8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

10:20 / 26.06.2019 12636

Qozog‘istonda to‘xtab qolgan uchta poyezd yo‘lovchilari Toshkentga olib kelindi

Qozog‘iston janubidagi Turkiston viloyati Aris shahrida joylashgan harbiy qismda ro‘y bergan portlashlar oqibatida harakatlanishdan to‘xtatib qo‘yilgan poyezdlar yo‘lovchilari Toshkentga olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

«O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra 2019 yil 25 iyun kuni Ufa shahridan kelayotgan 382-son temir yo‘l reysining qolgan barcha yo‘lovchilari avtobuslar orqali Toshkent shahriga yuborildi.

Shuningdek, Chelyabinsk-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan va Aris shahridagi o‘q-dorilar portlashlari oqibatida Turkiston shahrida to‘xtatib qo‘yilgan «Rossiya temir yo‘llari»ga qarashli 365-reys yo‘lovchilari «Jibek Joli» - «G‘isht ko‘prik» nazorat-o‘tkazish punktigacha Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimiyati ko‘magida, chegaraning bu tomonidan Toshkent shahrigacha esa «O‘zavtotrans» avtobuslarida yetkazildi.

25 iyun kuni kechasi Chimkent shahrida to‘xtatib qo‘yilgan «Novosibirsk-Toshkent» 370-temiryo‘l reysining 264 nafar yo‘lovchisini Toshkent shahriga yetkazish ishlari 26 iyun kuni ertalab davom ettirildi. 

Konsullik-huquqiy departamenti Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (tel. :  +7-717-295-42-52) yoki Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel. :  +7-727-291-11-78) murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi», deyiladi xabarda.

24 iyun kuni Toshkentdan 133 kilometr shimolda joylashgan, 44,3 ming kishi yashaydigan Aris shahrida qurol-yarog‘larning katta portlashi yuz berdi. Shahar aholisi evakuatsiya qilingan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, 70dan ko‘proq kishi jarohat olgan, ulardan 45 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Portlashlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Bundan avvalroq Arisdagi portlash sababli sakkizta poyezd harakati to‘xtatilgani xabar qilingandi.

Top