12:35 / 01.07.2019
53819

Huquqshunos haydovchilarga videokamerasiz YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqini eslatdi

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudayberdiyev telegramdagi kanalida haydovchilarga bugundan videokamerasiz YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqi haqida eslatdi.

«Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandi 4-xatboshisiga binoan, haydovchilar mobil videokamerasiz xizmatni olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega.

Ushbu tartibni 2020 yil 1 yanvargacha uzaytirish loyihasi mavjud, ammo hali u shunchaki loyiha xolos, rasmiy hujjat emas. Agar mabodo YPX xodimi sizga «bu tartib 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi, hujjatlarni ko‘rsatishga majbursiz» desa, Vazirlar Mahkamasining 975-sonli qaroriga hech qanday o‘zgarish kiritilmaganligini, shu sababli YPX xodimining talabi noqonuniy ekanligini tushuntiring. Kuchda turgan qarorga bo‘ysunishga hamma majbur», deydi huquqshunos.

Bundan avvalroq Ichki ishlar vazirligi bodi kameralar bilan bog‘liq holat bo‘yicha izoh bergandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil dekabridagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 4075-sonli qaroriga ko‘ra bodi-kameralarni sotib olish Mudofaa sanoati qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan.

Qarorning 16-bandida shunday deyiladi: «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi 2019 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyurtma va talablari asosida ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari xodimlari, keyingi navbatda patrul-post xizmati uchun mobil videokameralar hamda ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish elektron tizimi planshetlari xarid qilinishini ta'minlasin».

Top