bola emas-ku...»

Toshkent shahri Yashnobod tumani Tuzel-3 mavzesi «Mohinur»  mahallasidagi 80-V-uy fuqarolari lift muammosidan qiynalyapti. Bu haqida «Mahalla»  nashri yozmoqda.

Maqolada bayon etilishicha, nosoz lift muammosi faqatgina «Mohinur»  mahallasidagi fuqarolarga taalluqli emas. Bu muammodan ko‘pchilik aziyat chekyapti. 

«Sergeli tumanida joylashgan «Shukrona»  mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda ham lift borasida bir talay muammolar bor. Ayni kunda hududdagi 8ta ko‘p qavatli uyda 34ta lift mavjud bo‘lib, ularning deyarli barchasi allaqachon o‘z xizmat vazifasini ado etib bo‘lgan. 1980 yillarda qurilgan bu uylarga liftlar aynan o‘sha yillari o‘rnatilgan. Oradan 30 yildan ortiq vaqt o‘tdi hamki, yangisiga almashtirilmadi. Hozir 6-uyda 1 ta, 2-uyda 1 ta, 5-uyda esa 2 ta liftda muammo mavjud. Aytish kerakki, ularning barchasi nosoz holatga kelgan. Ishlayotganlari ham buzilib qolishi hech gap emas» , ─ deyiladi maqolada.

Sergeli tumanidagi «Minnatdor mijoz lyuks»  uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari Ismoil Amurshayevning so‘zlariga ko‘ra, liftni sozlash uchun ko‘p hollarda aholidan pul yig‘iladi, ammo qisqa muddatda uskuna yana ishdan chiqadi. Bundan esa ko‘pchilik odamlar norozi bo‘ladi. 

«Uskuna kunora buzilgani uchun lift ichida ba'zan odamlar qolib ketadi. Yaxshiyamki, mahallamizda lift tuzatadigan usta bor. Buzilib qolsa, tezda chaqirib kelib, sozlatamiz. Odamlar xavfsizligini o‘ylab, o‘tgan yili tumandan soha bo‘yicha mutaxassislarni chaqirib, mahallamizda doimiy faoliyat olib borishi uchun sharoit yaratdik. Dastlab, har bir xonadon oyiga aynan lift uchun 10 ming so‘mdan pul yig‘ib beradigan bo‘ldi. Lekin mablag‘ ularni qanoatlantirmagani uchun «Biz bu pulga ishlay olmaymiz»  deb ketib qoldi. Fikrimcha, har bir mahallada liftyor bo‘lishi kerak. Ertaga uskuna ishlamay qolsa va mutaxassis yetib kelgunicha biror ko‘ngilsiz hodisa ro‘y bersa, bunga kim javob beradi?»  ─ deydi Amurshayev.

2,5 mingdan ziyod lift ta'mirga muhtoj

— Respublika shahar va tumanlarida 34 ming 584 ta ko‘p xonadonli uylar mavjud.Bulardan 1778ta ko‘p xonadonli uyda 5316ta lift uskunalari o‘rnatilgan. 2019 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, ularning 2,5 mingdan ziyodi ta'mirga muhtoj. Ko‘p xonadonli uylarda istiqomat qiluvchi aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish hamda liftlardan foydalanishda xavfsizlikni ta'minlash maqsadida mavjud ta'mirga muhtoj qurilmalarni sozlash va yangisiga almashtirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan «Ko‘p xonadonli uy-joy fondining lift uskunalarini ta'mirlash va almashtirish parametrlari»  ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2019 yilda respublika bo‘ylab, 157 ta yangi, zamonaviy va elektron tizimda ishlovchi qulay lift uskunalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan, — deya Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmat rahbari Ali Poshsho Ahmedovning so‘zlari keltirilgan.

Yangi liftning narxi qancha?

«Ko‘p xonadonli uylarni va issiqlik ta'minoti obektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi»  DUK bosh muhandisi Ilhom To‘rayev tomonidan berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, liftlarni ta'mirlash, eskisi o‘rniga yangisini o‘rnatish katta mablag‘ talab etadi. 9 bekatli liftning narxi hozirgi kunda 145 million so‘mdan 174 million so‘m atrofida. Bundan tashqari, eski liftni montaj qilish va sozlash ishlari uchun 15-20 million so‘m mablag‘ sarflanadi.

Albatta, ko‘p qavatli xonadonlarda lift muammosining mavjudligi aholi uchun jiddiy noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Ammo, nazarimizda,qars ikki qo‘ldan chiqadi. «Dom» larda istiqomat qiluvchilar ham liftdan foydalanishda me'yor va talablarga (belgilangan ko‘rsatkichdan og‘ir yuklarni tashish, bolalarning liftni o‘ynashi) rioya etishlari lozim.

Top