8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

13:30 / 30.06.2019 9639

Yosh shoira Zilola Shomurodovaga Prezident sovg‘alari topshirildi 

30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Nurafshon shahri Yoshlar markazida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda yosh shoira Zilola Shomurodovaga Prezident sovg‘alari topshirildi. 

Zilola Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 35-maktabning 5-sinfida o‘qiydi. 2017 yilda uning “Onajonimga sovg‘a” nomli birinchi kitobi chop etilgan. Shoira qiz “Kamalak yulduzlari” tanlovining tuman va viloyat bosqichlari g‘olibi bo‘lgan. “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan.

Zilola yaqinda yurtimiz haqida she'r va samimiy tilaklari bildirilgan xat yozib, Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga yo‘lladi. Ko‘p o‘tmay, davlatimiz rahbaridan Zilola Shomurodovaga javob xati keldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov mazkur xatni o‘qib eshittirdi. Prezidentning yosh shoiraga yo‘llagan maktubida shunday jumlalar bor:

“Murg‘ak yuragingda shu yurtga daxldorlik, chinakam vatanparvarlik, cheksiz sadoqat va muhabbat tuyg‘ulari jo‘sh urib turganini his qilib, juda mamnun bo‘ldim.

Ona Vatanimizning ishonchini oqlash, xalq xizmatiga hamisha shay turishni oliy maqsad bilib voyaga yetayotgan, shu yo‘lda tinimsiz izlanib, o‘qib-o‘rganib, har jabhada tengdoshlariga o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan bolalarimiz xalqimizning faxri-iftixoridir.

Sen kabi ming-minglab farzandlarimning baxtini men o‘zimning baxtim, deb bilaman”.

Bu mamlakatimizda har bir inson, har bir murojaat e'tiborda ekanining yana bir isboti bo‘ldi. Prezidentimiz maktubi shoira qizga, oilasiga katta xursandchilik bag‘ishladi. 

Zilolaning otasi Muzaffar Rahimov ustachilik bilan shug‘ullanadi, onasi Lobar Qo‘chqorova uy bekasi. 

– Uch nafar farzandim bor. Qizim Zilolaning kitobini prezidentimizga yuborganimizda biz oddiy maktab o‘quvchisining murojaatiga davlat rahbari tomonidan bunday katta e'tibor qaratilishini kutmagan edik. Muhtaram Prezidentimizning xati hammamizning ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi, boshimiz osmonga yetdi. Bu oilamiz uchun eng qadrli xat bo‘lib qoladi. Davlatimiz rahbarining xati, qimmatbaho sovg‘asi qizimni ham, boshqa bolalarni ham kelgusida astoydil o‘qishga ruhlantiradi, – dedi Zilolaning onasi. 

Zilola kabi bolalarning ijodga, adabiyotga qiziqishi davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus, kitobxonlik uchun yaratilayotgan sharoitlar natijasidir. Bunday imkoniyatlar samarasida boshqa sohalarda ham yoshlarning iste'dod va qobiliyatlari yuzaga chiqaveradi.

Top