15:14 / 01.07.2019
11488

Qarshiliklar qiynalmoqda: Ko‘p qavatli uylardan birida kanalizatsiya ayanchli holatga kelib qolgan

Har bir inson yangi xonadonga ko‘chib kirganida yaxshi niyatlar bilan bu ishni amalga oshiradi. Yangi uy, yangi rejalar, yangi hissiyotlar... ammo oradan ko‘p o‘tmay bularning bari sarobga aylansa nima bo‘ladi? Buni ikki og‘iz so‘z bilan tushuntirib berish qiyin. Ya'ni, olingan uy ko‘p o‘tmasdan nurashni boshlasa va odam bolasi yashamaydigan bir holatga kelsa. Bu ham kamdek, mas'ul tashkilotlar bu holatga e'tibor bermasa. Kun.uz tahririyatiga yuborilgan navbatdagi murojaat egasi xuddi ana shunday sharoitda oilasi bilan kun kechirmoqda.

Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, «Buyuk Turon» mahallasining Kech ko‘chasida joylashgan uylardan birida istiqomat qiluvchi Bobur Yoqubov 2018 yilning iyunida yaxshi niyatlar bilan uy sotib oladi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay uyning kamchiliklari fosh bo‘la boshlaydi. Barcha gap eskirib ketgan va buning ortidan ayanchli holatga kelib qolgan kanalizatsiya quvurlari hamda katta ishonch bildirilgan shirkatda edi.

«Ko‘chib kelganimga bir yil bo‘ldi. Kommunal to‘lovlarini oyma-oy, o‘z vaqtida to‘lab kelaman. Ammo shirkat shunga yarasha mavjud muammolarni hal etmayapti. Uyning pod'yezdlari achinarli holatga kelib qolgan. Kanalizatsiya quvurlari chirib ketgan, avariyaviy holatda. Har hafta suv tiqilib, chiqindi aralash sassiq suv uyga chiqib keladi. Men turadigan uyning yerto‘lasi chiqindiga to‘la. Bulardan bir so‘m qarzdor bo‘lmasam, muammoni borib aytsam, e'tiboram qaratishmaydi», deydi murojaatchi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Bobur Yoqubov har oy shirkatga 30-40 ming so‘m pul to‘laydi. Suratlarda ko‘rinib turganidek, uyning yerto‘lasi chiqindiga to‘la va ular ancha oldin tashlangani bilinib turibdi.

Shu tobda Bobur Yoqubov va shirkat o‘rtasida yaqinda bo‘lib o‘tgan bir voqeani keltirib o‘tsak. Murojaatchi muammoni internetda ko‘tarib chiqmoqchiligini shirkatdagilarga aytadi. Albatta, ular murojaatchidan norozi bo‘lishadi va o‘z e'tirozlarini bildirishadi. Tabiiyki, quruq gaplardan iborat e'tirozlarga Bobur Yoqubov ham o‘z muammolarini real faktlar orqali keltirib, javob qaytaradi. Tomonlar «murosa»ga kelinadi. Ya'ni shirkat 3 metr quvur olib kelib tortib beradi, fuqaro esa usta haqini to‘lab beradi. Bu hali hammasi emas, Bobur Yoqubov o‘z uyiga o‘tadigan quvurlarni o‘zi sotib olish kerak. Shunday qilib Bobur Yoqubov shirkatdan kelgan ustaga ish haqi sifatida 170 ming so‘m to‘laydi, zarur quvurlarni 250 ming so‘mga xarid qiladi. Jami 420 ming so‘mga «a'zo» bo‘ladi.

Murojaatchining ta'kidlashicha, ishlar chala qilingan. Quvurlar uy pod'yezdi orqali tortib ketilgan. Bu qanchalik xavfsizlik shartlariga to‘g‘ri keladi, bu bizga ham, murojaatchiga ham qorong‘i.

Muammo quvurlar bilan bitib ketsa mayli edi, yerto‘la, chirigan quvur, uyning pod'yezdi – bularga kim qaraydi? U yerda istiqomat qiluvchi boshqa fuqarolarning shu kabi muammolari yo‘qmi? Yoki fuqarolarning o‘zi o‘z yonlaridan ta'mirlashlari kerakmi? Unda shirkatga nima uchun pul to‘lanyapti? Bitta uyda 60ta xo‘jalik yashaydi. Bunday uylar esa mahallada 15ta.

«Kanalizatsiya suvi yerto‘laga oqib yotadi. Keyin u yerda pashsha yig‘iladi. Dezinfeksiya uchun yana yig‘-yig‘ boshlanib ketadi. Uyimizga chiqadigan hidga yozda umuman o‘tirib bo‘lmaydi. Qo‘shnilarimizning ham hafsalasi pir bo‘lgan – «Aytgan bilan foydasi yo‘q», deyishadi. Qurbi yetganlar o‘zi qilyapti, qurbi yetmaganlar sabr bilan yashab yurishibdi», deydi ismi sir qolishini istagan mahalliy aholi vakillaridan biri.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘ldiki, ushbu uylarga «Maqsud obod» shirkati xizmat ko‘rsatadi. Ammo shirkat muammolarni hal etish o‘rniga, murojaat qilganlarga «biz firma emas, hokimiyatga qaraymiz», degan javoblar bilan cheklanishgan. Biz shu kuni ham, undan keyin ham, maqola tayyorlanayotgan paytda ham mazkur shirkatdagilar bilan bog‘lana olmadik. Fuqarolarning aytishicha, «u yerda o‘zi hech kim ishlamaydi, faqat Zayni ismli yigit har zamon paydo bo‘lib qoladi, shunda ham to‘lovlarni yig‘ish uchun». «Zayni» bilan bog‘lanishga bo‘lgan urinishlar besamar ketdi.

Ana shunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida 2017 yil 18 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori hamda «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni imzolangandi. Ushbu qonun hujjatlariga asoslanib, viloyatlarda, jumladan, Qashqadaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu ishlar hamon davom etmoqda, ammo viloyatning bosh shahrida shunday ko‘ngilsiz holatni ham uchratdik. Bu kabi muammolar joylarda hamon uchramoqda. Yuqoridagi holat bo‘yicha agar shirkat hokimlik homiyligi ostida ekan, barcha mas'uliyatni Qarshi shahri hokimligi o‘z zimmasiga olishi zarur. Chunki yozning issiq kunida, ko‘p qavatli uyda qoniqarsiz sharoitda yashab bo‘lmaydi. Barchasi inson uchun, degan muqaddas tamoyil bor. Shunga amal qilgan holda, mavjud qonunlarni hurmat qilib ish tutilsa, o‘ylaymizki, barcha muammolar ijobiy yechim topadi.

Yuqoridagi holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyati mutasaddilaridan rasmiy izoh kutib qolamiz.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top