8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

19:20 / 01.07.2019 4315

Geologiya sohasini xalqaro talablar asosida rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyul kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, geologik qidiruv va qazib olishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizda sanoatlashtirish mumkin bo‘lgan 73 turdagi foydali qazilma zaxirasiga ega 2 mingdan ziyod kon bor. Shundan 437tasi o‘zlashtirilmagan. Yangi istiqbolli konlarni o‘rganish yetarli darajada emas. Qidiruv ishlariga jalb qilinayotgan texnikalarning 70 foizi eskirgan.

Sohaga investitsiyalar jalb qilib, qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish ishlari ham sustligi qayd etildi. Bugungi kunda 111ta istiqbolli konning atigi 14tasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida 39 million dollarlik 6ta loyiha amalga oshirilmoqda, xolos.

Yig‘ilishda geologorazvedka va qazib olish ishlari uchun belgilangan soliq stavkalarini optimallashtirish, budjet mablag‘lari samaradorligini oshirish, tarmoqqa xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish tizimini isloh qilish, xorijiy ekspertlarni jalb etib, eng ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy qilish zarurligi ta'kidlandi. 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan mutlaqo yangi formatdagi qidiruv ishlari dasturini shakllantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini yangilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mineral xomashyo bazasini xalqaro standartlar asosida baholash, jumladan, konlar zaxiralarini JORC kodeksi talablari asosida hisoblash va ma'lumotlar ochiqligini ta'minlash muhimligi qayd etildi. 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasiga yangi investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish hamda ularni o‘z veb-saytlariga joylashtirish, xorijda biznes tadbirlar va roud-shoular tashkillashtirish orqali salohiyatli investorlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Volfram, grafit kabi talab yuqori xomashyolar bo‘yicha investitsiya jalb qilib, kamida 20ta loyihani amalga oshirish yuzasidan topshiriq berildi.

Sohadagi bugungi holat va yig‘ilishda qo‘yilgan vazifalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Top