8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

17:40 / 25.06.2019 21841

Zominda 103 nafar tibbiy xodimga ogohlantirish xati berilgan. Qisqartirish sababi nima?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Miromon Mirziyoyev nomli tibbiyot birlashmasining o‘ttiz xodimi ishdan bo‘shatilayotganiga norozilik bildirdi» sarlavhali xabar tarqaldi.

Unda Jizzax viloyati Zomin tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam shoxobchalarida ishlaydigan 30 nafardan ortiq hamshira, dori taxlovchi, kichik tibbiy xodim va dispetcherlar 18 iyun kuni tuman Xalq qabulxonasiga borib, ishdan noqonuniy bo‘shatilayotganiga qarshi norozilik bildirgani, tibbiyot birlashmasidagi rahbarlardan pora orqali o‘zlari ishga olgan xodimlar ko‘p vaqt o‘tmay (olti oy) shtat qisqargani tufayli mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantirish xati olgani aytilgan.

Tuman tibbiyot birlashmasida aslida ham yoppasiga shtat qisqarganini bahona qilib 100 nafardan ziyod tibbiy xizmat xodimlariga ogohlantirish xatlari berilganmidi? Xodimlarga ogohlantirish xatlari qanday asoslarga ko‘ra berilgan edi?

«Maqolada 2019 yilning 18 iyun kuni tuman «Xalq qabulxonasi»ga tibbiyot birlashmasining o‘ttiz nafar xodimi norozilik namoyishi qilib kelgan, deb yozilgan ekan. O‘sha kuni o‘ttiz nafar emas balki, mehnat shartnomasi bekor bo‘layotganidan norozi bo‘lgan 6 nafar xodim shikoyat qilib kelgan edi. Biz murojaatchilar bilan suhbatlashdik. Ularning e'tirozini yozma ravishda qabul qildik. To‘rt nafar xodim ariza bilan murojaat qilishni xohlamay chiqib ketdi. Biz tegishli tartibda ikki nafar xodimning murojaatini rasmiylashtirib, Zomin tumani prokuraturasiga yo‘lladik. Ayni damda surishtiruv ishlari boshlangan», — deydi tuman «Xalq qabulxonasi» bosh mutaxassisi Bozorboy Boybo‘tayev.

Tuman tibbiyot birlashmasida mehnat shartnomasi bekor qilinayotgani haqida ogohlantirish xati olgan kichik tibbiy xodim Hilola Kubayeva bilan suhbatlashganimizda may oyidan boshlab kompensatsiya to‘lovi olayotganini, oxirgi ish kuni 20 iyulgachaligi, lekin haliyam umidi so‘nmaganini bildirdi.

«18 iyun kuni ishda edim. Ishdan bo‘shatilayotgan xodimlar Zomin tumani markazidagi «Xalq qabulxonasi»ga borib, meni ham chaqirishdi. Bir amallab yetib bordim. U yerda men qatori ogohlantirish xatlarini olgan 6 nafar ishchi bor ekan. U yerda 30 nafar xodim norozilik namoyishi uyushtirmagan edi. Men borganda to‘rt nafar xodim fikridan qaytib ketib qoldi. O‘sha kuni murojaat qilib bormagandim. Faqatgina ishchilarimiz «keling, biz sizga ishonib murojaat qilyapmiz», deyishgani uchun borgandim.

Lekin murojaatchilarning ko‘pchiligi o‘z fikridan qaytdi. Men ularni tushunaman. Tibbiyot birlashmasidagi bir guruh vakillar uyma-uy yurib, arz qilmoqchi bo‘lgan xodimlarimizning oilasiga bosim o‘tkazib, fikridan qaytarishga undashgan.

Mening turmush o‘rtog‘im kasallik tufayli olamdan o‘tgan. Uch nafar farzandim bor. Boquvchisi yo‘q oilamiz. Qaynotam bilan bir hovlida istiqomat qilamiz. Men hech kimga pora berib ishga o‘tmaganman. Bu haqiqat. Tuman «Xalq qabulxonasi»ga murojaat qilganimda ular menga shu ishni taklif qilishgan. Ulardan minnatdorman. Bilasizmi, menga ayni damda ish joyim juda ma'qul, o‘zimizning hududda joylashgan. Haftada ikki kun navbatchilikda turaman. Qolgan kunlari kunlik ish haqi to‘lanadigan mavsumiy ishlarda ishlayman. Farzandlarim ham yonimda. To‘rt yil ish topolmay sarson bo‘lganman. Hali ishlayotganimga olti oy to‘lgani yo‘q. Nega biz bilan mehnat shartnomasini bekor qilishayotganiga tushunmay qoldim. Bu ishga bekorga kirishmadim. Fikrimcha, bu yerda qandaydir «o‘yin» bor.

Bunday deyishimga asos bor. Joriy yilning may oyida tumanimizda sayyor qabul bo‘ldi. Toshkentdan kattalar kelishdi, deyishdi. Men ham bordim. Menga qo‘shilib kompensatsiya pulini olib, ishdan bo‘shaganlar ham borishdi. O‘sha paytda tuman tibbiyot birlashmasidagi rahbarlar sayyor qabulga kirishimizga qattiq qarshilik ko‘rsatishdi. O‘shanda ko‘nglimda shubha uyg‘ondi. Qarshiliklarga qaramay men qabulga kirdim. Murojaatimni aytganimda ular menga «Qani o‘sha 103 nafar xodim? Biz sizning bir og‘iz gapingizga ishonolmaymiz. Kelishsin ular ham deyishdi». O‘shanda yakkalanib qolganimni his qilsam-da, fikrimdan qaytmaslikka o‘zimga so‘z bergandim», — deydi Hilola Kubayeva.

Hilola Kubayeva qo‘lida shikoyatchilarning xohishi bilan yozib olingan videolavha borligini, ammo u bu lavhalarni oshkor etolmasligini, xodimlar noroziligidan so‘ng birlashma kadrlar bo‘limi boshlig‘i, katta hamshira va boshqa xodimlar shikoyat bilan chiqqan har bir xodimning uyiga borib, da'volaridan voz kechishini talab qilgani, shu bois bu videolavhalar ularning oilasiga zarar yetkazishi mumkinligini bildirib o‘tdi.

Ismi sir qolishini istagan shifokorlardan biri biz bilan suhbatda agar haqiqatan ham xolis komissiya tuzilib tibbiyot birlashmasi tekshirib chiqilsa, ko‘p o‘yinlar yuzaga chiqib, tibbiyot birlashmasi oshxonasidagi o‘g‘irliklar, mablag‘ bilan bog‘liq turli noqonuniy harakatlar, dori-darmon ta'minotidagi kamchiliklar va eng muhimi — shifokorlar shtatining o‘zboshimchalik bilan qisqartirilib, natijada ishlab turgan shifokorlarga ikki baravar ish yuklanayotgani aniqlanishini aytib o‘tdi.

Zomin tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Rustam Ibragimov vaziyatga izoh berdi.

«Xodimlarning ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risida haqiqatan ham may oyida ogohlantirish xati berganmiz. Afsuski, bunga hech qanday asosimiz yo‘q. Gap shundaki, bizga Jizzax viloyat Moliya boshqarmasidan shunday ko‘rsatma bo‘lgan. Eng qizig‘i, o‘tgan yilning dekabr oyida ishga olingan 103 nafar xodimning hammasi uchun 2019 yil dekabr oyigacha ish haqlari moliyalashtirilgan. Biz ularga tushuntirganmiz, ogohlantirish xatini ham shunchaki ishchilar shoshib qolmasligi uchun berib chiqqan edik. Shunda ham ularga «sizning masalangiz iyul oyida hal bo‘ladi», deb tushuntirgan edik.

Ularning qabulxonaga borgani shoshmashosharlik bo‘ldi. Xodimlarimiz kimlarningdir yolg‘on gapiga uchib shunday qilishgan, aslida ularning hech biri bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan. Xodimlarning barchasi oylik maoshini olib ishlab yuribdi. Eng qizig‘i, «pora berib ishga kirganmiz», deya da'vo qilayotgan ko‘pchilik xodimlar tanlov asosida tegishli tartibda ish bilan ta'minlangan. Bu haqda komissiya xulosalari ham bor. Menga qolsa barcha xodimlar o‘z o‘rnida ishlagani ma'qul, lekin moliya boshqarmasi nega bunday topshiriq berganiga hayronman. Shoshilinch tez yordam shoxobchalari ishlab turgani ma'qul», deydi u.

Navbatdagi savollarimizga Jizzax viloyati moliya boshqarmasi «Sog‘liqni saqlash muassasalarini moliyalashtirish bo‘limi» boshlig‘i Akbar Rahmatullayev javob berdi.

«2017 yilning mart oyida «O‘zbekiston respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2857-sonli qarori chiqqan edi. Shu qarorga ko‘ra, joylardagi QVPlar qisqartirilib, o‘rniga tez tibbiy yordam tayanch punktlari tashkil etilishi lozim edi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Jizzax viloyatida 166ta QVP bo‘lsa, ulardan 88tasi tugatilgan va viloyatda 23ta ana shunday tez tibbiy tayanch punktlari tashkil etilgan. Aynan respublika rahbari qarorga asosan 2018 yil may oyida shtatlar bo‘yicha normativ hujjat ham qabul qilingan. Zomin tumani tibbiyot birlashmasidagi bosh shifokor va iqtisodchilarning normativ hujjatda ko‘rsatilgan shtat jadvali bo‘yicha emas. Tushunmovchilik oqibatida 103 nafar xodimni asossiz ishga qabul kilishgan. Bir so‘z bilan aytganda, hujjatda kichik stansiyalarga olinishi kerak bulgan xodimlar tayanch punktlariga ishga olingan, aslida tayanch punktlariga bu shtatlar ajratilmagan. Tez tibbiy yordam kichik stansiyalari aholisi 100 mingdan oshgan hududlarda tashkil etiladi, agar Zomin tumanida 160 ming aholi bo‘lsa, demak bu tumanga bitta tez tibbiy yordam kichik stansiyasi to‘g‘ri keladi. Tibbiyot birlashmasidagi xatolik tufayli bugun o‘nlab tayanch punktlariga aslida kichik stansiyalarga olinishi lozim bo‘lgan xodimlar ishga qabul qilingan. Biz ularning bu xatolarini vaqtida aniqlab, tushuntirish berdik. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham xat bilan chiqdik.

Xatolik tufayli olingan oshiqcha shtat davlatni o‘marish bilan teng emasmi? Bu holat tibbiyot birlashmasi rahbariyatining xatosi tufayli yuzaga kelgan. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ayni damda bir ishchining mehnat shartnomasini asossiz bekor qilish uchun kerakli qonuniy hujjat asos taqdim etishingiz kerak. Bu yerda 103 nafar xodimning taqdiri turibdi. Biz ham bu muammo haqida o‘yladik. Bizga viloyatimizdagi boshqa tumanlar u qadar muammo tug‘dirmadi. Tibbiyot birlashmalaridagi rahbariyat bilan kelishgan holda bo‘sh turgan shtatlarga ishchilarni yo‘naltirdik, ammo Zomin tumanida birorta bo‘sh shtatning o‘zi yo‘q. Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi deyishadi. Bu holat bugun bo‘lmasa ertaga tekshirishlarda albatta yuzaga chiqardi. Ularga har qancha tushuntirishga harakat qilmaylik vaziyat shu darajaga yetib keldi», deydi u.

O‘rganishlarimiz natijasida bilganimiz shuki, Zomin tumanidagi tibbiyot birlashmasida haqiqatdan ham 103 nafar xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish xatlari berilgan. Ishga qabul qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan xodimlarning bunday muammoli vaziyatga tushishi Zomin tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyatining qo‘pol xatosi tufayli yuzaga kelgan.

Umid qilamizki, Hilola Kubayeva kabi murojaatchilarga «nega jurnalistga arz qilasan, masalani shu yerda ham hal qilardik, jurnalist senga hech narsa qilib bera olmaydi», deya po‘pisa qilayotganlar vaziyatga adolat bilan yondashib kerakli choralarni ko‘rishadi.

Hilola Kubayeva esa iyul oyining yigirmanchi sanasini kutmoqda.

Umid qilamizki, tez kunlarda Zomin tumani tibbiyot birlashmasida ro‘y berayotgan bu kabi «tushunmovchiliklar»ga aniqlik kiritiladi.

Gulchehra ShARIPOVA,

Kun.uz muxbiri

Teglar

Top