8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

13:02 / 27.06.2019 5165

«Pul sarfi nazoratidan direktor lavozimini tasdiqlashgacha».  Maktabdagi kuzatuv kengashlari qanday vakolatlarga ega?

Foto: Depositphotos

Maktablarda noqonuniy pul yig‘imlarining amalga oshirilmasligi, maktab uchun davlat budjetidan ajratilgan mablag‘ning samarali sarflanishi, maktab rahbriyatining ish unumdorligi kuzatuv kengashlari tomonidan nazorat qilinadi. O‘zgarishlar umumta'lim maskanlarida sifat ko‘rsatkichlarining ko‘tarilishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu xususida Maʼrifat nashri maqolasida bayon qilinadi.

2018 yil 5 sentabrdagi «Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi Prezident farmoniga muvofiq, umumta'lim muassasalarida korporativ boshqaruv va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida ota-onalar, sobiq bitiruvchilar, homiylar va boshqa jamoatchilik vakillaridan iborat kuzatuv kengashlari tashkil etilgan edi. Bu kuzatuv kengashlarining vakolatlari va vazifalari nimadan iborat? Maqola shu savollarga batafsil javob beradi.

— Kengashning maqsadi ta'lim jarayoni va maktab moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining shaffofligini ta'minlash, o‘quvchilarning sifatli ta'lim olishi, ularga tegishli shart-sharoit yaratish hamda ta'lim-tarbiya jarayonini qo‘llab-quvvatlashdan iborat Vazirlik tasarrufidagi barcha umumiy o‘rta ta'lim muassasalari uchun tatbiq etiladigan kengashlar yuridik shaxs hisoblanmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi, ─ deyiladi maqolada fikrlari keltirilgan Xalq ta'limi vazirligining umumiy o‘rta ta'lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Murodov.

Kengash qay tartibda tashkil etiladi?

Maqolada keltirilishicha, kengashni tashkil etish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab har bir sinfda ota-onalar yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda ta'lim muassasalarida kuzatuv kengashi tuzish qonun-qoidalari tushuntirilib, maktabning umumiy yig‘ilishida ishtirok etish uchun kamida bir nafar vakil saylab olinadi. Mazkur vakillarga yig‘ilish qarori bilan maktabning umumiy yig‘ilishida sinf ota-onalarining manfaatlarini ifoda etish, muhokamalarda faol qatnashish va qaror qabul qilish davomida ovoz berish vakolatlari topshiriladi. Agar ota-onalar orasida vakillikka munosib nomzod topilmasa, a'zolikka tavsiya etilmasligi ham mumkin.

Shundan so‘ng maktabning umumiy ota-onalar yig‘ilishi o‘tkaziladi va unda kengash haqidagi nizom, uning maqsadi, vakolatlari tanishtirilib, kengash tarkibiga tavsiya etilgan nomzodlar ko‘rib chiqiladi hamda ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Kengash 7 nafardan kam bo‘lmagan, ammo cheklanmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Uning tarkibiga o‘quvchilarning ota-onalari orasidan kamida 2 nafar, sobiq bitiruvchilar orasidan 2 nafar va nafaqadagi sobiq pedagoglar orasidan 1 nafar hamda homiylar orasidan 2 nafar a'zo kiritiladi.

Maktab direktori yoki o‘rinbosarlari, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari kengash a'zosi sifatida saylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Uch yil muddatga saylanadigan tarkib har o‘quv yili boshida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Mazkur kengashning birinchi yig‘ilishi tuman/shahar xalq ta'limi bo‘limlari tomonidan tashkil etiladi. Unda a'zolar orasidan ochiq ovoz berish orqali kengash raisi va kotibi saylab olinadi.

Saylangan rais kengash yig‘ilishlarini chaqirish, o‘tkazish va unga boshchilik qilish, chiqarilayotgan qaror, tavsiyanoma va bayonnomalarni imzolash, ularni to‘g‘ri va to‘liq rasmiylashtirish uchun mas'ul hisoblanadi. Shuningdek, kengash yig‘ilishi o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin a'zolarni xabardor qilish ham raisning zimmasida. Kuzatuv kengashi yig‘ilishlari kamida uch oyda bir marta o‘tkazilishi shart.

Kengash faoliyatiga tuman/shahar xalq ta'limi bo‘limi aralashmaydi va kengash unga hisobdor emas. Maktab direktori kengash ishini tashkil qilish, xususan, hujjatlarni rasmiylashtirish va saqlash uchun zarur bo‘lgan xona, ta'lim muassasasi faoliyati bilan bog‘liq ma'lumotlar hamda kanselyariya jihozlari bilan ta'minlash uchun mas'ul hisoblanadi.

Kengash vakolatlari nimalardan iborat?

Kuzatuv kengashi umumta'lim maktabi direktori lavozimiga nomzod tanlash (saylash)da ishtirok etadi. Endilikda maktab direktorligiga nomzodlar kuzatuv kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Bu bir necha bosqichda amalga oshiriladi.

1-bosqich: tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi yoki hududiy boshqarma tomonidan vakant bo‘lgan umumta'lim maktabi direktori lavozimi bo‘yicha vazirlikning ish.uzedu.uz saytiga e'lon beriladi.

2-bosqich: tuman (shahar) XTB e'lon bo‘yicha murojaat etgan nomzodlar orasidan hududiy boshqarma orqali umumta'lim maktabi direktori lavozimi uchun ta'lim muassasasidagi kuzatuv kengashiga kamida uch nafar nomzod tavsiya etadi.

3-bosqich: tavsiya etilgan nomzodlar kuzatuv kengashi a'zolari tomonidan o‘rganilib, eng munosibi ochiq ovoz berish yo‘li bilan direktor lavozimiga saylanadi.

4-bosqich: kuzatuv kengashi tomonidan saylangan nomzodning lavozimga tayinlanishi to‘g‘risidagi tuman (shahar) XTBning rasmiy xati va kengashning barcha a'zolari imzosi bilan tasdiqlangan bayonnoma hududiy xalq ta'limi boshqarmasiga yuboriladi.

5-bosqich: hududiy xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i tomonidan kengash bayonnomasi asosida saylangan xodimning maktab direktori lavozimiga tayinlanishi haqida buyruq chiqariladi va mehnat shartnomasi imzolanadi.

Kengash a'zolari tomonidan nomzodga qarshi ovoz berilgan taqdirda, uni direktorlik lavozimiga tayinlashni rad etish haqida nomzodni tavsiya etgan Xalq ta'limi vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga ma'lum qilinadi.

Shuningdek, kengash maktabda ijtimoiy-ma'naviy muhitning buzilishi, ta'lim sifatining pasayib ketishi, tizimli muammolar yuzaga kelishi, pedagoglar bilan ma'muriyat o‘rtasida yoki ota-onalar bilan ma'muriyat o‘rtasida nizoli holatlar kelib chiqqan taqdirda, maktab direktorini lavozimidan ozod etish bo‘yicha hududiy boshqarmalarga taklif kiritadi.

Shu bilan bir qatorda, kengash ta'lim muassasasining moliyaviy hisobotlari, homiylik va xayriya mablag‘larining kirim qilinishi hamda sarflanishi haqidagi ma'lumotlar bilan tanishish vakolatiga ega. Bu jarayon ham bir necha bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqich: kengash raisi ta'lim muassasasining tegishli davrdagi moliyaviy faoliyati bo‘yicha maktab direktoridan yoki tuman (shahar) XTBdan tegishli moliyaviy hujjatlar — xarajatlar smetasi, shartnomalar, to‘lov varaqalarini so‘rab oladi.

2-bosqich: kengash a'zolari budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetasini ko‘rib chiqib, maktab rahbariga o‘z takliflarini beradi hamda taqdim etilgan moliyaviy hujjatlarni o‘rganib, rejalar, sarf-xarajatlarning maqsadli amalga oshirilganini tahlil etadi.

Shuningdek, pullik xizmatlar narxlari va ushbu narxlarning shakllanishiga asos bo‘lgan barcha hisob-kitob (kalkulyatsiya)larni hamda tushgan mablag‘larning xarajatlar turi bo‘yicha ish haqi va undan ajratma uchun to‘lovlarga, mashg‘ulotlarni tashkil etish uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlashga, maktabning rahbar va pedagog xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga, kommunal to‘lovlarga maqsadli sarflanishini o‘rganib chiqib, maktab rahbariga o‘z takliflarini bildiradi.

3-bosqich: kengash yig‘ilishida (chorakda bir marotaba) maktabning moliyaviy faoliyati yuzasidan maktab direktorining hisobotlarini tinglab boradi.

4-bosqich: kengash a'zolari maktabning umumiy ota-onalar yig‘ilishida maktabning moliyaviy faoliyati, budjetdan tashqari topilgan va homiylik mablag‘larining maqsadli sarflanishi haqida axborot berib boradi.

5-bosqich: kengash a'zolari qo‘shimcha kirim manbalarini topish, budjetdan tashqari tushumlarni ko‘paytirish, homiylik mablag‘larini jalb etish, moliyaviy faoliyatning shaffofligini ta'minlash yuzasidan maktab direktoriga tavsiyalar berib boradi.

6-bosqich: maktabning moliyaviy faoliyatida noqonuniy xatti-harakatlar, mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi yoki noqonuniy o‘zlashtirilishi, noqonuniy pul yig‘ish kabi holatlar aniqlangan taqdirda, Xalq ta'limi vazirligining audit xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarni xabardor qiladi.

Noqonuniy pul yig‘imiga yo‘l qo‘yilmasligi nazorat qilinadi

Kengash ta'lim muassasasi direktori va direktor o‘rinbosarlarining boshqaruv faoliyati, ta'lim-tarbiya jarayonining sifatli tashkil etilishi kuzatadi. O‘quvchilar va ularning ota-onalaridan noqonuniy pul yig‘imlari undirilmasligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi. Ta'lim muassasasida o‘quvchilar va ularning ota-onalaridan turli sabablar bilan kengash a'zolari, ta'lim muassasasi rahbari va boshqa xodimlar tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat'iyan taqiqlanadi.

Kengash a'zolarining nizomda belgilanmagan vakolatlarga ega bo‘lishiga, maktab direktorining qonunda belgilangan vakolatlariga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Kengash o‘z vakolati doirasiga kirmaydigan ishlarga aralashsa, vazifalarini to‘liq ta'minlay olmasa, Xalq ta'limi vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan tarqatib yuboriladi va yangi tarkib qayta shakllantiriladi.

Xuddi shuningdek, kengash faoliyatiga ta'lim muassasasi rahbari, hududiy boshqarmalar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Kengash raisi, kotibi va a'zolari jamoatchilik asosida amalga oshiradigan kengashdagi faoliyati yuzasidan intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Top