8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

20:41 / 26.06.2019 1683

BMT: Xalqaro tashkilotlarga hisobdorlikda xolis bo‘lish kerak 

26 iyun kuni Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator idoralari mutaxassislari ishtirokida «Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida indikatorlarni joriy etish» mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda 2030 yilga qadar mo‘ljallangan 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda (O‘zbekiston ularning 16tasiga qo‘shilgan), xususan, inson huquqlarining ta'minlanishida statistik ma'lumotlarning ahamiyati xususida so‘z bordi.

Davlat statistika qo‘mitasi direktor o‘rinbosari Mahmudjon Ziyodullayevga ko‘ra, inson huquqlari muhofazasi bo‘yicha Bosh prokuratura, Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz ma'lumotlari asosida doimiy monitoring ishlari olib boriladi.

«Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha 206ta indikator belgilangan bo‘lib, ularning 130dan ortig‘i aynan inson huquqlariga taalluqli. Endilikda bu indikatorlarni davlat organlariga taqdim etib, aynan ular bo‘yicha ma'lumotlarni yurgizish ko‘zda tutilgan. Yaqinda nsdg.stat.uz portali ishga tushirilib, unga aynan barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha statistik ma'lumotlar joylashtirib boriladi, hozirda bu portal test rejimida ishlayapti», ─ deya ma'lumot berdi Ziyodullayev.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi mutaxassisi Natalya Seytmuratova davlat xalqaro tashkilotlarga hisobdorlikda xolis bo‘lishi kerakligini qayd etib o‘tdi.

«Xalqaro tashkilotlarga taqdim etiladigan hisobotlarda ma'lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatish, o‘z kamchiliklariga bila turib ko‘z yumishdir. Bundan hech qanday naf yo‘q, davlat o‘zini aldagani qoladi, xolos. Undan ko‘ra, xolis monitoring va aniq statistik ko‘rsatkichlarni belgilash, xalqaro tashkilotlardan kerakli yo‘riqlarni olish, talab etilganda donorlik yordamlarini olish kerak», ─ deydi mutaxassis.

Inson huquqlari bo‘ycha milliy markaz direktori o‘rinbosari Oybek Ahmadovning bayon qilishicha, mamlakatda inson huquqlari ta'minlanishida jazoni o‘tash muassasalarida ham ishlar olib borilmoqda. 

«Jazoni o‘tash muassasalarida barcha sharoitlar xalqaro standartlarga amal qilinmoqda. Jazoni o‘tayotganlarda sharoitlar yoki nazoratchilarning muomalasidan shikoyat bo‘lsa, muassasa hududida tashkil etilgan Ombudsman va prokuraturaning murojaatlar uchun qutilariga o‘z shikoyatlarini solishlari mumkin. Darhol kerakli choralar ko‘riladi», ─ deydi u.

Top