8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

13:40 / 26.06.2019 33278

Ochiq chegara: Taksichining sakkiz hikoyasi - O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari haqida maxsus loyiha

Siyosatchilar, jurnalistlar va ekspertlarning barcha toifalarining ikki asr oralig‘ida Yevroosiyo qit'asining qoq markazida nimalar yuz bergani haqidagi bahslari to‘xtashiga hali ancha bor bo‘lsa kerak. Inson mohiyati va voqealar mantig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan aql bovar qilmas hodisalar yuz berdi.

1991. 31 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e'lon qilish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. 10 kundan so‘ng — 9 sentabr kuni Tojikiston Respublikasining Sho‘roi Oliy sessiyasida «Tojikiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida»gi qarori va bayonoti e'lon qilindi.

1992. 5 mayda Tojistonda fuqarolar urushi boshlandi. Avgust oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ushbu vaziyatga aralashish taklifi bilan BMTga maktub yo‘lladi. Urush natijasida 195 ming kishi MDH mamlakatlari, asosan O‘zbekiston va Rossiyaga qochishga majbur bo‘lgan.

1992. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar to‘xtatildi.

1996. Yanvar oyidagi ayni qattiq sovuq kunlari O‘zbekistondan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatildi.

2001. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida viza rejimi joriy etildi.

2009. O‘zbekiston Markaziy Osiyo energiya tizimi tarkibidan chiqdi. Rasmiy Toshkent Tojikistonda Rog‘un GESi qurilishiga qarshi chiqishda davom etdi.

2009–2010. Tojikiston Respublikasi uchun temir yo‘l tranzitining bir necha oylik blokadasi.

2011. O‘zbekistondan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish butunlay to‘xtatildi.

2012. Yanvar oyida ta'mirlash ishlarini o‘tkazish vaji bilan Tojikiston bilan chegaradagi 16ta o‘tkazish punktining 9tasi yopiladi.

2014. Sentabr oyida Dushanbeda o‘tgan ShHT sammiti doirasida O‘zbekiston – Tojikiston muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Ushbu muzokaralardan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi 500 mln. AQSh dollaridan 2,1 mln. AQSh dollarigacha tushib ketgan tovar aylanmasi hajmi yana o‘sa boshlaydi.

2017. Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar, G‘alaba – Amuzang temir yo‘li qaytadan tiklanadi, Samarqand – Panjakent uchastkasidagi A-377 xalqaro avtomobil yo‘li ochiladi.

2018. Viza rejimi bekor qilinadi. O‘zbekiston Tojikiston bilan chegaralarni minalardan tozalash ishlarini boshlaydi. Tadbir 2019 yil oxirida tugatilishi rejalashtirilmoqda.

2019 yil 2 mart holatiga ko‘ra, Tojikiston – O‘zbekiston chegarasida barcha 17ta nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklanadi.

Qadimdan yonma-yon, tinch-totuv yashagan, umumiy an'analar va e'tiqodga ega ikki qardosh xalqlar bir-biridan ajraldi. Yuqoridagi yilnomani biz bejizga «Sovuq urush» deb atamadik. XX asr oxiri XXI asr boshlaridagi tojik-o‘zbek munosabatlarida allaqachon jahon tarixi darsliklariga kiritilgan o‘sha mashhur «sovuq urush»ning barcha alomatlari bor edi. Hatto, devorlargacha bo‘lgan alomatlar ham bor. 2018 yil fevral oyida «Sarazm-Jartepa» (O‘zbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati chegarasi) nazorat-o‘tkazish punktidan olib tashlangan qisqagina uch metrli devorni Berlin devori bilan taqqoslab bo‘lmaydi, biroq... oddiy inson tilidan hikoya qilingan mana shu sakkizta qisqa hikoyani o‘qib, o‘zingiz xulosa qilasiz.

Siyosatchilar va ekspertlar o‘z maqolalarida Tashqi ishlar vazirliklari notalari, davlat rahbarlarining bayonotlari, qandaydir majlislarga tayanadilar. Biz bugun prezidentlarni ham, diplomatlarni ham esga olmaymiz. Voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan guvoh — jurnalistga kerak bo‘lgan xolis axborotning asosiy manbai. U chegaraga tutashgan xo‘jandlik oddiy taksichi O‘ktam Xo‘jayevdir. U eshitishni biladigan inson. Uning yo‘lovchilari — Markaziy Osiyodagi ushbu «sovuq urush»ni boshdan kechirgan odamlar. Bu hikoyalarda hamma narsa: hayot va o‘lim, muhabbat va ayriliq, quvonch va alam yoshlari va albatta, umid bor. Demak, O‘zbekiston va Tojikiston chegarasi: qanday edi va qanday bo‘ldi?

(Tahririyatdan: O‘zbekistonlik va tojikistonlik jurnalistlar tomonidan tayyorlangan «Ochiq chegara» maxsus loyihasi bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin)

Birinchi hikoya. Eshitishni biladigan inson

O‘ktam Xo‘jayev 40 yildan buyon taksichilik qiladi, odamlarni chegaraga olib boradi va u yerdan olib qaytadi. Sovet yillarida u mijozlarni O‘zbekiston shaharlariga ham olib yurgan, chunki o‘shanda chegaralar faqat qog‘ozda edi-da. Keyin esa, ular imkonsiz haqiqatga aylandi.

U shu yillar davomida ko‘p narsani ko‘rdi: urush, erkaklar ko‘zida yosh, nazorat-o‘tkazish punktida hushidan ketgan ayollar, narigi tomonga yaqinlari oldiga o‘tkazib yuborishlarini qor va yomg‘ir ostida soatlab kutgan chegaradagi insonlar – bularning bari uning ko‘z o‘ngida bo‘lgan.

O‘sha og‘ir paytlarda u mijozlarni soatlab kutgan bo‘lsa, hozir unda tinim yo‘q. Chegara va chegara ortida siyosatlardan charchagan qon-qarindoshlar, talabalar, operatsiyasi faqat O‘zbekistonda qilinishi mumkin bo‘lgan bemorlar jam bo‘lishgan.

Uning «Opel» rusumli mashinasi bir kunda yuzlab kilometr yo‘l bosyapti.

O‘ktam kamgap odam, biroq eshitishni biladi. So‘nggi 20 yil ichida u o‘z yo‘lovchilaridan shunchalik ko‘p voqea eshitganki, ulardan o‘zbek-tojik munosabatlari, aniqrog‘i, eng og‘ir davrlar va yaqindagina yuz berib, minglab insonlar hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirgan iliqlik haqida butun boshli kitob yozishi mumkin edi, ehtimol.

Ikkinchi hikoya. Tojikistonlik kelin

«Barcha baxtli oilalar bir-biriga o‘xshab ketadi, har bir baxsiz oila o‘zicha baxsiz», deb yozgan edi bir yarim asr oldin mashhur rus adibi. O‘shandan buyon o‘tgan vaqt davomida bu mashhur ibora qisman aqidaga ham aylandi. Biroq bizning holatimizda buning aksi bo‘ldi. Bizning qahramonimiz taksi haydovchisi O‘ktam o‘z yo‘lovchilaridan bir-biriga o‘xshaydigan o‘nlab hikoyalar eshitgan. Va bular baxtli oilalar emasdi.

SSSR yillarida ittifoq respublikalari o‘rtasidagi chegaralar xayoliy bo‘lgan, o‘zbeklar va tojiklar yonma-yon yashashgan, qiz berib qiz olgan paytlar... chegaralar yopilganidan so‘ng, uning ikki tomonidan yuzlab oilalar qoldi. Siyosatchilar otalarni farzandidan, sevishganlarni, er-xotinlar va hatto farzandlarni ham ajratishdi. Ko‘plab yosh oilalar yuzaga kelgan vaziyatning asiriga aylandilar. Kelin kuyovnikiga borolmaydigan, yoki aksincha, ular birga bo‘lgach, uyga qaytolmay qoldilar – buning uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va shu kabi boshqa amallar bajarilishi talab etildi. Ko‘pchilik qarindoshlar uchun bir necha kilometr nariga to‘yga borish esa, umuman imkonsiz masalaga aylandi. Kimdir oylab vizasini kutar, kimdir chegaradan noqonuniy o‘tishga urinib ko‘rardi.

Shu bois, oddiy odamlar birinchi navbatda, oilalarning birlashganini chegaralarning ochilishi va ikki mamlakat munosabatlari o‘rtasidagi «yaqinlashuv»ning eng asosiy afzalliklaridan biri deb ataydilar.

Bekobodlik Dildora Rahimberdiyeva:

Bolaligimda qo‘shnilarimiznikiga o‘zbekistonlik qarindoshlari tez-tez kelib turishardi. Ular orasida mening bo‘lajak qaynotam va qaynonam ham bo‘lgan. Ular shu yerda tug‘ilgan. Biroq sobiq SSSR davrida Bekobodga ko‘chib ketishgan. Men ularni juda yoqtirardim, ularning o‘g‘li Zafarjon bilan birga o‘ynardim. Maktab yillarida biz do‘stlashdik.

Keyin u armiyaga ketdi. Men Xo‘jandga o‘qishga kirdim. Shundan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasida to‘satdan chegara paydo bo‘ldi, bir-birimiz bilan bordi-keldi qilish qiyinlashib qoldi. Zafarjon armiyadan qaytgach, bizni unashtirdilar. Uning ota-onasi mening o‘qishni davom ettira olishimni va'da qilib, ota-onamni ko‘ndirishdi.

Biroq ota-onam menga chegaralar yopilganini, vaziyat murakkablashganini aytishdi. «Sen biznikiga kelolmasang, biz esa, senikiga borolmasak, qanday ko‘rishib turamiz?». Zafarjonning ota-onasi ahvol yaxshilanishiga ishonishardi va meni kelin qilib olishdi.

Mening qiyinchiliklarim ana shundan boshlandi. Bir yil o‘tmay farzandli bo‘ldim. Ota-onam bilan ko‘rishish uchun chegarada 7-8 soatlab navbatda turardim. Askarlar: «Kim seni O‘zbekistonga turmushga chiqqin degan?» deb aytishardi. Ular bizga nisbatan biz xuddi jinoyatchilardek, qo‘pol munosabatda bo‘lishardi. Ular faqat menga o‘xshagan yoshlar bilangina emas, 70-80 yoshli qariyalarga nisbatan ham shunday edilar.

Bu juda alam qilardi. Men turmush o‘rtog‘imga: agar chegaradan o‘tsam, orqaga qaytmayman, derdim. Men o‘qishni tugatdim va ishga kirish masalasi paydo bo‘ldi. Maktabga ishga joylashdim. O‘sha vaqtga kelib chegaralar butunlay yopildi. Viza tartibi joriy etildi. Viza olish uchun bir yil kutish kerak bo‘ldi.

Buvam dunyodan ko‘z yumganida, men nazorat-o‘tkazish punkti oldida uch kun yig‘laganman, biroq baribir dafn marosimiga bora olmaganman. Onam kasal bo‘lib qolganlarida ham chegaradan o‘tolmaganman. Keyin esa, akam betoblanib qoldi. Erta tongdan boshlab, 10 soat davomida Tojikistonga qaytishga harakat qildim, lekin hech narsaga erisha olmadim.

Shunda turmush o‘rtog‘im meni kechqurun chegaradan noqonuniy o‘tkazib yuborishlarini gaplashib kelganini aytdi. Biroq shaharda nazorat-o‘tkazish punktidan aylanib o‘tishga harakat qilgan 25 yashar yigitni askarlar otib o‘ldirganlari haqida mish-mishlar tarqalgan edi.

Endi esa, hamma narsa o‘zgardi. Ahvol yaxshilandi, haqiqat g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng men ham o‘g‘limni tojikistonlik qizga uylantirdim. Hozir biz bir-birimiznikiga tinchgina borib kelamiz, faqat bir narsa – mashinada chegaradan o‘tish qiyinroq va biroz qimmat.

Yana bir muammo: boshqa mamlakatdan bo‘lgan, O‘zbekistonga turmushga chiqqan qizlar fuqarolik olishda qiynalishmoqda. Men ham 25 yil fuqarolik olmaganman.

Viza olish uchun 20-30 AQSh dollari, tezroq viza olish uchun esa 70-80 dollar to‘laymiz. Bekoboddan uyimizgacha 5-10 kilometr, biz «Oybek» postidan o‘tamiz, bu esa, yo‘l xarajatlari deganidir (150-200 kilometr). Qachon fuqarolikni olishimiz noma'lum...

Biroq bugun baxtli kun — xonadonning barcha a'zolari to‘plangan. Bu narsa ikki yil avval hech imkonsiz edi axir.

Uchinchi hikoya. Shifokor xorijga chiqish pasportini yozib berdi

Qora marker

Unchalik katta bo‘lmagan yorug‘ xonada qora marker devorga osilgan. U yo‘qolib qolmasligi uchun ip bilan bog‘lab qo‘yilgan. Banklarda yozuv ruchkalarini yoki tamaki ko‘cha do‘konlarida yondirgichlarni shunday saqlashadi. Pastda stul turibdi. Unda chamasi o‘ttiz yoshlardagi erkak o‘tiribdi. Unga tibbiyot baxilalari va boshiga jarrohlik shapkachasini kiydirishadi.

— Menga qarang, — deydi hamshira, — to‘g‘ri qarang!

Haligi erkak ko‘zini ochmasdan boshini hamshiraning ovozi kelgan tomonga buradi. U ko‘rmaydi, go‘yo yorug‘lik uni qiynayotgandek, faqat ko‘zlarini qisadi xolos.

Hamma narsa tayyor bo‘lgach, hamshira qo‘lini cho‘zib, markerni oladi va bemorning chap qoshi tepasidan qisqa qora chiziqlarni chizadi. Bu «so‘nggi shtrix». Haligi kishini operatsiya xonasiga olib ketishadi. Bog‘lab qo‘yilgan marker xuddi osma kapgir kabi yarim daqiqa davomida inersiya bo‘ylab u yoqdan bu yoqqa tebranadi...

— Bemor Tojikistondan kelgan. U uzoqni yaxshi ko‘rolmaydi, biz unga sun'iy ko‘z gavharini qo‘yamiz. Hozir u minus 18 dioptrdagi ko‘zoynaklarni taqyapti, operatsiyadan so‘ng minus bir yarimlik ko‘zoynaklar ham unga kifoya qiladi, - deydi Toshkentdagi klinikalardan birining bosh shifokori Umar Ubaydullayevich Toshmuhamedov.

Avvallari tojikistonlik bemorlar ko‘z operatsiyasi uchun (ko‘pincha) Hindistonga yoki Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg klinikalariga borishlariga to‘g‘ri kelgan... Endi esa, tojikistonliklar, masalan So‘g‘d viloyati aholisi davolanish uchun yaqinroq joyga borishmoqda.

Qo‘shni mamlakatdan bizga katarakta tashxisi qo‘yilgan bemorlar uzoqni ko‘ra olmaslikni davolash (optik-rekonstruksiya operatsiyasi), asosan shishasimon modda va to‘r pardada jarrohlik operatsiyasini amalga oshirish uchun kelishadi (to‘r pardada jarrohlik operatsiyasini amalga oshirish sohasi Tojikistonda u qadar rivojlanmagan). Og‘ir ko‘z jarohatlari yoki qandli diabet bilan kasallangan bemorlar ham uchrab turadi.

Ilgari O‘zbekistonda davolanishni xohlovchilar viza hujjatlarini rasmiylashtirishga uzoq vaqt sarflanishi tufayli kechga qolardilar. Ular shifoxonalarga kelgunlaricha, kasallik ancha kuchaygan bo‘lardi. Endi esa, bemorlar bir necha soatlarda kerakli tibbiyot muassasasida hozir bo‘lishmoqda.

Ko‘rish qobiliyatim Toshkentda tiklandi

2014 yilning 11 mart kuni xo‘jandlik o‘qituvchi Subhi Begmatova ishga ketishdan oldin ko‘zguga yaqinlashadi va ... o‘zini ko‘ra olmaydi. Uning chap ko‘zi deyarli ko‘rmayotgan edi. U bir necha klinikaga murojaat qiladi, davolanish tadbirlarini boshlaydi, dorixonama-dorixona yuguradi. Shifokorlar unga operatsiya qilish kerakligini tavsiya qilishadi, biroq Tojikistonda bunday operatsiyani qilolmasliklarini aytishadi. Qardosh O‘zbekistonga borish qiyin, shu bois Rossiya, yana o‘sha Moskva, Yekaterinburgga borishga to‘g‘ri keladi...

— Bizda o‘qituvchilarning maoshi hamisha kam bo‘lgan. To‘g‘ri, bu oylikka yashash mumkin, biroq yaxshigina pul to‘plash juda qiyin. Ayniqsa, tibbiyot operatsiyasi uchun, — deydi pedagog.

Ikki oy oldin u uyquga yotayotgan mahalda o‘ng ko‘zida ham qandaydir o‘zgarish yuz berganini his qiladi: xonadagi lampochka pushti rang bo‘lib ko‘rinadi. U shu zahotiyoq shifokoriga qo‘ng‘iroq qiladi. Shifokor qanday dori ichish kerakligini aytib, ertasiga zudlik bilan o‘ziga uchrashishini tayinlaydi. Ertalab o‘qituvchi uning qabuliga boradi. Shifokor so‘ragan birinchi narsa: - Xorijga chiqish pasportingiz bormi? - degan savol bo‘ladi.

Tojikiston fuqarolarining Toshkentda davolanishlari ancha arzonga tushadi. Bundan tashqari, bu yerda ularning ko‘pchiligining qarindoshlari, do‘stlari, Subhi opaning esa, hatto o‘quvchilari ham yashashadi. Bu degani, yo‘lkira va yashash xarajatlari ham iqtisod bo‘ladi.

«Chegaradan o‘tish ko‘p vaqt talab etmadimi?» degan savolga u hammasi tez o‘tganini va chegarada uni iliq kutib olishganini aytdi. Bundan tashqari, chegarachilar ayolning yaxshi ko‘rolmasligi va uzoq kutilgan operatsiya uchun O‘zbekistonga borayotganini eshitib, uni navbatsiz o‘tkazib yuborishdi.

Davolanish uchun O‘zbekistonga

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaralar ochilishi bilan qo‘shni davlatdan Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Neyroxirurgiya institutiga keladigan bemorlar soni ham ancha oshdi. Ana shulardan biri — Abduvosil Sobirov.

— Toshkentga borib davolanishim kerakligini bu yerda shifo topib kelgan yaxshi odamlar menga tavsiya qilishdi, — deydi Abduvosil. — Chegaralar ochilgunga qadar bemorlar operatsiyani Rossiyada qildirardi, biroq buning uchun juda ko‘p pul kerak edi. Chegaralar ochilishi bilan hammasi o‘zgardi. Bizning xalqlarimiz asrlar osha yonma-yon yashagan, qarindoshlar bir-birlari bilan bordi-keldi qilishgan, yoshlar to‘ylarni nishonlagan. Qo‘shnimning xotini asli Toshkentdan. Chegara yopilganida, bayramlarda yoki qadrdonlarnikiga mehmonga borish ham qiyinlashgan edi. Ular har safar viza rasmiylashtirishga majbur edi. Bir necha yilda bir marta borishardi. Hozir esa, prezidentlarimiz sharofati bilan ahvol yaxshilandi. Yurtboshlarimiz do‘stlashdilar va bundan hammaga faqat yengillik bo‘ldi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur institutda yiliga 300dan ziyod neyroxirurgik operatsiya amalga oshiriladi. Shulardan 50dan ortig‘i turli mamlakatlardan tashrif buyurgan bemorlarda o‘tkaziladi. 2018 yilda Tojikistonning qariyb 35 nafar fuqarosi yordam so‘rab, ushbu maskan shifokorlariga murojaat qilishgan.

2016 yilda mazkur klinikada 160 nafar xorijlik bemor davolangan bo‘lsa, 2018 yilda ularning soni 350 nafardan oshgan. Bemorlar o‘z uylaridan yiroqda bo‘lsalar ham, yaqinlari bilan bemalol muloqot qila oladilar – bu yerda Wi-Fi’dan foydalanish imkoniyati yaratilgan palatalar ham bor.

Chegaralar ochilishi va viza rejimi soddalashtirilishi bilan Tojikistondan tashrif buyurayotgan bemorlar soni bir necha barobarga oshdi. Toshkentdagi shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni mamlakatdan kelgan bemorlar asosan, bosh miya, orqa miya, artrit kasalliklari, eshitish qobiliyatida buzilishlardan shikoyat qiladi.

To‘rtinchi hikoya. Xo‘jand uchun novvot

Hududiy iqtisodiy aloqalarning asrlar osha yo‘lga qo‘yilgan shakllaridan biri bo‘lgan chegara savdosining nechog‘lik muhim ekanini iqtisoddan ancha uzoq bo‘lgan kishiga ham tushuntirish shart emas. Ayniqsa bozor madaniyatining bir qismi, muloqot qilish joyi va jamiyatdagi kayfiyatlarning va albatta iqtisodiy vaziyatning o‘ziga xos barometri bo‘lmish Sharqda chegara savdo-sotig‘i nihoyatda ahamiyatli.

Chegaralar yopilganida, So‘g‘d viloyati bozorlari va do‘kon peshtaxtalari bo‘shab qolgan edi, desak xato bo‘ladi. Biroq, ushbu hududning geografik joylashuvi shundayki, qo‘shni O‘zbekistondan tovar olib kelishga qaraganda Dushanbedan mahsulot olib kelish ancha qiyin. Ayniqsa, qishda, ko‘chkilar tufayli ko‘pincha dovonni yopib qo‘yishganida bu jarayon yanada murakkablashadi.

Shunday bo‘lsa-da, hatto «sovuq urush» yillarida ham chegaradan kechasi yashirincha tovar olib o‘tgan dovyurak insonlar bo‘lgan. Odatda bunday ishlar bilan ayollar shug‘ullangan. Ular 10–15 nafar bo‘lib to‘plangan holda, tungi soat 2-3larda tavakkal qilib, «tepalik ortiga» otlanishgan.

Chegaralar ochilishi bilan hammasi tubdan o‘zgardi. Endi O‘zbekistondan butunlay qonuniy ravishda shirinliklar, pechene, pomidor, bodring, gulkaram, qaytishda esa, quritilgan o‘rik (turshak), malina, kartoshka olib o‘tishmoqda...

«Chegaralar yopiq paytlarda O‘zbekistondan juda kam tovar olib kelinar edi. Hozir ahvol ancha yaxshi. Chegaralar ochilishi bilan mening ishlarim yaxshilandi. O‘zbek novvoti, shirinliklar, holva, shokolad juda xaridorgir bo‘lmoqda», — deydi Panjshanbe bozorida sotuvchilik qilayotgan Rahbar Karimova.

Chegara tumanlarida savdo-sotiq bilan birga kichik tadbirkorlik ham rivojlanib bormoqda.

Mahliyo Sultonova turmush o‘rtog‘i Shuhrat Sultonov bilan o‘z ishlarini yo‘lga qo‘yganiga ham uch yil bo‘ldi.

 Sultonovlarning oilaviy korxonasida novvotdan tashqari, xotin-qizlar va bolalar kiyim-kechagini tikish sexi va novvoyxona ham bor. Chegaralar ochilishi tadbirkorlarga o‘z mahsulotlarini qo‘shni Tojikistonning So‘g‘d viloyatiga olib o‘tish imkonini berdi.

Beshinchi hikoya. Ilm ol, talaba!

Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-sonli talabalar uyining nufuzi ilgari ham ancha baland edi. Hali akademiyadan nom-nishon ham bo‘lmagan paytlarda, Toshkent tibbiyot instituti bo‘lgan. O‘shanda mazkur to‘qqiz qavatli binoda faqat xorijiy talabalar istiqomat qilishgan.

Afrika, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq mamlakatlari, Hindiston va o‘sha paytda Sovet Ittifoqining yordami tekkan barcha davlatlardagi yoshlar shifokorlik ilmini o‘rganish uchun Toshkentga kelishgan. Bu yerda arabcha so‘zlashuvni, okean orti musiqasini eshitish mumkin edi. Tibbiyot shaharchasidan ToshMI klinikasiga olib boruvchi kichik ko‘chada esa, kechki paytlarda sari kiygan qizlar sayrga chiqardi.

SSSR qulaganidan so‘ng xorijiy talabalarning Toshkentga kelishi ham kamaydi. Bino bir necha yillar davomida bo‘shab qoldi. 2005 yilda Toshket tibbiyot akademiyasi tashkil etildi. Yaqin paytgacha Rossiya, Isroil, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Ukraina, Ozarboyjon va Erondan kelgan talabalar ushbu ta'lim dargohida tahsil olishgan. O‘tgan yili bu yerga tojikistonlik abituriyent Ernazar Xusanov ham kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdi.

Bugun uning otasi o‘g‘lini ko‘rgani Toshkentga keldi. Umarali Xusanov So‘g‘d viloyati Devashtich tumani Nurobod qishlog‘idagi o‘rta maktabda o‘qituvchi.

— Men farzandlarim xorijda oliy ta'lim olishini hamisha xohlaganman. Bilim olish uchun Chinga ham borish mumkin. O‘zimizda malakali shifokorlar yetishmaydi, shu bois, o‘g‘limni o‘qitish uchun O‘zbekistonga yubordim. Farzandim Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirganidan juda xursandman, — deydi u. — Ilgari buni faqat orzu qilardik, xolos.

Agar tojikistonlik abituriyentlarni Toshkentda tahsil olish, avvalambor oliy ta'lim dargohlarining nufuzliligi bilan jalb qilsa, (Toshkent tibbiyot akdemiyasi – butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi ta'lim muassasasi hisoblanadi), chegaralar ochilishi bilan O‘zbekistonda ham ushbu eng yaqin xorijda o‘qishni xohlovchilar paydo bo‘ldi. Buning eng asosiy sabablaridan biri - bu O‘zbekiston bilan taqqoslaganda, shartnoma puli kamligi. Shuningdek, Tojikiston oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari uchun tanlov (har bir o‘ringa odam soni) ham nisbatan kamroq.

Gulnoza Odilova – akademik B. G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universitetining 1-bosqich talabasi. U rus filologiyasi fakultetida tahsil olmoqda. Gulnozaning aytishicha, bu yerda tahsil olish unga juda yoqadi, axir ushbu ta'lim dargohida ilm o‘rganish imkoniyati bir yil ilgari – chegaralar ochilganidan so‘nggina paydo bo‘ldi.

Oltinchi hikoya. Harbiy og‘a-inilar

Hamma yoqni olov va tutun qoplagan. Tinmay o‘q va qisqa avtomat ovozlari eshitiladi. Harbiy samolyot va vertolyotlar ko‘kka ko‘tariladi. Zirhli mashinada masxus operatsiyani bajaruvchi askar... Bu – 2018 yilning sentabr oyi, Tojikistonning So‘g‘d viloyati.

Bir guruh jangarilar mamlakat hududiga bostirib kiradi. Trevoga e'lon qilinib, bir paytning o‘zida ikki mamlakat qurolli kuchlarining maxsus bo‘linmalari oyoqqa turadi. Ko‘p yillar davomida birinchi marta tojik va o‘zbek harbiylari umumiy dushmanga qarshi birlashadi.

Natijada, dushman yo‘q qilinadi. Albatta, u xayoliy dushman edi, barcha harbiy harakatlar esa, Xo‘jand yaqinidagi «Choruxdarron» o‘quv poligonida o‘tkazilgan mashqlar edi.

«Mintaqamizdagi ahvol murakkab va u yanada keskinlashishi mumkin. Xalqaro terrorchilik tashkilotlarining qurolli guruhlari, jumladan bevosita janubiy chegaralarimizdagi davlatlar fuqarolarining bir joyga to‘planishining o‘zi alohida xavotir uyg‘otadi. Biz tezkor javob qaytara olishga tayyor turishimiz, har qanday xavfni o‘z vaqtida aniqlab, uni yo‘q qilishimiz lozim. Bu masala o‘zining geografik joylashuvi tufayli ushbu tahdidlar bilan yuzma-yuz kelishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston uchun ayniqsa muhimdir», dedi o‘quv mashqlar ishtirokchilari oldida chiqish qilgan general-leytenant Emomali Sobirzoda.

2018 yilning 17 avgust kuni Toshkentda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Hujjat bilan davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik harbiy sohada ham yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.

To‘g‘ri, harbiylar o‘rtasidagi hamkorlik avval ham bo‘lgan. Masalan, Kollektiv havfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) tadbirlari doirasida. Ammo O‘zbekiston (1999 va 2012 yillarda) undan ikki marta chiqib ketgan.

Yettinchi hikoya. Toshkent osmoni

Aprel oyining oxirida Toshkent viloyatining Bolg‘ali posyolkasida paraplan sporti bo‘yicha Konstantin Trebisovskiy nomli yerga aniq qo‘nish yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi ochiq Kubogi o‘tkazildi.

Turnir nomidagi «ochiq» so‘zi musobaqalarda istalgan mamlakat sportchilari ishtirok etishi mumkinligini anglatadi. Bu gal mazkur Kubokda qo‘shni tojikistonlik paraplanerchilar ilk marta ishtirok etishdi.

Ilhom Sanginovning aytishicha, O‘zbekistonda o‘zining tojikistonlik hamkasblariga o‘rgatadigan professional sportchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Uning ustiga, endi chegaralar ochilib, borib-kelish oson bo‘ldi.

Hozirgi kunda Xo‘jand paraplanchilar klubida mazkur sport turi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 20 nafar kishidan iborat guruh to‘plangan. Boshlovchi uchuvchilar bilan ishlay oladigan o‘zbekistonlik yo‘riqchilarni Tojikistonda kutishmoqda.

O‘tgan yilning mart oyida o‘tkazish punktlarining ochilgunicha va undan keyingi davrda u mamlakatdan bu mamlakatga borib-kelishlarni taqqoslar ekan Ilhom «Buning yer bilan osmoncha farqi bor», — deydi.

Toshkentlik Akmal Rahimov anchadan buyon tojik osmonini «zabt etish»ni orzu qilardi. Zero, Tojikistonning aksariyat tog‘li hududlarida ekstremal sportning ushbu turi bilan shug‘ullanish uchun juda ko‘p sarhadlar mavjud.

Qo‘shni mamlakatga ilk marta yo‘l olgan o‘zbekistonlik paraplanchilar esankirab qolishdi. Chegaradan o‘tishni ular «fantastik» deb atashdi.

Barcha jarayonlar bunchalik tez va to‘xtamasdan amalga oshirilishini hech kim kutmagan edi. Tabiiyki, endi sportchilar va murabbiylar bir-birlarinikiga bemalol borib kela olishlari mumkin.

Sakkizinchi hikoya. Fuqaroligi yo‘q shaxslar uchun chegara

Guvohi bo‘lganingizdek, bugungi hikoyalarimizning aksariyati yaxshilik bilan tugagan. Haqiqatan ham, O‘zbekiston va Tojikiston o‘tasidagi chegaralarning ochilishi ko‘plab oddiy insonlar hayotini ancha yengillashtirdi. Biroq muammolar hali bor. Uning ustiga fuqarolar, aniqrog‘i «fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar» esdan chiqdi. SSSR qulaganidan so‘ng, Tojikistondagi fuqarolik urushi (1992–1997) qochoqlar oqimini yuzaga keltirdi. Ustiga ustak, «fuqaroliksiz» meros bo‘lib o‘tishi ham mumkin ekan.

— Mening ota-onam tojikistonlik, farzandlarim esa, O‘zbekistonda tug‘ilgan. Ularni ushbu mamlakat fuqarosi deb tan olishmayotgani menga alam qiladi. Kecha pasport stolida bo‘lgandim. Ular bolalarimga ham, nabiralarimga ham fuqaroligi bo‘lmagan pasport berisharkan,— deydi Rohatoy Xoliqulova.

Uning to‘rt nafar farzandi bor. Rohatoyning uch nafar o‘g‘li o‘zbekistonlik qizlarga uylanishdi, kelini esa Tojikistondan. Qizlar a'lo baholarga o‘qishadi, biroq ularni ishga olishmayapti, hatto zavodda ishlashga ham. Rohatoyning nabiralari kollejni tugatishgan. Ular mutaxassislik bo‘yicha payvandlovchi va haydovchilikka o‘qiganlar.

Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar nafaqat chegara o‘tish punktlarida, balki ishga joylashishda, hatto FHDYoda ham muammolarga duch kelishmoqda.

— Bir o‘g‘limni ancha paytgacha uylantira olmaganman, — deb davom ettiradi Rohatoy — Uning pasportida fuqaroligi bo‘lmagani uchun hech kim unga qizini berishni istamagan. Yaqinda turmush qurgan oilada xotini hujjatlarini rasmiylashtirish uchun uyga ketib, qaytolmay qolgan holatlar ham bo‘lgan. Uning turmush o‘rtog‘i ikki uch yil kutgach, ajrimga ariza topshirgan. Ota-onaning biri bilan qolgan farzandlar sonini esa hech kim sanamagan ham.

Ko‘pincha bunday insonlar o‘z yaqinlarini so‘nggi manzilga kuzatolmaganlar ham. Buning ustiga chegaralarda ham ularga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishmagan.

«Biz kichik ko‘prikdan o‘tdik va ortimizdan bir askar quvib keldi. Undan oldin qizim oyog‘ini sindirib qo‘ygan edi. Chegarachilar: «Ichida nima borligini ko‘rishimiz kerak», deb gipsni yechishni talab qilishgan», — deydi fuqaroligi yo‘q Robiya Isoqova.

Robiya Isoqovaning biroz omadi kelgan – ota o‘limidan so‘ng akalari unga xorijga chiqish pasportini olishga yordam beradi. Biroq u ham ota uyiga borishga qiynaladi.

— Oldimizda «Bekobod» bojxona posti bor. Xorijiy pasport bo‘yicha faqat «Oybek» postidan o‘tish mumkin edi. U esa bizdan juda uzoqda! Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imgacha bo‘lgan yo‘l bir yarim soat vaqtni oladi. Oldimizda joylashgan punktdan esa, xorijiy pasport bilan ham o‘tkazishmagan, — deydi Robiya Isoqova.

2018 yil 9 martda Dushanbeda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan Fuqarolarning o‘zaro safarlariga oid kelishuv faqat ikki mamlakat fuqarolariga tegishli. Chetda esa, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar qolgan. Undaylar soni O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham yetarlicha.

O‘zaro munosabatlar do‘stonaligini hisobga olib, ikki mamlakat hukumatlariga fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni viza olish zaruratidan ozod qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish bo‘yicha murojaat qiluvchilar soni ham oshdi.

Epilog yoki betaraf yo‘lakdagi mulohazalar

Davlat chegarasidan o‘tish maskani. Odamlar uni oddiy qilib – KPP deyishadi. Aslida ular ikkita. Tojik va o‘zbek tomonida. Oralig‘i 200 metr. Bu betaraf yo‘lak hech bir tomonga, umuman hech kimga tegishli bo‘lmagan hududning bir qismi. Yer yuzidagi birorta davlatga tegishli emas.

Bugun odam juda ko‘p. Har ikkala tomonga harakatlanayotgan odamlarning har biri o‘z fikrlari, his-tuyg‘ulari va umidlariga ega. Ular qanday xayollar bilan band? Xayollar ehtimol, bu narsa boshqa takrorlanmasligi, oilalar birga bo‘lishi, muammolarsiz bandlik, ta'lim va davolanish, yoki shunchaki bir-birinikiga mehmonga borish va hatto paraplanda uchish haqidadir.

Balki o‘zining suyukli insoni va do‘sti bilan bir necha yilda emas, istalgan paytda diydorlashish imkoniyati haqidadir. Bular ko‘z ilg‘agan oddiy narsalar.

Ikki nazorat maskani orasidagi ikki yuz metr yo‘l... odamlar bu yerda kamdan-kam hollarda uchrashadigan vaqtlar bo‘lgan. Ikkala tomonda ham. Endi bu narsa o‘tmishda abadiy qolib ketgan bo‘lsin. Endi bu yerlar doim odamlar bilan to‘lgan, gavjum bo‘lsin.

Top