8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

21:24 / 02.07.2019 3859

Fake news: soxta xabarlardan qanday saqlanish mumkin?

Axborot platformalarida «feyk» atamasi ancha faol aylanmoqda. Qandaydir xabarning shov-shuv bo‘lib, keng rezonansga sabab bo‘lishi, biroz muddatdan so‘ng esa uning «feyk» bo‘lib chiqqani haqidagi xabarlar ham tez-tez uchrab turibdi. Shu bois feyk tushunchasini yaxshiroq tanib olish va undan himoyalanish muhim.

Adliya vazirligi «Mediasavodxonlik va fake news: huquq va mas'uliyat chegarasi» mavzusida media vakillari uchun seminar tashkil etib, ommaviy axborot vositalarida feyk masalasi xususida ma'lumotlarni taqdim etdi.

Feyk ─ (inglizcha) soxta, qalbaki degan ma'nolarni anglatadi. Haqiqatga juda o‘xshab ketadigan yolg‘on xabarlar, maxsus dasturlar orqali o‘zgartirilgan fotosuratlar, montaj qilingan videoroliklar, ijtimoiy tarmoqlarda boshqa shaxslar (odatda mashhur insonlar) nomidan ochilgan yolg‘on akkauntlar feyklarga misol bo‘la oladi.

Statistikaga ko‘ra, 2018 yilda e'lon qilingan feyk materiallar soni 32 foizga ortgan. Bu kishilarning rasmiy axborot manbalariga bo‘lgan ishonchi 32 foizga tushib ketganini anglatadi.

Feyk xabarlarning sariq matbuot va siyosiy propaganda bilan umumiy jihatlari ko‘p. Lekin feykni badiiy to‘qimalar va mish-mishlardan farqlay olish lozim. Sariq matbuotdagi mish-mishlar asosan ommaning vaqtini chog‘ qilish, u yoki bu shaxsga e'tibor tortish uchun tarqatiladi va uning ijtimoiy zarari uncha katta bo‘lmaydi. Feyklar esa jiddiy ijtimoiy-siyosiy maqsadlarni yoki moliyaviy manfaatni ko‘zlab tarqatiladigan yolg‘on xabarlardir.

Feyklarni tarqatishdan maqsad nima?

Soxta, yolg‘on ma'lumotlarni tarqatuvchilar turli manfaatlarni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.

Moddiy manfaat. Soxta axborot mualliflari ko‘pincha jalb qiluvchi, «qichqiruvchi» sarlavhalardan yoki to‘liq to‘qimalardan foydalanib, o‘quvchilar auditoriyasini oshirishga, o‘zlariga havolalarni ko‘paytirishga harakat qilishadi. Bunda klikbeyting prinsipi orqali foyda maqsad qilinadi.

Siyosiy manfaat. Auditoriyasi katta bo‘lgan platformalarda soxta kontent yaratish, tahlikani chaqiruvchi ma'lumotlarni joylash orqali auditoriyani boshqarishga, tartibsizlik, vahima kayfiyatini keltirib chiqarishga urinish ham mumkin.

Fishing. Elektron pochtaga qiziqarli sarlavhali spam xabarlarni jo‘natish holatlari ham uchraydi. Bunda elektron pochta egasi kelgan «qiziqarli» xabarni ochishi bilanoq kompyuter yoki mobil qurilma virus bilan zararlanadi. Virus tarqatuvchilar esa shaxsiy ma'lumotlarni qo‘lga kiritib, katta foyda ko‘rishadi.

Feyklar qanday paydo bo‘ladi?

«Dunyoni urush domiga tortadigan narsa nima? Axborot. Avvaliga diplomatlar va siyosatchilar jurnalistlarga yolg‘on ma'lumot beradilar. Keyin shu ma'lumotlarni gazetalarda o‘qib, o‘zlari ham ularga ishonadilar», ─ degan edi avstriyalik olim Karl Kraus.

Haqiqatni yashirish maqsadida yoki atayin shov-shuv qo‘zg‘atish maqsadida kimdir yolg‘on gapiradi yoki haqiqatni buzib ko‘rsatadi. Darhol bu axborotga nisbatan sharhlar, munosabatlar paydo bo‘ladi. Axborotning to‘g‘riligi, haqiqatga muvofiqligini tekshirish haqida hech kim bosh qotirmaydi. Jurnalistlar axborotni imkon qadar birinchi bo‘lib ommalashtirishga, odamlar esa bu axborot haqida birinchilardan bo‘lib fikr bildirishga qiziqib ketishadi, axborotning haqiqiyligi masalasi bir chetda qoladi. Bu orada axborotni tarqatgan manbalar tartibsizlik kayfiyatini keltirib chiqarishga yoxud omma e'tiborini «aytilishi kerak bo‘lmagan» , sir tutiladigan axborotdan chalg‘itishga erishgan bo‘ladi.

Global social media research summary ─ 2018 tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2018 yilda internetdan foydalanuvchilar soni 4,041 mlrd.ga, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni 3,196 mlrd.ga yetgan. O‘zbekistonda esa internetdan foydalanuvchilar 20 millionga, ijtimoiy tarmoqlardan bir kunda faol foydalanuvchilar 1,6 mln.ga yetgan. Bu raqamlar internet allaqachon ommaning diqqatini bir nuqtaga qarata olgan platformaga aylanganini, kontentning ishonarli yoki yo‘qligi muhim ahamiyat kasb etib borayotganini ko‘rsatadi.

Feyk xabarlar kishilar hayotiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Soxta va yolg‘on xabarlar tarqatish «sindromi»  asosan muhim siyosiy voqealar arafasida, ayni kunlarda yirik rezonansga sabab bo‘layotgan mavzular atrofida «xuruj qiladi». Feykning inson ongiga ta'sirini quyidagi raqamlar misolida ko‘rish mumkin: 2016 yil dekabrda AQSh prezidenti saylovlaridan so‘ng 64 foiz so‘ralganlar yolg‘on xabarlar tufayli voqelik haqidagi fikrlari chalkashib ketgani qayd etgan, 24 foiz so‘ralganlar saylovdagi tanlovlari to‘g‘ri bo‘lganiga amin emasligi qayd etilgan, 23 foiz respondentlar esa ongli yoki ongsiz ravishda yolg‘on xabarlarni tarqatishda ishtirok etganlarini qayd etishgan.

Feyklarning eng yomon illati o‘z-o‘zini ko‘paytira olish qobiliyatidir. Ya'ni bunday xabarlar birdan bolalaydi, yolg‘on tafsilotlar bilan boyib boradi, odamlar tobora ko‘proq chalg‘iydi. Feykdan maqsad adashtirish, chalg‘itish, omma fikrini boshqarishdir.

Feyk axborotlarning urchib ketishi muayyan shaxslarning obro‘si to‘kilishiga, jamiyatda vahima kayfiyati paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, feyklar ommaviy axborot vositalarining obro‘yiga ham ziyon yetkazadi, ularga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Shu bois feyklarni tarqatishdan OAV ham, har bir odamning o‘zi ham himoyalanishi kerak.

Feykni aniqlash yoxud faktcheking

Faktcheking faktlarni tekshirish demak. Bunda mavjud faktlar va voqelik o‘rtasidagi nomutanosibliklar aniqlanadi, shu orqali faktlarning yolg‘on yoki rostligi aniqlanadi.

Manbani yaxshilab o‘rganing. Xabardan bosh sahifaga o‘tib, saytning maqsadi, vazifalari va kontentini o‘rganib chiqing.

Xabarni oxirigacha o‘qing. Ba'zida e'tibor tortish uchun sarlavhalarda voqelik bo‘rttirib yoki buzib ko‘rsatilishi mumkin.

Muallifni tekshiring. Muallif haqida ma'lumot izlab ko‘ring, haqiqatda bor odammi, ishonchli materiallar yozadimi?

Havolalarni tekshiring. Biron xabarni boshqa havolalar orqali ham qidirib ko‘ring, bir necha manbadan olingan ma'lumotlarni solishtiring.

Sanalarga e'tiborli bo‘ling. Yangilik, xabarning sanasi yangimi? Balki eski xabarni taqdim etishayotgandir?

Balki bu hazildir? Xabar juda g‘alati, reallikdan uzoq bo‘lsa, bu hazil sifatida ommalashtirilgan bo‘lishi ham mumkin.

Xolis bo‘ling. Ma'lumotning chin yoki yolg‘onligini sizga yoqqan-yoqmaganligi, manfaatingiz yuzasidan hal qilmang.

Mutaxassislardan so‘rang. Shunchaki mazkur axborotga daxldor bo‘lgan shaxslardan surishtirib ko‘rish ham mumkin.

Feykni aniqlashga yordam beruvchi resurslar

Feyk fotoni aniqlash. Fotofeyklar ham ko‘p uchraydi, ham ularni aniqlash oson. Suratning asl manbasini aniqlash uchun surat ustiga sichqonchani olib kelib, «suratni Google’dan topish»  buyrug‘ini tanlash kerak.

Tineye servisiga fotoni yuklash orqali suratning aslini topish, uning turli hajmdagi variantlari, qachon tarmoqqa yuklangani, kompyuterda ishlov berilgani haqida ham ma'lumot olish mumkin.

Feyk videoni aniqlash. Video YouTube ga joylangan bo‘lsa, YouTube DataViewer servisidan o‘tkazing. U videoning tarmoqqa qachon yuklanganini ko‘rsatadi va bir nechta skrinshotlarni chiqarib beradi. Skrinshotlar orqali qidiruv berib, shunga o‘xshash videolarni qidirib ko‘rish mumkin bo‘ladi. InVID servisi orqali esa turli platformalardan yuklangan videolar haqida to‘liq ma'lumot olish mumkin. U video internetga yuklangan paytdan boshlab “bosib o‘tgan yo‘l”ini ko‘rsatadi. Videoni ko‘rishda mashina raqamlari, mayda yozuvlar, odamlarinng ust-boshi, binolar holatiga diqqat qaratish orqali ham videoga ishlov bergan-berilmaganini aniqlash mumkin.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi

Top