8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

15:28 / 29.06.2019 24249

Odamlar nafas olishga qiynalmoqda: Oqdaryoda ammiak chiqindisi havoni chidab bo‘lmas darajaga keltirgan

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi Boshdarxon mahallasi ahli o‘zlari istiqomat qilayotgan hududda havo va suv iflosligi sababli yashash qiyinlashib borayotganidan shikoyat qilishdi. Ijodiy jamoamiz bilan aytilgan hududga borib, aholi bilan suhbatlasharkanmiz ikki soatga yetar yetmas ikkimizning ham «mazamiz qocha boshladi». Bu yerning havosiga chidab bo‘lmasdi (Suvidan-ku ichmadik). Xo‘sh, o‘zi gap nimada? Qanday qilib mazkur hudud havosi bu qadar zaharli, nega ichimlik suvidan odamlar norozi? Va nihoyat asosiy savol — shuncha aholi bu yerdagi ichimlik suvi sog‘lig‘iga zarar yetkazayotgani haqida bir yildan beri shikoyat qilib kelayotgan ekan, nahotki tegishli idoralar suv tarkibini tekshirib ko‘rishmagan?

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

Tekshirilgan! Bir necha marta tekshirilgan va qator zararli moddalar haddan tashqari ko‘payib ketgani tasdiqlangan. Ammo tekshirish natijalari ham, ana shu natijalar ilova qilib qator idoralarga yuborilgan xatlar ham muammoga yechim topmagan.

Ushbu aholi istiqomat qilayotgan hududdagi ichimlik suvi tarkibi haqida joriy yil 17 iyunda Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasiga yuborilgan ma'lumotdan ham bilish mumkin:

Boshqarma ma'lumotida hududdan olingan suv tarkibidagi tahlilga ko‘ra, umumiy temir miqdori – 109dan 136 martagacha ko‘p chiqqan. Shuningdek, muallaq zarrachalar 54dan 9 martagacha, azot ammoniy 17dan 5,86 martagacha, nitrat 12,4dan 8 martagacha, fosfat 86dan 4,6 martagacha, sulfatlar 9,54dan martagacha ortiqligi aniqlangan. Shuningdek, «Suvoqova» DUK tomonidan bizga taqdim etilgan ma'lumotda esa suv tarkibidagi azot ammoniysi 88 mg.gacha (me'yor bo‘yicha 5 mg. gacha bo‘lishi kerak), temir moddasi esa 12 mg (me'yor 0,11 mg) ekani aniqlangan. Boshqa zararli moddalar miqdori ham bulardan kam emas. Aytish kerakki, bu kabi tahlillar juda ko‘p marta o‘tkazilgan, ammo hech qanday amaliy harakat amalga oshirilmagan.

Gap shundaki, Boshdarxon qishlog‘i yonidan o‘tgan Oqdaryo daryosining qarama qarshi sohilidagi Farhod shaharchasida Jahon banki mablag‘lari hisobidan bundan bir yarim yil oldin ishga tushgan zamonaviy suv tozalash inshooti bor. Bu inshootning vazifasi Farhod shaharchasida hosil bo‘ladigan oqova suvlarni biologik yo‘l bilan qayta tozalashdan iborat. Tozalangan suv Oqdaryoga quyiladi. Hamma muammo ana shu inshoot tomonidan daryoga quyilayotgan suvning aslida toza emasligida. Inshoot suvining toza emasligini viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ham tasdiqlagan.

Endi navbatdagi savol: Qanday qilib 3 million AQSh dollari evaziga Yevrostandart asosida qurilgan, eng zamonaviy deb bong urilgan inshoot suvni tozalay olmayapti? Inshootning ochilish marosimida endi uzoq yillar Farhod shaharchasi, Oqdaryo va Jomboy tumanining atrofdagi mahallalarida oqova bilan bog‘liq ekologik muammolar yuzaga kelmasligi qayta-qayta ta'kidlangan edi. Endi esa aynan shu hududlar suv iflosligidan aziyat chekyapti (darvoqe, maqolani tayyorlash jarayonida Jomboy tumanining ham shu hududga yaqin qishloqlari aholisi shu muammo yuzasidan murojaat qilishdi). Jumladan, inshootni foydalanishga topshirishda ishtirok etgan Jahon banki vakili Devid Lord oqova suv bilan bog‘liq muammolarning yuzaga kelmasligiga umid bildirgandi. Xususan, aynan mazkur inshootning o‘ziga 3.118.606 AQSh dollari sarflanganini ma'lum qilgan edi. Xo‘sh, nega bir-ikki yil ichida buncha katta mablag‘ havoga uchib ketdi? Eng asosiysi, aholi nima sababdan ekologik muammodan azob chekmoqda?

Modomiki suvni tozalay olmas ekan, shuncha mablag‘ sarflab qurishning nima keragi bor edi?

«Suvoqova» DUK vakillari holatga izoh berishdi. Tashkilot vakillariga ko‘ra, Farhod shaharchasidagi «Rays prodakshn biznes» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli shirinmiya ildizini qayta ishlovchi zavoddan chiqayotgan oqova suvlar ham mazkur inshootga kelib tushishi ekologik taranglikka sabab bo‘lmoqda. Chunki ushbu zavoddan kelayotgan suvda kimyoviy moddalar, xususan ammiak miqdori me'yordagidan ancha yuqori. Suv tozalash inshooti esa, suvni biologik yo‘l bilan tozalashga moslashgan. Suv inshooti nafaqat yuqoridagi zavoddan kelayotgan suvni tozalay olmaydi, balki, ana shu zavodning ammiakli oqovasi ta'sirida suvni tozalashda ishlatiladigan bakteriyalaridan ham mahrum bo‘lib qoladi. Qoidaga ko‘ra, tarkibida kimyoviy moddalar bo‘lgan oqova suvlar avval zavodning o‘zida qayta ishlanib, filtrlanib, keyin suv inshootiga yuborilishi kerak. Ammo zavodda bunday uskunaning o‘zi yo‘q. Ana shu tarzda birinchidan, ulkan mablag‘ evaziga qurilgan suv inshooti o‘z vazifasini to‘liq bajara olmaydi, ikkinchidan, daryoga iflos suv quyilib, tabiatga, odamlar hayotiga zarar miqdori kundan-kun oshib boraveradi. Suv tozalash inshooti «Rays prodakshn biznes» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga bu bo‘yicha bir necha marta ogohlantirish bergan — natija yo‘q.

Inshootning daryoga quyiladigan qismida bo‘lganimizda daryoga quyilayotgan tozalanmagan suvni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Tez orada atrofdagi mahallalarda istiqomat qiluvchilar yetib kelishdi: barcha daryo suvining iflosligidan norozi. Aholi bitta zavod faoliyatining qator qishloqlarda yashayotgan o‘n minglab odamlar hayoti va sog‘lig‘idan ustun ekaniga ishonmaydi, albatta (biz ham). Shu uchun ham ular qator idoralarga shikoyat qilishgan. Ammo bu shikoyatlar hech qanday natija bermayotgani barchani tashvishga solmoqda.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakili muammoning ijobiy yechim topishidan boshqarma ham manfaatdor ekani, ammo bu zavodga osonlikcha kirib bo‘lmasligini ma'lum qildi. Xo‘p, agar shunday bo‘lsa, boshqarma rahbariyatining imzosi bilan tasdiqlangan bir qator xatlarda muammo suv inshootining me'yordan ortiqcha oqovani qabul qilayotganida deb ko‘rsatilgan. Boshqarma muammoga yechim sifatida suv inshootining me'yordan ortiq qabul qilingan suvlar uchun (kimyoviy moddalarga to‘yingan suv uchun emas) kompensatsiya to‘lovlarini oshirish lozimligini tavsiya qilgan. Zavoddan chiqayotgan «ximikat»li suvga esa to‘xtalmagan.

Viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasi vakillarining ma'lum qilishicha, bugunga qadar ular tomonidan bir necha marta «Rays prodakshn biznes» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga ayni muammo yuzasidan xat yuborilgan, ogohlantirilgan, ammo natija bo‘lmagan. Hatto bir marta zavod oqova suv tarmog‘i uzib ham qo‘yilgan. Ammo shartnomani bir tomonlama uzish huquqi bo‘lmagani sababli qayta ulashga majbur bo‘lgan. Xuddi shunday, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan ham, aholi tomonidan ham «Rays prodakshn biznes» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga murojaatlar qilingan. Biz bu tillarda doston korxonaga ham bordik, lekin kattalar yo‘q ekanini aytishdi.

Mazkur muammo yuqorida aytilganidek, aholini bir yildan ortiq vaqt davomida qiynab kelmoqda. To‘g‘ri, yuqoridagi zavod qizilmiya ildizini qayta ishlab, xorijga eksport qilmoqda. Ammo daromad minglab odamlarning salomatligi evaziga bo‘lishiga hech kim rozi bo‘lmasa kerak...

Anvar MUSTAFOQULOV, O‘tkir JALOLXONOV,
Kun.uz muxbirlari

Top