8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

21:20 / 29.06.2019 13895

Yil bo‘yi bepul issiqlik, meva va toza havo: shvetsiyalik oila uyini qurshab olgan issiqxona qurishiga nima sabab bo‘ldi

Shvetsiyalik juftlik Mari Granmar va Charlz Sakilotto uyi atrofida hattoki sovuq havoda issiqlikni saqlab turuvchi issiqxona barpo etdi. 

Odatda Stokholmda yilning 9 oyi sovuq bo‘ladi, biroq Mari va Charlzning uyidagi harorat qattiq sovuq vaqtida ham plyus 15 darajadan pasaymaydi. Buning evaziga oila Shvetsiyada keskin iqlim sababli o‘smaydigan O‘rtayer dengizi mevalarini yetishtira oladi. 

“Misol uchun, yanvar oxirida ko‘chada -2 daraja bo‘lishi mumkin, bizda esa 20 daraja issiq”, deb aytmoqda Mari Granmar.

Uning aytishicha, Stokholmdagi oddiy oila isitish tizimini sentabr o‘rtalarida yoqadi va may o‘rtalarigacha o‘chirmaydi. Biroq juftlik issiqxona tufayli 9 oydan 3 oyida sun'iy isitishdan foydalanmaydi hamda issiqlikni ta'minlash uchun energiya iste'molini kamaytiradi. Qolgan issiqlik esa quyosh yoki o‘tin yordamida ta'minlanadi.

Issiqxona qalinligi 4 mmlik toblangan oynadan qurilgan. Juftlik dastlab uyni sotib olgan va keyin uning atrofida issiqxona qurishga qaror qilgan. Bu ularga taxminan 10 ming yevroga tushgan.

Yozda issiqxona havo juda isib ketsa, avtomatik ravishda ochiladi. Issiqxona uyni to‘liq qurshab olgani sababli, uyga tomning boshqa keragi qolmagan va oila uning o‘rniga ayvon barpo etgan. Juftlik u yerda farzandi bilan o‘ynaydi, quyoshda toblanadi va turli o‘simliklar o‘stiradi.

Granmarning ta'kidlashicha, u “qishki kayfiyat”ni uncha yoqtirmaydi. Shu sababli qor yoki yomg‘ir bo‘ladimi, u tomdagi ayvonida o‘tirib, yulduzlarni tomosha qilish va quyosh nurlaridan bahramand bo‘lishni istaydi. 

“Yoz issig‘i ham muammo emas, biz oynalarni ochib, issiqdan bahramand bo‘lamiz”, deb aytgan Mari.

Bunday issiqxonalar uydan deyarli ikki marta katta bo‘ladi, shu sababli juftlikda bog‘ yaratish uchun ham ancha joy qolgan. U yerda oila anjir, uzum, pomidor, bodring va ko‘kat yetishtiradi.

Ayolning ta'kidlashicha, Stokholmda biror narsa yetishtirish oson emas. Buning uchun ko‘p energiya kerak bo‘ladi.

Shu sababli juftlik isitish va oziq-ovqat mahsulotlarida tejashidan tashqari, yomg‘ir suvini to‘plab, undan foydalanadi va hojatxonadan chiqqan chiqindilarni o‘g‘it sifatida qo‘llaydi. Kelgusida oila yozda quyosh energiyasini to‘plab, uni bahorgacha saqlovchi tizim ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Juftlik Shvetsiyada issiqxona ichida uy barpo etgan birinchi kishilar emas. Ular mahalliy arxitektor, 1974 yilda Stokholmda “Naturhus” deb nomlangan uyni qurgan Bengt Uorndan ilhomlanishgan. Ushbu uy energiya uchun 50 foizgacha mablag‘ni tejashga imkon bergan. Shundan keyin bunday bir nechta loyiha Shvetsiya va Germaniyada amalga oshirilgan.

Top