8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

20:50 / 27.06.2019 3993

Bojxonachilar qariyb 20 ming dona psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi

Bojxonachilar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida yirik miqdordagi psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Jumladan, 24 iyun kuni Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Chilonzor tumanidagi avtoturargohdagi fuqaro J.M.ga tegishli bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinani belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirishdi.

Natijada, ushbu avtomashina yukxonasida 11 ming 860 dona “Sonnat zopiklon 7,5 mg” psixotrop dori vositalari borligi aniqlandi. Qonunbuzarlar ushbu dori vositalarini 41,5 mln. so‘mga pullashni ko‘zlagan ekan.

Shu kunning o‘zida Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Farg‘ona shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Fuqaro A.A. ayol kishi bo‘lishiga qaramasdan jinoyatga qo‘l urdi. U tezkor tadbir davomida shartli xaridorga 100 dona qutida jami 3000 dona “Somnol” Zopiklon 7.5 mg” nomli psixotrop moddalarni 5,2 million so‘mga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Bojxonachilar tomonidan navbatdagi tadbir 25 iyun kuni Andijon shahrida o‘tkazildi. Tezkor tadbir davomida fuqaro S.A.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida ushbu shaxsning yashash xonadonidan 15 ta qutida jami 450 dona “Somnol-Zopiklon 7,5 mg.” nomli psixotrop dori vositasi hamda taxminiy narxi 79,8 mln. so‘mlik 798 qutida 21 xil nomdagi tibbiy dori-darmonlar borligi aniqlandi.

Tadbir davom ettirilib, fuqaro I.A.ning ham yashash xonadoni belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazildi. Natijada mazkur xonadonda jami 4500 dona “Klofelin-Klonidin 0,15 mg” nomli va 29 ta qutida jami 145 dona “Nalbuk-Nalbufin 1 ml” nomli psixotrop dori vositalari hamda taxminiy narxi 33,4 mln. so‘mlik 334 dona qutida 4 xil nomdagi tibbiy dori-darmonlar qonunga xilof tarzda saqlanayotgani fosh etildi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top