07:33 / 26.06.2019
112421
Gulnora Karimovaning Prezidentga va xalqqa murojaati. Hozirgacha bizga nimalar ma'lum?
Foto: Valeriy Levitin/RIA «Novosti»

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova 6 yil deganda ilk marta xalqqa murojaat bilan chiqishi haftaning muhim xabarlaridan biri bo‘ldi.

Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova instagramdagi sahifasida onasiga tegishli ekanligi taxmin qilingan va hozirda o‘chirilgan akkauntidan olingan shov-shuvli postni e'lon qildi.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

«Bu mening 6 yil ichidagi ilk murojaatim. Men uchun duo qilganlarga rahmat deyman. Familiyamning mas'uliyatini his qilgan holda bilib-bilmay qilgan ishlarim haqida o‘ylab olish uchun menda yetarlicha vaqt bo‘ldi. Bu vaqt davomida o‘zimga nisbatan talabchanroq bo‘lishim va o‘zimni siporoq tutishim lozim bo‘lganini angladim. Ortda qolgan bu qiyin davrda shunchalik o‘zgardimki, hozir qilgan ishlarim uchun o‘zimga hukm chiqarishim mumkin. Men butun xalqdan, meni tushungan va hurmat qilgan barchadan kechirim so‘rayman. Xuddi avval qilganim kabi hozir ham o‘zimni oqlash haqida o‘ylayotganim yo‘q. Aktivlarim davlatga qaytarilishi borasida hamkorlik taklif qilinishi bilan hamkorlikni boshladim. Bu pullar Vatanim rivojiga katta hissa qo‘shadi deb o‘ylayman. Prokuratura mening davlatga qaytarilgan aktivlarim qiymati haqida aniq ma'lumot bermayotgan bo‘lsa ham, men bu haqda protokol uchun aytishim mumkin. Mamlakat hududida bo‘lgan 1,2 milliard AQSh dollari qiymatidagi aktivlarim allaqachon mening nazoratimdan chiqib ketgan va davlat byudjeti foydasi uchun ishlamoqda. Shveytsariyadagi muzlatilgan hisob raqamlaridagi pullar haqida gapiradigan bo‘lsam, bu faqat men bilan hal bo‘ladigan ish emas. Mening O‘zbekistondagi korxonalarimda ishlagan 15 ming odam yordamida topilgan bu pullarga boshqa davlatlar ham da'vo qilmoqda.

Men va advokatlarim 131 million AQSh dollari miqdoridagi pullar qaytarilishi uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. 555 million dollarlik boshqa summa uchun ham harakatni boshlaganmiz. Ko‘rgan qiyinchiliklarim, bolalarimning oxirgi 2 yildagi ko‘rgan azoblari uchun nolimoqchi emasman. Mening ishimni olib borganlarning ko‘piga hukm chiqarildi. O‘zining tashkiloti nomidan qo‘lidan kelmaydigan va'dalarni berganlar esa ish joyini o‘zgartirib ketdi. Masalan, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Shavkat Umrzoqov.

Prokuraturaning boshqa xodimlari esa hozir ham mening ustimdan nazorat o‘rnatishga harakat qilishmoqda.

Ayni damda meni salomatligim bilan bog‘liq muammo qiynamoqda. Ikkita operatsiyani o‘tkazishim zaruriyati Prezidentga murojaat qilishga majbur qildi. Men haqimda yolg‘on ma'lumot tarqatganlardan farqli o‘laroq xalq mening mamlakatdagi eng katta qora kuch emasligimni bilishiga umid qilaman va bunga ishonaman. Men yagona boquvchisi hisoblangan farzandlarim onasi bilan birga bo‘lishga haqli. Ayniqsa davlatga xiyonat va terrorizmda ayblangan ayollar oilasiga qaytayotgan bir vaqtda. Yurak porogi bilan tug‘ilgan qizim ayniqsa ko‘p qiynaldi.

Shavkat Miromonovichni otamning o‘rinbosari va shogirdi sifatida bilaman. U bu haqda xalqqa murojaatlaridan birida aytgandi. U bilan «Kelajak ovozi», «Yangi avlod», «Asrlar sadosi» va yana ko‘plab loyihalarda birga ishlaganmiz. Uning bag‘rikengligiga umid qilgan holda tez orada bolalarim bilan ko‘rishish imkoni bo‘ladi deb o‘ylayman.

Bundan tashqari men chin dildan sevgan va yurak urishi otamning qilgan ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan Vatanim uchun xizmat qilishga tayyorman. Men qonunlarimizga ishonaman»,- deb murojaatini yakunlagan Gulnora Karimova.

Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

U O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan trillionlab so‘m daromadni soliqdan yashirganlik, o‘zgalarning trillionlab so‘mlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSh dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblangan.

2013 yilda Shveytsariya hukumati Jeneva va Tsyurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga tegishliligi gumon qilingan 800 million frankni muzlatib qo‘ygandi.

24 iyun kuni, Gulnora Karimovaning murojaatidan bir kun o‘tib Shveytsariya bosh prokuraturasi «Gulnora Karimova ishi» doirasidagi tekshiruvlar asosida 130 million frank miqdoridagi mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishi haqida ma'lum qildi.

«Olti yildan beri olib borilayotgan murakkab jinoyat ishi tergovining bir qismi sifatida Bosh prokuratura O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi yoki faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lgan xorijiy kompaniyalardan yirik miqdordagi noqonuniy yig‘imlar olinishi sxemasini fosh qiluvchi dalillarga ega bo‘ldi. Bu sxema doirasida yig‘ilgan pullar xorijda, asosan Shveytsariyada yuvilgan», deyiladi prokuratura xabarida.

Prokuratura xabarida qayd etilishicha, bu mablag‘lar Gulnora Karimovaning qarindoshiga nisbatan tergov jarayonida musodara qilingan.

2004−2013 yillarda «o‘ta faol bo‘lgan» bu shaxs pul o‘tkazmalarining kelib chiqish manbalari va haqiqiy foydalanish maqsadlarini yashirgan holda ulardan bir qismini yuvish maqsadida kompaniyalar nomidan bank hisob raqamlarini ochgan. U shuningdek, mablag‘larning haqiqiy egasi Gulnora Karimova ekanini yashirish uchun soxta bank hujjatlariga imzo chekkan.

Tekshiruvlar davomida bu shaxsga 390 ming frank miqdoridagi jarima qo‘llangan. Bundan tashqari, prokuratura 130 million frankdan ortiq mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida musodara qilgan.

Ayni vaqtda Shveytsariyada bu ish doirasida yana 5 nafar gumonlanuvchi tergovda bo‘lib turibdi, ularning hisoblaridagi 650 million frankdan ortiq mablag‘ ham muzlatilgan.

Gulnora Karimovaning murojaatidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu keng muhokama qilinmoqda.

Shu kunlarda Ombudsman Ulug‘bek Muhamadiyev Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida bo‘lib, Gulnora Karimova bilan uchrashdi.

Xabarlarga ko‘ra, ombudsman bilan suhbat davomida Gulnora Karimova muassasaning tibbiy shaxsiy tarkibiga o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam va e'tibor uchun minnatdorchilik bildirgan. «Vrachlar ko‘rsatmasiga asosan u tizimli ravishda zarur tibbiy preparatlarni olib turibdi. Bugungi kunda Gulnora Karimovaning umumiy holati qoniqarli, u sog‘lom ovqatlanish ratsionini qabul qilmoqda», — deyiladi Ombudsman hisobotida.

Hozircha bizda shular. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Top