17:30 / 30.06.2019
6295
Prezident maktablariga saralash imtihonlari boshlandi

29 iyun — 2 iyul kunlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkent shaharlarida Prezident maktablariga kirish imtihonlarining saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablariga hujjatlarning qabul jarayoni 2019 yilning 1 iyunidan 22 iyun kuniga qadar bo‘lib o‘tdi. Shu vaqt ichida 28 446 nafar nomzod hujjat topshirgan bo‘lsa, ulardan 27 446 nafari kirish imtihonlarining saralash bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p — 7724 ta hujjat Namangan viloyatidagi Prezident maktabiga kelib tushgan. Qoraqalpog‘istonda 7456 ta, Xorazmda 6503 ta, Toshkent shahrida 5763 ta hujjat qabul qilingan.

Eng ko‘p — 8727 ta ariza 5-sinf uchun qabul qilingan. Eng past ko‘rsatkich 10-sinflar orasida — 2350 ta.

Imtihonlarni davlat (o‘zbek) tilida topshiruvchi o‘quvchilar soni 22 051, qoraqalpoq tilida 4847 nafarni, ingliz tilida topshiruvchilar soni 621 nafarni tashkil etdi.

29 iyun — 2 iyul kunlari nomzodlar matematika fanidan imtihonda ishtirok etadi. Imtihon savollari Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi imtihon kengashi tomonidan tayyorlangan.

Imtihon davomida nomzodlarga turli murakkablikdagi 30 ta masalani yechish uchun 90 daqiqa ajratiladi.

Buyuk Britaniyalik mutaxassislar imtihonning barcha jarayonlarini nazorat qiladi. Imtihondan so‘ng javoblar tekshirish uchun Angliyaga yuboriladi. Imtihon natijalari 16 iyul kuni e'lon qilinishi kutilmoqda.

Imtihon jarayonlarining ochiqligini ta'minlash maqsadida imtihon o‘tadigan joylarda nomzodlarning ota-onalari va yaqinlari uchun kuzatuv monitorlarida onlayn translatsiya tashkil etiladi.

Saralash imtihonlari natijalariga ko‘ra asosiy imtihonlarda ishtirok etadigan nomzodlar aniqlanadi. Asosiy imtihonlar mantiqiy fikrlash, mantiq elementlari bo‘lgan matematika va ingliz tili fani bo‘yicha tashkil etiladi.

Asosiy imtihonlar iyul oyining yakunida bo‘lib o‘tilishi kutilmoqda.

2019 yilda to‘rtta Prezident maktablarining har birlari 144 nafar o‘quvchini qabul qiladi. Har bir sinfda 24 nafar o‘quvchi tahsil oladi.

Prezident maktablari yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 20 fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida"gi Qaroriga asosan tashkil etilib, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni o‘qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Prezident maktablarini dastlab cheklangan miqdorda tashkil etilishi mazkur muassasalarni boshqarishning butunlay yangi modelini sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liqdir. Ushbu sinov muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, kerakli xulosalarni olib 2020−2021 yillarda Prezident maktablari respublikaning boshqa barcha viloyatlarida tashkil etiladi.

Shu bilan birga, maktablarni boshqarishda Kembrij dasturining ijobiy tajribasi va uni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganadigan mahalliy ekspertlar guruhi tuziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Prezident maktablari O‘zbekistonda ta'lim sifatini oshiruvchi lokomotiv shakllantiriladi.

Top