8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

15:30 / 26.06.2019 2677

Maqolaga FVV munosabati: Bo‘linmalar talab doirasida jihozlangan

23 iyun kuni Kun.uz saytida uyi yongan, o‘t o‘chirish xizmatidan norozi bo‘lgan oila haqida material berilgandi. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu maqola yuzasidan munosabat bildirdi.

Vazirlik bergan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati FVB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining mutaxassislari bilan birgalikda Toshkent tumani, «Ko‘ksaroy» hududi Kamalak berk ko‘chasidagi yongan xonadonlarga borib vaziyat o‘rganilgan. 

«2019 yilning 4 iyun kuni Toshkent shahar FVB YoXB Kuch va vositalarni tezkor boshqarish markaziga fuqarolar tomonidan qo‘l telefoni orqali soat 04:51da Toshkent viloyati, Toshkent tumani, «Ko‘ksaroy» hududi «Chig‘atoy» MFY, Kamalak berk ko‘chasi 16 va 17-uylarda yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar berilgan.

Birinchi jangovar bo‘linma yong‘in joyiga 04:58da (7 daqiqada) yetib borgan. Jangovar bo‘linma yetib kelgan vaqtda Kamalak ko‘chasi 16-uyning 150 kv.m maydonda tomi, shifti va ichki qismi to‘liq alanga bilan qoplangani hamda yong‘in Kamalak berk ko‘chasi 17-uyning tom qismiga 60 kv.m joyiga o‘tib yonayotgani aniqlangan.

Yong‘inni keng maydonga tarqalib ketishiga asosiy sabab, xonadon egalari tomonidan yong‘inni kech payqagani hamda yong‘in xavfsizligi xizmatiga kech xabar berilganidir.

Yong‘in joyiga kelgan bo‘linmalar jangovar vazifalarni bajarishlariga fuqarolar tomonidan xalaqit berilishiga qaramasdan yong‘in tarqalishi oldi olingan. Natijada, Kamalak ko‘chasi 17-uyning 100 kv.m maydoni saqlab qolingan hamda qo‘shni 15 va 18-uylarga yong‘in tarqalishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Yong‘in sodir bo‘lgan ko‘cha torligi, daraxtlarga shakl berilmagani va yong‘indagi issiqlik ta'siri balandligi natijasida yong‘in o‘chirish avtomobili yong‘in sodir bo‘lgan xonadondan taxminan 60 metr uzoqlikda vazirlikning buyruq talablari asosida xavfsizlikni ta'minlagan holda joylashtirilgan. 

Yong‘in joyiga yetib borgan bo‘linmalar shaxsiy tarkibi yong‘in o‘chirish rahbarining ko‘rsatmasiga asosan o‘z harakatlarini amalga oshirishadi, ya'ni suv dastaklarini aynan yong‘in o‘chog‘iga emas balki alanga atrofga tarqalmasligi uchun qaratiladi. Keyin asosiy yong‘in o‘chog‘iga dastaklar qaratiladi.    

Yong‘in katta maydonga tarqalib ketmasligi oldini olish va bartaraf etish uchun dastaklar to‘g‘ri va kerakli miqdorda berilgan.

Ma'lumot o‘rnida, Toshkent tumani yong‘in xavfsizligi garnizonida jami 4ta yong‘in o‘chirish avtoulovlari mavjud bo‘lib, ularning har biri 3 turdagi narvonlar, 4 xil turdagi yenglar (400 metr) va boshqa yong‘in o‘chirish anjomlari bilan vazirlikni amaldagi buyruq talablari asosida to‘liq jihozlangan», deyiladi ma'lumotnomada.

Qayd etish kerakki, ushbu ma'lumotlar maqolada ham keltirib o‘tilgan edi. O‘t o‘chirish bo‘linmalari talab darajasida jihozlangani aytilayotganiga qaramay qo‘shni uylar yonib kul bo‘lgan bo‘lsa, bo‘linmalarning moddiy-texnik bazalarini tanqidiy ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lar, balki.

P.S. Maqolani yozish davomida vazirlik saytiga kirib, yong‘in bo‘yicha ko‘rsatmalar, Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi haqida ma'lumotlar topa olmadik. Jamiyat uchun zarur bunday ma'lumotlar ham vazirlik rasmiy saytiga joylashtirilib borilishiga umid qilib qolamiz. 

Top