18:30 / 01.07.2019
25023

Jizzaxda shifokor hayotiga suiqasd qilgan shaxs qo‘lga olindi

Jizzax viloyatida ukasi jarrohlik amaliyotidan omon chiqmagan aka shifokorga hujum qildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

«2019 yil 29 iyun kuni soat 10:30larda fuqaro J.Q. (1995 yilda tug‘ilgan) Jizzax viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xirurgiya bo‘limiga kelib, bo‘lim mudiri T.H. (1968 y.t.) 2019 yilning 26 iyunida «exinokok» tashxisi bilan operatsiya qilishi natijasida ukasi (2005 y.t) vafot etgani sababli, qasddan o‘ldirish maqsadida o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan T.H.ning ko‘kragiga va qorin qismiga bir necha marta pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazgan vaqtida bo‘lim shifokori B.G‘. ularni ajratib qolishi natijasida J.Q. jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmasdan  voqea joyidan qochib ketgan.

Shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam natijasida T.H.ning hayoti saqlanib qolingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida J.Q. Zafarobod tumani, «Uzun» qishlog‘ida ushlanib, oshxona pichog‘i ashyoviy dalil sifatida olingan», deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan o‘sha kunning o‘zida Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

J.Q tegishli protsessual tartibda ushlangan.

Mavzuga oid
Top