20:32 / 28.06.2019
3940

Feyk xabarlardan himoyalanish uchun qonun hujjati zarurmi?

Feyk axborotlar jamiyat xavfsizligiga qanchalik tahdid soladi? Feyklarga qarshi qonun mexanizmlarini ishlab chiqish kerakmi? Bu xususida Adliya vazirligining «Media savodxonlik va fake news: huquq va mas'uliyat chegarasi» mavzusidagi seminarida so‘z bordi.

Feyk ─ (ing. tilidan) soxta, qalbaki degan ma'nolarni anglatadi. Haqiqatga juda o‘xshab ketadigan yolg‘on xabarlar, maxsus dasturlar orqali o‘zgartirilgan fotosuratlar, montaj qilingan videoroliklar, ijtimoiy tarmoqlarda boshqa shaxslar (odatda mashhur insonlar) nomidan ochilgan yolg‘on akkauntlar feyklarga misol bo‘la oladi.

Seminarda ta'kidlanishicha, feyk tushunchasining paydo bo‘lganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin yolg‘on, soxta axborot jamiyat uchun xavf tug‘diradi. Misol uchun, 1993 yili Ruandadagi genotsid aynan mahalliy radio orqali tarqatilgan yolg‘on xabar ortidan boshlangan. 2018 yili Hindistonda WhatsApp messenjeri orqali tarqatilgan feyk suratlar sababli 25 kishi omma tomonidan o‘ldirilgan.

Shu nuqtai nazardan, ommaviy axborot vositalarining soni va rang-barangligi ortib borayotgan, ochiq platforma hisoblangan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarning soni oshib borayotgan bir paytda feyklarga qarshi qonun hujjati zarurati muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi rahbari Ilhom Abdullayevning ta'kidlashicha, feyk axborotlarning tarqalishini nazorat qilish, buning uchun javobgarlik, soxta axborotning professionallar emas, fuqarolar tomonidan tarqatilishidagi holatlar qonunda aniq ko‘rsatilishi lozim. 

«O‘zini professional deb hisoblaydigan jurnalistlar uzatayotgan har bir axborotining aniqligi va haqqoniyligini tekshirishi lozim. Bu «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida» gi qonunda ham ko‘rsatilgan.Feyk axborot muayyan bir shaxsga yo‘naltirilgan bo‘lsa, u odam sudga da'vo qilishi, o‘z nomini oqlab olishi mumkin. Lekin feyk butun boshli bir qatlamning sha'nini bulg‘aydigan, tartibsizlik keltirib chiqaradigan xabar bo‘lsa-chi? Ular uchun adolatni kim qaror toptiradi?» ─ deya ta'kidlaydi Abdullayev.

Tadbir davomida ta'kidlanishicha, feyklarga qarshi qonuniy kurash amaliyoti bir qancha xorijiy davlatlarda ham mavjud. Xususan, 2018 yilda Malayziyada soxta va yolg‘on axborotning muallifi, shuningdek, bu axborotni tarqatgan, repost qilganlarga ham qarshi jazo qo‘llash haqida qonun qabul qilingan. Keniyada feyk xabarlarni tarqatish jinoyat bilan tenglashtirilgan. Qatarda 2014 yilda qabul qilingan qonunga asosan davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid qiluvchi soxta axborotlarni tarqatish holatlariga 3 yillik qamoq jazosi yoki 137 ming AQsh dollari miqdorida jarima belgilangan. Fransiyada ham saylov va saylovoldi kampaniyasi davrida feyk axborotni tarqatishni taqiqlovchi qonun hujjati ishlaydi. Germaniya Parlamenti qabul qilgan qonunga ko‘ra, 2 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar kontentda paydo bo‘lgan soxta axborotni bir sutka ichida o‘chirib tashlashi shart.

Jurnalist Nikita Makarenkoning fikricha, feyklarga bir tomonlama yondashmaslik kerak. 

«Feyk aslida «targ‘ibot»  deb nomlangan katta bir bo‘rining «dumchasi»,  xolos. Bu bo‘rining boshqa a'zolari ham borligini nazardan qochirmaslik kerak. Yolg‘on yoxud o‘zgartirilgan axborotni targ‘ibot qilish feykdan ham ko‘ra xavfliroq. Vaholanki, O‘zA, «O‘zbekiston24»  aynan shu ish bilan shug‘ullanyapti. Odamlarga yolg‘on axborotga ishonmaslikni, qabul qilinayotgan ma'lumotga tanqidiy ko‘z bilan qaray olishni tushuntirish lozim», ─ deydi Makarenko.

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra,aholining 41 foizi o‘qigan ma'lumotini tekshirib, keyin unga ishonadi, 31 foizi qabul qilingan axborotni tekshirmaydi, 19 foizi esa ba'zi holatlardagina axborotni boshqa manbalar bilan solishtiradi.

Top